Turli asrlarda yashagan dunyodagi eng go'zal malikalarning hayot tarzi
Tarixgo'zal voqealarga, hayratlanarlitasodiflarga to'la, ammo ular ichida shoh va malikalarning hayoti barcha uchun qiziqarli bo'lgan. Ayrim malikalar mashhur bo'lgan bo'lsa, ayrimlari tarix qa'rida qolib ketgan. Hozirgi maqolada o'z davrida dovrug'i butun dunyoga tanilgan malikalar haqida so'z yuritamiz.
Misr malikasi Favziya
U haqida turli afsonalar bor. Misr malikasi Favziyaning go'zalligi o'sha davrda katta shon-shuhrat qozongan. Qirol Fuad I va qirolicha Nazli Sabri qizi bo'lgan Favziya qirol saroyida hashamatli hayotda yashagan. Malika 1939 yilda ota-onalar kelishuvi bilan 17 yoshida Eron valiahd shahzodasi Muhammad Reza bilan turmush qurdi. Ularning Shahnoz ismli qizi tug'ildi, ammo bu nikoh Favziya uchun omadli bo'lmadi. 1942 yilda u “Life” jurnalining muqovasi uchun suratga tushdi. Fotograflar uning mukammal yuz ko'rinishi va go'zalligidan hayratda qolishdi, biroq shunga qaramay malikaning qayg'uli ko'zlari go'zallik bilan qarama-qarshi edi. Nihoyat u shahzoda bilan ajrashdi va ko'p o'tmay boshqa insonga turmushga chiqdi. Yangi turmushida u nihoyatda baxtli yashadi va yana ikki o'g'il farzandni dunyoga keltirdi. Favziya eng uzoq ko'rgan malikalardan biri hisoblanadi. Saodatli yashagan malika 2013 yil 91 yoshida vafot etdi.
Greys Kelli
Greys Kelli, malika bo'lgan eng mashhur kino yulduzi edi. U aktrisa sifatida ish boshlagan va uning iste'dodi go'zalligi bilan teng edi. U "Mogambo" (1953) va "Qishloq qizi" (1954) fil'mlarida hayratlanarli darajada rol ijro etgan. O'z davrining eng kuchli rejisyorlarining eng iqtidorli go'zal aktrisasi edi. 1955 yilda Monako Shahzodasi Rane III bilan tanishib qolgach, Kellining taqdiri butunlay o'zgardi. U muhabbati uchun kar'erasini tugatishga va faoliyatidan voz kechishiga to'g'ri keldi. Shahzoda va aktrisaning to'yi 1956 yilda bo'lib o'tdi. Aktrisaning mashhurligiga sababchi bo'lgan rejisyor undan yana bitta fil'mida rol ijro etishini so'raydi, biroq qirol oilasiga kelin bo'lgan aktrisa buni rad etadi. Shundan so'ng, u ishtirok etgan fil'mlar ijrosi Monakoda ta'qiqlanadi. Manbalarga ko'ra, keyinchalik aktrisa kar'erasini tugatganiga qattiq afsus qilganini aytishadi. Malika Greys 52 yoshida avtohalokatda fojiali tarzda vafot etdi, ammo uning go'zalligi va aql-idroki haqida hanuzgacha so'zlashadi.
Rita Xeyvort
Aktrisalar ichida Greys Kellining shoh bilan nikohi ko'pchilikka ma'lum, biroq yana bir aktrisa qirollik oilasiga turmushga chiqqan va u hamkasbinikidek shov-shuvli bo'lmagan. Go'zallikda tengsiz aktrisa Rita Xeyvort malika bo'lganini ko'pchilik bilmaydi.
Greys Kelli kabi Xeyvort ham pokistonlik shahzoda Ali Salmon Og'a Xonga turmushga chiqish uchun kinodagi kar'erasini tugatgan. Ular 1947 yilda Frantsiyaning Kann shahrida turmush qurishdi. Oilada Yasmin Aga Xon ismli qiz tug'iladi, ammo nikoh muvaffaqiyatli bo'lmaydi. 1951 yilda erining bevafoligi haqidagi mish-mishlar fonida Rita ajrashish uchun ariza berdi. Ular 1953 yilda rasman ajrashishdi.
Xeyvort 1987 yilda Altsgeymer kasalligidan vafot etdi va uning hayotining so'nggi yillari unchalik baxtli bo'lmadi. U Gollivudning qirolichasi edi va ko'p yillar uni eslab yurishdi.
Ruminiya Malikasi Mariya
Edinburg malikasi Mariya 1875 yilda buyuk rus knyaginyasi Mariya Aleksandrovna va Edinburg gertsogi shahzoda Al'fred oilasida tug'ilgan. Uydagilar uni "Missi" deb atashardi. U erksevar xayolparast bo'lib, yoshlik latofatiga ega edi. Uning ko'm-ko'k ko'zlari topazdek yiltirar, sarg'ish sochlari esa chiroyli yuzini yanada go'zal ko'rsatardi.
