Qiz bola o'qishi shartmi?
Singlim bilan bir masalada tortishib qoldik: u biroz jamg'argan puli borligini va uni savdoga tikmoqchiligini aytdi. Men esa «o'sha pulingni farzandlaringning o'qishiga sarfla. Bu kelajakka sarmoyang bo'ladi», dedim.
– Qiz bolaning o'qigani kimga kerak? Ertaga turmushga chiqib ketsa, eri boqib oladi. Undan ko'ra, shu pulga biron ish boshlasam, ro'zg'orim but bo'ladi.
– Lekin sen qizingni birovni ro'zg'origa faqat boqimandalikka bermasdan, o'zi ham ishlab pul topadigan, oilasiga, jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib uzatsang bo'lmaydimi?
– Ko'rib yuribman o'qigan qizlarning holini: eri, qaynonasi biron joyda ishlatmadi, ro'zg'orga, bolalariga ko'milib yuribdi.
– Qizingni o'qitsang, kam bo'lmaydi. Dunyoqarashi keng, o'ziga ishonchi yuqori bo'ladi. Turmushga chiqsa ham har ikki kunda senga ro'zg'oridagi muammoni aytib kelavermaydi, o'zi hal qiladi...
Xullas, singlim baribir bugun pul topish muhimligini, men esa farzandni o'qitish lozimligini bir-birimizga tushuntirishga urindik. To'g'ri, singlim oliygohlarda o'qimadi, 19 yoshida turmushga chiqib ketdi. Farzandlarini voyaga yetkazguncha, oilasining kamini to'ldirguncha ko'p qiynaldi. Lekin mana shu qiyinchiliklar uning dunyoqarashlarini o'zgartirgandir, xulosa chiqargandir, deb o'ylardim. Afsus, yanglishibman...
Tan olish kerak, bugun jamiyatimizda gender tenglikka, xotin-qizlarning o'qishiga juda katta e'tibor qaratilyapti. Hozir respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 327 ming nafardan oshib, shundan xotin-qizlar 677 mingni (51 foizni) tashkil etmoqda. Magistratura bosqichida o'qishini davom ettirayotgan talabalar 23 ming 536 nafar bo'lib, shundan talaba-qizlar soni 14 ming 170 nafar bo'lib, 60,2 foizni tashkil etadi. Bu ko'rsatkich magistratura bosqichiga o'qishga qabul qilingan talaba-qizlarga kontrakt to'lovlarining davlat tomonidan to'lab berish amaliyoti yo'lga qo'yilishi sababli yil sayin yaxshilanib bormoqda.
Mazkur raqamlar kelgusida yana qanchadan qancha ziyoli, bir sohaning egasi bo'ladigan yigit-qizlarga ona bo'ladigan ayollarning yutuqlari, imkoniyatlaridir. Axir o'zi o'qigan va jamiyatda o'rnini topgan har bir ayol farzandlarini-da yetuk bo'lishi uchun bor imkoniyatini ishga solishi hayotiy haqiqat-ku.
Yana bir masala borki, ikki yoshni turmush qurdirishdan maqsad mana shu o'qigan qizlarni kelin qilib, oilaning ta'minotchisiga aylantirib qo'yish bo'lmasligi kerak. Ko'p oilalarni bilaman, ayolining maoshini tiyinigacha sanab oladi. Ba'zi qaynonalarni bilaman, maktabni amallab bitirgan o'g'liga oliy ma'lumotli o'qituvchi kelin qilib, uning maoshi bilan ro'zg'or tebratadi. Kelin ikkinchi marotaba homilador bo'lsa, «hali yoshsan, yana farzand ko'rishing shart emasdi. Sen bola boqib uyda o'tirsang, ro'zg'or nima bo'ladi?», deya tanbeh berishadi. Bolasi ikki-uch oylik bo'lgan kelin uydagi moddiy yetishmovchilikdan siqilib, ishga chiqib ketadi, bolasiga esa yo onasi, yoki qaynonasi qaraydi.
Qizning o'qigani yaxshi, ammo bu tariqa oila ta'minotchisiga aylanishi juda ayanchli, shunday emasmi? Butun fikru xayoli ro'zg'orining kamini butlashni o'ylaydigan ona qachon farzandining tarbiyasiga vaqt ajratadi? Vaqt ajratganida ham asabiylik bilan uni koyishdan nariga o'tmaydi. Keyin esa biz onalarni farzandining ruhiyatiga salbiy ta'sir o'tkazyapti, deb ijtimoiy tarmoqlarga chiqaramiz, muhokama qilamiz va alal-oqibat uni ona bo'lishga noloyiq insonga chiqaramiz.
Bolalar Ombudsmani bu ishlar bilan shug'ullanganida o'sha onalar ruhiyatini majruh qilayotgan mana shunday ta'minotchilik yukining zalvoriga, oilada unga bo'layotgan ruhiy bosimlarga e'tibor qaratisharmikin?
Nazarimda, biz asosan ayolning ruhiyati nosog'lomligini isbotlash bilangina chegaralanib qolamiz. Qizlarimizni o'qitib, kimgadir uzatishdan oldin unga uylanayotgan yigit ham unga munosibmi, qalqon bo'la oladimi yoki ta'magirlik bilan kun kechiradimi, mana shuni aniqlashtirib olishimiz lozim. Qizlarimizni kelgusi avlodlar uchun, farzandlarining tarbiyasi, bilimi bilan shug'ullanib, ularni Vatanga kerakli insonlar qilib voyaga yetkazishi uchun o'qitishimiz kerak aslida. O'g'illarimizni esa oila deb atalmish qo'rg'onga haqiqiy tirgak bo'ladigan, ayoli, farzandlari, yaqinlari ta'minotini zimmasiga oladigan va har qanday qiyinchilikda faqat o'z kuchiga, mehnatiga, bilimiga ishonadigan bo'lishlari uchun o'qitishimiz, hunar o'rgatishimiz shart, deb o'ylayman. Ana shundagina oilalarimiz mustahkam, farzandlar baxtli bo'ladi.
Husniya PARDAEVA,
Jurnalist
Manba: “Ishonch” gazetasining 2025 yildagi 103-coni.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0