Mehnatga layoqatsizlik  varaqasi kimlarga va qanday vaziyatlarda beriladi?

Mehnat munosabatlarida  ish beruvchi va xodim o‘rtasida  turli xil tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin. Bu mazmundagi savollarga saytimiz orqali  muntazam javob berib kelinayotganligi ushbu tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Jamiyat
3148 10:31 | 12.09.2023 10:31


Mushtariylar talab va istaklari asosida mehnatga layoqatsizlik varaqasiga doir savollar bilan Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash departamenti mas’ul xodimi To‘lqin Azimovga murojaat qildik.


Qanday hollarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi?


— Mehnatga layoqatsizlik varaqasi quyidagi hollarda beriladi:


fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi;


oilaning betob a’zosini parvarishlaganligi;


protez qo‘ydirganligi;


sanatoriy-kurortda davolanganligi;


sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun;


karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini tasdiqlash uchun.


— Mehnatga layoqatsizlik varaqasi faqat davlat tibbiyot muassasalarida beriladimi?


— Yo‘q. Qoida tariqasida, davlat sog‘liqni saqlash tizimi davolovchi shifokorlari tomonidan beriladi.


Agar davlat tashkilotlarida davolash-profilaktika muassasalari mavjud bo‘lsa, ular tomonidan ham berilishi mumkin.


Xususiy klinikalar ham mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berishga haqli. Bunda muassasa mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilish bo‘yicha yetarli malakali xodimga ega bo‘lishi shart.


O‘quvchi, talaba yoki magistrantning o‘qishga vaqtincha layoqatsizligi qanday rasmiylashtiriladi?


— O‘quvchi, talaba, magistrant, klinik ordinator va katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning o‘qishga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi.


Bunda ma’lumotnomalar, qoida tariqasida, davlat tibbiyot muassasalari, shuningdek, davlat tashkilotlariga qarashli tibbiy muassasalarning shifokorlari tomonidan beriladi.


“Tez yordam” shifokori mehnatga layoqatsizlik varaqasini berishi mumkinmi?


— Yo‘q. Tez tibbiy yordam xizmati tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqalari berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


Shuningdek, quyidagilar tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqalari berilishi taqiqlanadi:


shifoxonalarning qabul bo‘limlari;


sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;


pantsionat va sanatoriy-kurortlar (sil kasalliklari sanatoriyalari bundan mustasno);


fizioterapiya, davolash jismoniy tarbiyasi va sport tibbiyoti ixtisosliklari bo‘yicha tibbiy muassasalar.


Olis hududlarda yashovchi fuqarolar mehnatga layoqatsizlik varaqalarini qanday oladilar?


— Olis hududlardagi davolash profilaktika muassasalarida bitta davolovchi shifokor faoliyat ko‘rsatgan taqdirda, u bir oygacha muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishi mumkin.


— Harbiy xizmatchilarga qaysi hollarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi?


— Harbiy xizmatchilarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilmaydi. Biroq, harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmat safidan bo‘shatilgandan keyin bir oy ichida mehnatga vaqtincha layoqatsizlik vujudga kelgan bo‘lsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.


— Betob bo‘lib qolgan shaxslarga qachondan boshlab mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi lozim?


— Kasallik va shikastlanganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor murojaat qilgan tibbiyot muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan boshlab beriladi.


Shuni yodda tutish kerakki, qonunchilikda nazarda tutilgan istisno holatlardan tashqari mehnatga layoqatsizlik varaqasi o‘tkazib yuborilgan kunlarga berilmaydi.


Xodim ish kuni yakunidan so‘ng yoki talaba o‘qish tugatganidan so‘ng murojaat qilsa, o‘sha kunga ham mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladimi?


— Ish kuni yoki o‘qish tugaganidan so‘ng murojaat qilinganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasi keyingi kalendar kunidan rasmiylashtiriladi.


— Fuqaro o‘zini kasalga solib shifokorga murojaat qilsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi olishi mumkinmi?


— Yo‘q, albatta. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi fuqaro shifokor tomonidan shaxsan ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng mehnatga layoqatsizlik aniqlanganda beriladi. Tashxis klinik va ob’ektiv ma’lumotlar (shikoyatlar, ob’ektiv holat) hamda laborator-instrumental tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd qilinadi.


Mehnatga layoqatsizlik varaqasi qancha muddatga beriladi?


— Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka o‘zi besh kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishi mumkin.


Besh kalendar kunidan oshganda mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddati davolovchi shifokor va bo‘lim mudiri tomonidan har safar o‘n kalendar kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.


Feruza Rahimova,
ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid