TAShKILOT QAYTA TAShKIL ETILGANDA XODIMLAR IShDAN BO'ShATILADIMI?
Islohotlar, mavjud resruslarni modernizatsiya qilish natijasida bir qator tashkilotlarda maqom o'zgarishi yoxud tashkilot qaytadan tashkil etilishi holatlari mavjud. Bunday sharoitda o'sha korxonada ishlovchi xodimlarni ishdan bo'shatish, mehnat shartnomasini bekor qilish mumkinmi?
Ushbu savolga O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi mehnat huquq inspektori Ulug'bek G'aniev javob beradi. Mehnat kodeksining 156-moddasiga ko'ra tashkilotning mulkdori almashganda, xuddi shuningdek tashkilot qayta tashkil etilganda (qo'shib yuborilganda, qo'shib olinganda, bo'linganda, ajralib chiqqanda, o'zgartirilganda) mehnatga oid munosabatlar xodimning roziligi bilan davom ettiriladi. Ayni sabab bilan xodim ishdan bo'shatilishi mumkin emas.
Aytaylik tashkilot qayta tashkil etilishi natijasida shtat soni qisqartirilgan bo'lsa, unda faqat qisqartirilgan shtatdagi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 2-bandiga asosan bekor qilinishi mumkin.
Juda ko'p holatlarda qayta tashkil etilgan tashkilot-muassasalarda barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalar bekor qilinib, qaytadan ishga qabul qilish, mehnat shartnomalarini yangidan tuzish holatlari uchrayapti. Bu ham xato. Ushbu holatda xodimlarning mehnat munosabatlari davom ettiriladi degan talab buzilishiga yo'l qo'yilgan bo'ladi.
Faqatgina xodim ixtiyoriy tarzda qayta tashkil etilgan tashkilotda ishlashni xohlamasa, unda mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0