“Quloqsiz”, “buzg'unchi”, odobsiz yoshlarni tarbiyalayotganlar ham o'zimiz
“O'zingdan kattalarga salom ber, ustozlaringga gap qaytarma, har joyga chiqindi tashlama, avtobusga chiqqanda kattalarga joy ber, o'rtoqlaring bilan janjallashma, darsingni vaqtida tayyorla...”
Bu gaplarni bolaligimizdan uydagi yoshi kattalar ko'p ta'kidlashgan. Ammo hamma davrning yoshi ulug'larga quloq soladigan mo'min-qobil, odobli yoshlari bilan birga “quloqsiz”, “buzg'unchi” yoshlari ham bo'ladi. Xo'sh, bu odatlar ularda qanday shakllanadi?
Tarbiya oiladan boshlanadi
Bolaning tarbiyasi, dunyoqarashi oila muhitida shakllanadi. Maktabda, litseyda, texnikumda, oliy o'quv yurtida bolaga asosan ta'lim beriladi. Masalan, maktabda o'qituvchi 45 daqiqa davomida o'quvchilarni yo'qlama qiladi, o'tilgan mavzuni so'rab baholaydi, yangi darsni tushuntirib, uyga vazifa beradi. Bu jarayonda o'qituvchi tarbiya haqida 5 daqiqa yo to'xtaladi yoki yo'q. Professional va oliy ta'limda bu haqda gapirmasa ham bo'ladi. Shu bois, bu dargohlarda beriladigan tarbiya va mahalla ahlidan olinadigan ibrat oilada berilgan tarbiyaga faqat qo'shimcha bo'lishi mumkin.
—30 yildan buyon boshlang'ich sinf o'quvchilariga dars beraman, — deydi urgutlik faxriy o'qituvchi Murodilla Eshonqulov. – Bolalar maktabga “suyagi qotgan” holda keladi. Hozir farzandining kelajagi haqida qayg'uradigan ota-onalar kamayib bormoqda. Maktabda o'tkaziladigan ota-onalar yig'ilishlarida aksariyat hollarda o'quvchilarning qarindoshlari keladi va ota-onasi ishdaligi aytiladi. Farzandining kelajagi uchun qayg'urmagan, unga vaqt ajratmagan ota-ona kelgusida undan puch orzularni kutadi, xolos.
Odam va “maymun”
Bugungi kunda turli gadjet va mobil aloqa vositalari yoshlarga ikkinchi tarbiyachi vazifasini bajarmoqda. Bunga esa ota-onalarning o'zi sababchi. Hozir ikki yoshga to'lmagan bola ham telefon nimaligini, qanday vazifa bajarishini biladi. Bunday vaziyatda ko'pchilik ota-onalar bolasidan xursand bo'lib, bolaga telefondan foydalanishga ko'proq imkoniyat yaratib bermoqda, yig'lasa ham telefondagi qiziqarli narsalar bilan ovutyapti.
Ayniqsa, keyingi paytda ommalashib borayotgan totalizator o'yinlar, turli ko'ngilochar dasturlar muxlisi va ishtirokchisiga aylanmoqda. Eng yomoni, mobil qurilmalar tarqatayotgan radiatsiya nurlari orqali turli kasalliklarga chalinyapti, buzg'unchi g'oyalar ta'siriga tushib, dunyoqarashi ham o'zgaryapti.
1930 yilda Uintrop Kellog psixologlar oilasi yangi tug'ilgan maymunning bolasini o'zlarini Donald ismli farzandi bilan birga tarbiyalamoqchi bo'lishadi. Maqsad, maymunni tarbiyalab, odam qilish edi. Biroz vaqt o'tib, yosh oila maymundan voz kechadi, sababi, ularning farzandi o'zini huddi maymunlardek tuta boshlagan edi.
Hozirgi axborot texnologiyalari asrida bunday qurilmalar hayotimizning bir qismiga aylanib bo'lgan va ulardan voz kechib bo'lmaydi. Lekin har bir ota-ona farzandiga bunday vositalardan foydalanishni cheklashi, ularning tarbiyasida kim va nima ta'sir ko'rsatayotganini nazoratga olishi hamda har jabhada farzandiga o'rnak bo'lishi kerak. Aks holda bola “maymun”larga o'xshab qolishi hech gap emas.
Nuroniylar hayoti yoshlarga ibrat
Yurtimizda bir bolaga ota-onasidan tashqari bobo-buvisi, qarindoshlari, hatto qo'ni-qo'shnilari ham mas'ul. Ya'ni, o'rni kelganda tarbiyani ular ham beraveradi. Сhet elda esa mutlaqo buning aksi.
Bizda ajdodlar va avlodlar o'rtasidagi ko'prik - bu milliy qadriyatlar, an'analardir. Buni yoshlar ongiga singdirish, har tomonlama barkamol, sog'lom avlodni voyaga yetkazishda nuroniylarning o'rni bor. Jamiyatda yoshi ulug' insonlar qo'lida tarbiya ko'rgan har qanday bolaning dunyoqarashi keng bo'ladi, Vatanni, oilani qadriga yetadi, urf-odat va qadryatlarimizni hurmat qiladi.
Ota-ona janjalidan farzand aziyat chekmoqda
Keyingi vaqtlarda er-xotin o'rtasidagi o'zaro kelishmovchilik ochiqchasiga o'z farzandlariga ziyon yetkazish, hatto ularni o'ldirishgacha borish holatlari bilan tugamoqda. Buning jabrini esa begunoh norasidalar tortyapti.
—Oilaviy nizolar yoki ota-onalarning farzandiga vaqtida e'tibor bermagani bois tarbiyada nuqsonlar ko'p uchramoqda, — deydi psixolog Sarvinoz Nosirova. – Сhunki keyingi paytda psixolog va ruhshunoslarga aynan shunday murojaatlar ko'p tushmoqda. Bunday vaziyatda bolalarda ruhiy zo'riqish vujudga kelyapti. Oqibatda ruhiy kasalliklarga chalinish, alam ustida ko'ngilsiz hodisalarga qo'l urish kuzatilmoqda.
Yana bir toifa ota-onalar borki, farzandini haddan ziyod erka qilib o'stiradi, aytgan narsasini muhayyo qiladi. Lekin uni nazoratga olmaydi va bola kelgusida ko'ngliga kelgan ishni qiladi. Bu yo'l ham yoshlarni boshi berk ko'chaga yetaklaydi.
Yoshlarning tarbiyasi haqida gap ketganda kattalarning “Eh-he, bizning davrimizda...” deb boshlanadigan xotiralari “Hozirgi yoshlar buzilib ketgani” haqidagi afsus-nadomatlar bilan tugaydi. Aslida esa “yoshlarning buzilmasligi” jamiyatda kattalar o'rnatgan tartib-qoidalarga qanchalik amal qilinayotgani bilan belgilanadi. Oilada bola sog'lom fikr bilan tarbiyalansa, doim nazoratda bo'lsa, yoshligidan mehnat qilishga, mustaqil yashashga o'rgatilsa, ko'zlangan natijaga erishamiz.
Fazliddin Ro'ziboev
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0