Azizbek Toxtabaev: «Xalqaro moliya bozorida o'z o'rnimni yaratmoqchiman»
Bugungi kunda global moliya bozorida o'z o'rnini topayotgan yoshlar orasida o'zbekistonlik mutaxassislarning soni ortib bormoqda. Ana shunday e'tiborga loyiq nomlardan biri — xalqaro moliyaviy tahlilchi Azizbek Toxtabaev. Uning startaplardagi amaliy natijalari, ilmiy izlanishlari, xalqaro e'tiroflari va CFA yo'lida olib borayotgan izchil mehnati yoshlar uchun ibrat, biznes muhiti uchun esa signaldir. Negaki, O'zbekiston mutaxassislari endi jahon moliya xaritasida.
Suhbat davomida qahramonimiz bilan xalqaro moliya sari bosib o'tgan yo'li, amaliy tajribalari, ilmiy ishlari va kelajak rejalari haqida so'z yuritdik.
— Azizbek, avvalo, o'zingiz haqingizda qisqacha. Kasbiy yo'lingiz qaerdan boshlandi?
— Men xalqaro Westminster universitetining «Iqtisodiyot va moliya» yo'nalishini tamomlaganman. Kar'eram 2019-yilda «Turonbank»da boshlandi. Bankda kredit portfellarini tahlil qilish, risklarni baholash va investitsion strategiyalar ishlab chiqishga mas'ul edim. Bir yil davomida mijozlarga moslashtirilgan yechimlar ishlab chiqdim, ular uchun investitsion yo'nalishlarni shakllantirdim. Aynan shu davr menda moliyaviy tahlil maktabining poydevorini yaratdi desam, yanglishmagan bo'laman.
— Londondagi «Cloud Kitchens»dagi faoliyatingiz sizni keng xalqaro tajribaga olib chiqqani aniq. O'sha bosqich sizga nima berdi?
— 2021–2023 yillarda Londonda joylashgan «Cloud Kitchens» startapida moliyaviy tahlilchi bo'lib ishladim. Mening vazifalarim byudjetni rejalashtirish, moliyaviy prognozlar, xarajatlarni optimallashtirish va pul oqimlarini boshqarishdan iborat edi.
Joriy qilgan tahliliy uslublarimiz natijasida kompaniyada:
- qarzdorlikdarajasi 17 foizga qisqardi;
- to'lovlar yig'imi tezlashdi;
- prognoz aniqligi oshdi;
- likvidlik ko'rsatkichlari yaxshilandi.
Bu jarayonda Angliya, Frantsiya, Italiya bozorlarida, keyinchalik esa Quvayt, BAA va Saudiya Arabistoni yo'nalishlarida ishladim. Aynan xalqaro bozorlar bilan ishlash men uchun moliyaviy intizom, tezkor tahlil va raqamlar asosida qaror qabul qilish ko'nikmalarini mustahkamladi.
— Ilmiy faoliyatingiz ham e'tiborga molik. Bu borada nimalar deya olasiz?
— Ilmiy izlanishlarimni odatda amaliy ishlar bilan parallel davom ettiraman. Xususan, O'zbekiston olimlari bilan hamkorlikda korporativ moliya bo'yicha «Strategic Corporate Finance and Investment Banking with Integrated Risk and Portfolio Management» nomli qo'llanma yaratganmiz. Shuningdek, fiskal barqarorlik, investitsion strategiyalar, risk menedjmenti bo'yicha o'nga yaqin maqolam chop etilgan. Ulardan biri — «Financial Analysis of Revenue Concentration and Fiscal Sustainability in Uzbekistan» xalqaro darajada katta e'tibor qozondi va «Best Publication» mukofotiga loyiq ko'rildi. Ushbu yutug'imdan juda faxrlanaman.
— Bugungi faoliyatingiz va kelgusidagi rejalaringizga ham to'xtalib o'tsak.
— Hozirda AQShda, Golden Gate University'da CFA dasturiga asoslangan magistraturada tahsil olmoqdaman. CFA bu nafaqat diplom, balki mutlaqo boshqa mentalitet, yangicha yondashuv va xalqaro bozorlar tili hamdir. Kelgusida yirik investitsion kompaniyalarda xalqaro loyihalar ustida ishlash, so'ngra o'z tajribamni O'zbekiston moliya tizimini takomillashtirishga yo'naltirmoqchiman. Ayniqsa, men uchun «O'zbekiston–2030» strategiyasidagi iqtisodiy maqsadlar juda muhim. Bu jarayonda men ilmiy ishlarda ilgari surgan fiskal barqarorlik va diversifikatsiya bo'yicha yechimlar amaliyotda qo'l kelishiga ishonaman. Sababi ayni paytda o'zimga bo'lgan ishonchim ancha yuqori, xalqaro taniqli mutaxassislardan izlanishlarim haqida iliq fikrlar olmoqdaman. Masalan, Buyuk Britaniyadagi CSSCK UK Ltd rahbari Qazim Sumar meni «Xalqaro moliya sohasida eng yaxshi yosh mutaxassislar qatoriga kiruvchi, tahliliy yondashuvi bilan ajralib turadigan ekspert» deya e'tirof etgan. Albatta, bunday fikrlar yoqimli, biroq ayni paytda kishiga katta mas'uliyat ham yuklaydi.
— Suhbat yakunida, siz kabi chet elda ta'lim olishga intilayotgan yoshlarga nimani maslahat berasiz?
— Uch narsani aytgan bo'lardim:
- Bilimga sarmoya kiriting — xorijiy tillar va xalqaro sertifikatlar sizni butunlay boshqa darajaga olib chiqadi. Shaxsiy rivojlanishingizga pulni ayamang.
- Tajriba — eng katta aktiv. Boshlanishida maosh emas, o'sish muhim. Maoshi kam bo'lsa-da tajriba to'plash imkoniyati bo'lgan har qanday ish taklifini aslo qo'ldan chiqarmang.
- O'zingizga ishonishni o'rganing — siz xohlagan ishingizni uddalay olasiz, faqat maqsad sari oxirigacha borish kerak. Boshqalarda nimadir o'xshamasa, sizda ham shunday bo'ladi degani emas.
«Har bir imkoniyat eshik kabidir. Sizga eshik ochishlari uchun avval uni taqillatishingiz kerak», — deya suhbatga yakun yasaydi Azizbek.
Azizbek Toxtabaev — xalqaro tajriba, ilmiy qarash va aniq maqsadga ega yangi avlod moliyachilaridan. Uning yo'li shuni ko'rsatadiki, reja, mehnat va qat'iyat bo'lsa, o'zbekistonlik mutaxassis uchun global moliya bozorini zabt etish muammo emas.
Adhamjon Qodirov suhbatlashdi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0