Aytishlaricha, uni Uinston Сherchill ham yoqtirgan, ammo malika Mariya oxir-oqibat Ruminiya valiahd shahzodasi Ferdinandga turmushga chiqqan.
Turmush davomida u oltita farzand ko'rdi va birinchi jahon urushi paytida shifoxonada hamshira bo'lib ishladi.
Urushdan so'ng, tinch yashash maqsadida Qora dengiz bo'yiga ko'chib o'tdi va shu yerda yashay boshladi. Malika 1938 yilda jigar tsirrozidan vafot etdi.
Qirolichaning yuragi o'z xohishiga ko'ra, kichik oltin qutiga joylashtirilib, Stella Maris ibodatxonasiga dafn qilindi.
1940 yilda Mariyaning yuragi Transilvaniyadagi Bran (Drakula) qal'asiga ko'chirildi. Uning qizi marmar tobut ichiga joylashtirilgan ikkita yashikka solingan onasining yuragini joylashtirish uchun u yerda ibodatxona qurdi.
Malika Gayatri Devi
Baroda shahzodasi Indira Raj va Jitendra Narayan qizi Gayatri Devi hashamatli hayotda ulg'aydi.
Malikaning beqiyos qora ko'zlari, qalin tim qora sochlari va yoqut rang lablarini ko'rgan inson borki taajjublanardi. Uning ovozi ham aqldan ozdiradigan darajada chiroyli bo'lgan. Kimki u bilan suhbat qursa, olijanobligidan, zukkoligidan hayratga tushmay qolmasdi.
Malikaning o'ziga xos uslubi bor edi. Voyaga yetgach, Hindistonning general-mayori, Maharaja Savay Shri Ser Man Singxa II ga turmushga chiqdi. Afsuski, u mayorning ilk muhabbati emas, balki uchinchi rafiqasi edi. O'zining mehribonligi va xayr-ehsonlari bilan tanilgan Gayatri 20 asrning eng go'zal beshta ayolidan biri bo'lgan. Uning hayoti doim sinovlarga boy bo'lgan, shunday bo'lsada barcha mashaqqatlarni metin irodasi bilan yengib o'tgan. O'limidan oldin 90 yoshida katta nashrga bergan intervyusida hayotidan norozi emasligini va baxtli hayot kechirganini ma'lum qilgan.
Portugaliyalik Isabella
Aragon malikasi Mariya va Portugaliya qiroli Manuel I ning qizi Isabella Portugaliyada 1503 yilda tug'ilgan. Uning bolaligi baxtli o'tgan. Ko'p qirollik oilalarining farzandlari qatori yaxshi ta'lim oldi. San'atni tushunadigan nafis didli bo'lib voyaga yetdi. Malika 1526 yilda Rim imperatori Karl v ga turmushga chiqib, Ispaniya qirolichasi bo'ldi. Britaniya tarixchisi Genri Kamenning ta'kidlashicha, dastlab nikoh siyosiy sabablar bilan qurilgan bo'lsa-da, juftlik bir-birini nikohdan so'ng qattiq sevib qoladi. Juftlik birgalikda ko'p sayohatlarga chiqar, hayotlari muhabbatga limmo-lim bo'lgan. Isabellaning yettinchi homiladorligi og'ir o'tadi va tug'ruq jarayonida vafot etadi. Fojiali yakun topgan muhabbatdan so'ng, imperator o'zini butkul yo'qotib qo'yadi. Rafiqasining vafotidan keyin mashhur rassom Titianga sevgilisining rasmini chizishni buyuradi. Rassom Karl v ning topshirig'iga ko'ra marhum malikaning go'zal portretini yaratadi.
Amira al-Tavvil
Saudiya Arabistonidan go'zal malikalar ko'p chiqqan, biroq Amira al-Tavvil ular ichida eng go'zali sifatida baholanadi.
Amira al-Tavvil 1983 yil 3 noyabrda tug'ilgan va hozirgi kunning dunyodagi eng go'zal malikalaridan biri hisoblanadi. Amira Al-Tavvil shahzoda Alvalid bin Talol bilan shahzodadan interv'yu olishga borganda tanishadi. Ish borasidagi tanishuv muhabbatga aylanadi. Ular orasidagi katta yosh farqi ham muhabbatga to'sqinlik qila olmadi. Amira 28 yoshida shahzodaga turmushga chiqib, malika bo'ladi. Afsuski, turmush uzoqqa cho'zilmadi, 2013 yilda ular ajrashishdi. Malika keyinchalik Parijda boshqa bir milliarderga yashirincha turmushga chiqdi. Ayni paytda Amira xayriya ishlar bilan shug'ullanadi va ayollar huquqlarini himoya qiladi. Xayriya ishlarini asosan o'z vatani Saudiya Arabistonida himoyasiz qolgan ayollar uchun qiladi. U nafaqat xayriya bilan balki islom dining asl mohiyatini tushuntirish borasida ham ko'p seminarlar o'tkazadi.
