Taʼmga qaram avlod
Kartoshka fri, burger, qovurilgan tovuq, lavash kabi tez tayyorlanadigan taomlar tarkibida transyog‘lar va yuqori darajada qayta ishlangan komponentlar ko‘p uchraydi. Ular qondagi xolesterin muvozanatini izdan chiqaradi, yaʼni «yomon» xolesterin miqdorini oshirib, «yaxshi»sini kamaytiradi. Shu tariqa qon tomirlarida yog‘ qatlamlari hosil bo‘lishiga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortishiga olib keladi.
«Nonni uvol qilma!», degan o‘git bilan tarbiya topgan xalqning farzandlari bugun non o‘rniga transyog‘ga qorilgan burgerlarni sevib isteʼmol qilishmoqda.
Xo‘sh, farzandingiz «Somsa olib bering» deb injiqlik qilganini eslay olasizmi? Menimcha, yo‘q. Chunki bugun ko‘pchilik gamburger, lavash va shunga o‘xshash taomlarni maʼqul ko‘rishmoqda.
Hozir jahonda fastfud sanoati misli ko‘rilmagan surʼatlarda kengaymoqda. AQSh va Evropa kabi bozori to‘yingan mamlakatlardan so‘ng yirik transmilliy korporatsiyalar rivojlanayotgan davlatlarga, jumladan, Markaziy Osiyo bozoriga yuzlanmoqda. Ayniqsa, shaharlashuv kuchaygan, vaqt tig‘izlashgan jamiyatda arzon va tez tayyor bo‘ladigan taomlar odamlarga jozibador ko‘rinmoqda.
Ammo bu oddiy ovqatlanish masalasi emas. Gap butun bir madaniyat, turmush tarzi va millat salomatligi haqida ketmoqda. Achinarlisi, milliy taomlarimiz ham asta-sekin fastfudlashib bormoqda. Bugun ayrim restoran va kafelarda palov, somsa yoki sho‘rva oldindan tayyorlanib, muzlatilgan yoki qayta isitilgan holda tortiq qilinmoqda. Bu esa nafaqat taomning taʼmini, balki uning tabiiy ozuqaviy xususiyatini ham yo‘qqa chiqaradi.
Nega fastfud bunchalik mazali, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirishi mumkin. Javobi oddiy. Bunday mahsulotlar tarkibida shakar, tuz, transyog‘ va sunʼiy taʼm kuchaytirgichlar ko‘p bo‘ladi. Hatto ishlab chiqaruvchilar maxsus formulalar orqali insonda taʼmga nisbatan qaramlik hosil qilishi ham rost. Aslida bu mahsulotlar organizmni sekin-asta emirib boradi.
Kartoshka fri, burger, qovurilgan tovuq, lavash kabi tez tayyorlanadigan taomlar tarkibida transyog‘lar va yuqori darajada qayta ishlangan komponentlar ko‘p uchraydi. Ular qondagi xolesterin muvozanatini izdan chiqaradi, yaʼni «yomon» xolesterin miqdorini oshirib, «yaxshi»sini kamaytiradi. Shu tariqa qon tomirlarida yog‘ qatlamlari hosil bo‘lishiga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortishiga olib keladi.
2025 yili eʼlon qilingan qator ilmiy xulosalar ham vaziyat jiddiyligini tasdiqladi. Yirik meta-tahlil natijalariga ko‘ra, fastfudni muntazam isteʼmol qiluvchilarda semirish xavfi qariyb uch baravar yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqotlar tez tayyorlanadigan ovqat portsiyalarining kattalashishi tana vazni ortishi bilan bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, transyog‘lar organizmda surunkali yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi, hujayralar qarishini tezlashtiradi va immunitetni zaiflashtiradi. Ayrim kantserogen moddalar esa saraton kasalliklari xavfini ham oshiradi. Lekin muammo faqat mahsulot tarkibida emas.
Fastfud ovqatlanish madaniyatimizni izdan chiqaryapti. Odamlar ko‘chada, mashinada, yo‘l-yo‘lakay, tik turgan holda ovqatlanishyapti. Bunday holatda oshqozon to‘yganini his qilmaydi, miya esa «to‘qlik signali»ni kech qabul qiladi. Oqibatda inson meʼyoridan ortiq ovqat eydi. Fastfud eyishga qulay, oqib ketmaydi, qoshiq yoki sanchqi kerak emas, deb o‘ylaymiz. Lekin zararlarini payqamaymiz.
Ota-bobolarimiz hech qachon shoshilib ovqatlanishmagan. Dasturxon atrofiga butun oila yig‘ilgan, kattalardan oldin qo‘l uzatilmagan, taom huzur bilan tanovul qilingan. Bu nafaqat milliy odat, balki sog‘lom turmush tarzi ham edi.
Tibbiyot isbotlagan haqiqat shuki, xotirjam o‘tirib ovqatlangan insonda hazm jarayoni to‘g‘ri kechadi, moddalar almashinuvi yaxshiroq ishlaydi va semirish xavfi ancha past bo‘ladi. Masalan, palovdagi sabzi va zira hazmni yaxshilaydi, oshqozon uchun tabiiy antiseptik vazifasini bajaradi. Sho‘rvadagi suyak qaynatmasi kollagen manbai hisoblanadi. Qatiq va ayron esa ichak mikroflorasini tiklovchi foydali moddalarga boy.
Ajdodlarimiz taomni shunchaki qorin to‘ydirish uchun emas, salomatlik uchun tanovul qilishgan. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlar, yorqin reklamalar, chiroyli bannerlar va sunʼiy aktsiyalar insonni ovqat emas, hissiyot sotib olishga undamoqda. Ekranda suvdek oqib turgan eritilgan pishloq, baland musiqa, «Maza qilib tanovul qil!» degan chaqiriqlar – bularning barchasi ongostiga taʼsir qilish uchun ishlangan marketing texnologiyalaridir. Hozir insonlar ochligidan emas, reklama qo‘zg‘atgan xohishdan kelib chiqib, ovqat isteʼmol qilayotgandek...
Xullas, zaharni o‘z pulimizga sotib olyapmiz. Yillar o‘tib, arzon va «mazali» taomlardan tejalgan mablag‘ni ikki baravar ortig‘i bilan dori-darmon, tahlil va muolajalarga sarflaymiz.
To‘g‘ri ovqatlanish va fastfud industriyasi haqidagi muammolar shu qadar kengki, uni bir maqola doirasida to‘liq qamrab olish qiyin. Ammo bir savol har birimizni o‘ylantirishi kerak: biz o‘z ixtiyorimiz bilan salomatligimiz va kelajagimizni izdan chiqarmayapmizmi?
Hulkar PO‘LATOVA,
O‘zJOKU talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0