Qashqadaryoga Mo'g'ulistondan “Bayat” naslli qo'ylar olib kelindi
Viloyatning Kitob tumanidagi “Sharipov Hamroqul” fermer xo'jaligi tomonidan Mo'g'uliston bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida 6000 bosh naslli qo'y olib kelish rejalashtirilgan edi.
Birinchi 1,2 ming bosh “Bayat” zotli qo'ylar samolyot orqali yurtimizga yetkazib berildi.Ushbu tashabbus O'zbekistonda chorvachilik sohasida xalqaro miqyosdagi yangi bosqichni boshlab beradi. Naslli qo'ylarning olib kelinishi tuman chorvachiligi samaradorligini oshirish, go'sht va sut mahsulotlari hajmini ko'paytirish hamda mahalliy zaxiralarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mo'g'uliston chorvachilikda dunyoga mashhur davlatlardan biri bo'lib, bu hamkorlik ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning yanada mustahkamlanishidan dalolatdir. Ayniqsa, Prezidentimizning Mo'g'uliston davlatiga rasmiy tashrifi chog'ida erishilgan kelishuvlar natijasida ushbu loyiha ro'yobga chiqayotgani alohida ahamiyat kasb etadi. Davlat rahbarining tashrifi davomida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, qishloq xo'jaligi va chorvachilik yo'nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo'yicha qator kelishuvlarga erishilgani Kitob tumanidagi ushbu tashabbusning amaliy ifodasidir.
Qo'ylarning sog'lig'i va iqlimga moslashish jarayoni tuman chorvachilikni rivojlantirish hamda veterinariya bo'limi tomonidan qat'iy nazorat ostida olib borilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, “Bayat” zotli qo'ylar yuqori mahsuldorligi va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi, bu esa tumandagi go'sht mahsulotlari hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Fermer kelgusida qo'ylar sonini yana 10 ming boshga oshirish niyatida.
Bahodir HALIMOV,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0