Iordaniya malikasi Raniya
Raniya al-Yasin 1970 yil 31 avgustda tug'ilgan. U Iordaniya malikasi bo'lib, shahzoda Abdullahga turmushga chiqadi, keyinchalik mamlakatni o'zi boshqaradi. Malika Raniya nafaqat tashqi ko'rinishi bilan, balki xayriya faoliyati, biznes aloqalari va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanishi bilan ham mashhur. U Citybank va Apple kabi kompaniyalarda rahbar lavozimlarida ishlagan va instagramda 4 milliondan ortiq obunachisiga ega. Hozirda u rasmiy veb-sayti orqali turli insonparvarlik ishlarini qo'llab-quvvatlash bilan shug'ullanadi. Umuman olganda, uning faoliyati go'zalligi va aqliy qobiliyatlarini mukammal uyg'unligini anglatadi.
Nefertiti
Fir'avn Amenxotep Iv ning rafiqasi bo'lgan Nefertitining go'zalligi haqida hozirga qadar afsonalar yuradi. Biroq hukmdorni o'ziga jalb etgan sohibjamolning oldingi hayoti haqida ma'lumot juda kam. Bo'lajak malika qaysi shaharda tug'ilgani noma'lum, aftidan u hatto Misrda ham dunyoga kelmagan. Qizning ota-onasiga oid ma'lumotlarga ham aniqlik kiritilmagan. Ayrim tarixchilar uning otasi yuqori martabali amaldor bo'lgan desa, boshqalar shoh bo'lgan deydi. Nefertitining onasi – haramdagi kanizaklardan biri edi. Misr fir'avni bilan munosabat o'rnatish uchun 12 yosh Nefertiti sovg'a sifatida saroyga yuborilgan.
Ammo hukmdor bevaqt olamdan o'tadi. An'anaga muvofiq, fir'avnning kanizaklarini ham o'lim kutgan. Biroq Nefertiti fir'avnning o'g'li – Exnaton nomi bilan tanilgan Amenxotep Iv ga yoqishga ulgurib qoladi. Ko'plab freskalarda u suyukli rafiqasi bilan tasvirlangan. Hukmdorning boshqa rafiqalari ham bo'lganiga qaramay, Nefertiti uning hayotidagi asosiy ayol hisoblanar edi. U ham xuddi eri kabi qudratga ega bo'lgan. Umuman olganda, buning hayratlanarli joyi yo'q. Qadimgi Misrda ayollar erkaklar bilan teng huquqli bo'lgan. Ular savdo qilishi, janglarda qatnashishi, mulkka egalik qilishi va hatto davlatni boshqarishi ham mumkin edi.
Nefertiti Qadimgi Misr ahli uchun faqatgina fir'avnning rafiqasi va malika emas, balki ma'buda edi. U turmush o'rtog'i va qizlari bilan Nilning sharqiy qirg'og'idagi hashamatli saroyda hayot kechirgan.
Nefertitining saroyi ham misrliklar yaxshi ko'rganidek bog'lar va suv havzalari bilan o'ralgan. U yerdagi pol qismi gulli mozaika bilan bezatilgan, shiftlar, devorlar va ustunlarga esa turli yozuvlar tushirilgan. Devorlarda asosan fir'avn va uning oilasi hayotidagi voqealar tasvirlangan. Qimmatbaho mebel, oltindan yasalgan maishiy uy buyumlari yoki qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan taqinchoqlar malika xonasini bezardi.
Nefertiti kichik jussaga ega nozik sohibjamol ayol edi. Fir'avnning sevimli rafiqasi bo'lib qolish uchun u vaqtining ko'p qismini o'ziga oro berishga sarflardi: dengiz tuzi qo'shilgan vanna qabul qilar, qullar esa terisiga hushbo'y iforli moy, tirnoqlariga xina yoki suyuq oltin surtar edi. Malika upa o'rnida kukunga aylantirilgan yer osti mineralidan foydalangani, ko'zlariga surma, lablariga xushbo'y efir surtgani aytiladi.
Misr malikasining butun dunyoga mashhur byusti 1912 yilda nemis arxeologi Lyudvig Borxard tomonidan amalga oshirilgan qazishma ishlari davomida topiladi. Olim yashirin ravishda uni Germaniyaga olib o'tadi va Berlin muzeyiga topshiradi. Misrliklar topilmani qaytarishni bir necha bor talab qiladi, hatto Borxardga tahdidlar ham bo'lgan – Nefertiti la'nati o'limga olib kelishi aytiladi, ammo na olim va na nemis hukumati bunga e'tibor qaratmaydi.
Mish-mishlarga ko'ra, Misr malikasining byustini Uchinchi reyx fyureri bunkerdagi o'z xonasiga joylashtirib, ko'pincha unga termulib o'tirgan. Arxeologik yodgorlik hamon Berlin muzeyida saqlanmoqda.
Feruza Rahimova,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0