“Kun kelib xorijga ketishga majbur bo'lishi xayollariga ham kelmasdi...” – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida o'g'li
«Vatan» jurnalining 2-soni nashrdan chiqdi. Mazkur sonda ham tarixchi olimlarning, turkiy xalqlarga daxldor bo'lgan qator ziyolilarning maqolalari e'lon qilingan. Unda siz hech qaerda eshitmagan, o'qimagan tahlillar bilan tanishasiz.
Shunday maqolalardan biri xalqimiz va muborak Islom dini rivoji uchun o'zining buyuk xizmatlarini ado etgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida u kishining o'g'li Ismoil Muhammad Sodiq bilan uyushtirilgan suhbatdir. Suhbatda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yashab o'tgan murakkab davrdan tortib, u kishining siyosiy hayotga kirib kelishi va islom rivoji yo'lidagi izlanishlari, ijodi haqida gap ketadi. Shu bilan birga o'quvchilar Shayxning hayotida kechgan musofirlikdagi sinovli kunlar, onalarini so'nggi manzilga kuzatish nasib etmagani, yurak iztiroblari bilan to'lgan paytdagi holati haqida bilib olishlari mumkin.
“Hazratning siyosiy hayotga kirishi 1989 yillarga to'g'ri keladi. O'sha yilning 6 fevralida O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy etib saylandilar. Hammamiz yaxshi bilamizki, bizda din davlatdan ajratilgan. Ammo men sal oldin otamizning siyosatga kirishi haqida gapirdim. Ha, haqiqatan ham, sharoit shuni taqozo qilgan edi. Uzoq yillar dini, tarixi, o'zligidan uzilgan xalq erkinlik sabab haqini talab qila boshlagandi. Ayni damda muftiy bo'lgan Hazrat bir vaqtning o'zida sobiq ittifoq oliy sovetiga deputat ham edilar. Ehtimol, shu sabab diniy ulamodan ko'ra ko'proq siyosatchiga ham o'xshab ketardi. Xususan, u kishi sobiq ittifoq rahbariga rasman murojaat qilib, musulmonlar uchun haj safariga qo'yilgan barcha taqiqlarni olib tashlash talabi bilan chiqdi va bunga muvaffaq bo'ldi. Mohiyat e'tiboriga ko'ra, bu turgan-bitgani bilan siyosat edi….
Afsuski, hamma ham siz nazarda tutayotganday emas ekan. Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, hasad o'tida yonayotganlar paydo bo'ldi. Tirnoq ostidan kir qidiradiganlar Hazratning bu martabalarini ko'ra olmay, fitna-fasod qilishga tushishdi va tan olish kerak, bu borada anchagina “muvaffaqiyat”larga erishishdi ham…
– Hazratning xorijga chiqib ketishlari ham o'zlarining istaklari emasligi barchaga ayon edi…
– Ha, hamma bilardi, u kishi Vatanini nihoyatda sevar edilar. Bir kun kelib xorijga ketishga majbur bo'lishi xayollariga ham kelmasdi. Bunday niyatlari bo'lganda, avvalo, biz bilgan bo'lardik. Otamizni mamlakatdan chiqib ketishga majburlashdi, ketish arafasida ko'p noxush ishlar bo'ldi...
… Oilamiz 1993-1994 yillarda Saudiya Arabistonida, 1994-2001 yillarda Liviyada yashagan bo'lsa, padari buzrukvorimiz biron kun bekor o'tirmadilar, ilmiy-ma'rifiy va ijtimoiy faoliyatini o'sha yerda davom ettirdilar. Bu ishlarni Alloh taoloning sinovi, ijod uchun qulay fursat, deb qabul qildilar. Shu sababli aziz Vatanlaridan, keksa ota-onalaridan yiroqda yashashga, majbur bo'lsalar ham, umrlarining oxirigacha, hech bir odamga gina-kudurat qilmadilar, biror og'iz nojo'ya so'z aytmadilar, faqat o'z xalqi, ona yurtining ravnaqi uchun ilm-ma'rifat taratish bilan mashg'ul bo'ldilar”.
Suhbat davomida Ismoil Muhammad otasi haqida ko'pchilik bilmagan, uning siyratiga oid boshqa ma'lumotlarni ham aytgan.
“Bir kuni qarasak, padarimiz daraxt oldida juda o'ychan o'tiribdilar. Qattiq iztirob chekayotgani ko'rinib turardi. Volidalarini so'nggi yo'lga o'zlari kuzata olmaganidan ich-ichidan qiynalayotgan edilar. Keyin uyga kirib yig'laganlarida oldilariga singlim Odinaxon borib yupatmoqchi bo'ldi.
– Ota, yig'lamang, – dedi.
Shunda otamiz:
– Qizim, boshimni silagin, sening qo'llaring onamning qo'llariga o'xshaydi, – dedilar.
Singlim otamizning boshini silar ekan, qattiq yig'lab yubordilar…
Ana shu taxlit suhbatda Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratlarining farzand va ota sifatidagi holati chiroyli ochib berilgan. Qolaversa, muqaddas dinimiz rivoji yo'lidagi katta ishlari, ilmiy-ma'rifiy boqiy merosi, xususan, “Tafsiri Hilol”, 2018 yilda Mushafi sharif, “Oltin silsila” kabi tabarruk kitoblarning chop etilishi va bu yo'lda shayx Hazratlarining qilgan xizmatlari bayon etilgan.
Bundan tashqari jurnalda Edvard Saidning “Orientalizm”, Timoti Uinterning “XXI asrda islom”, Umberto Ekoning “Joys poetikalari” kitoblaridan parchalarni o'qish mumkin.
Tarixchi olimlarimiz G'aybulla Boboyorov va Farhod Maqsudovlarning “O'zbek” etnonimi. Millatimiz nomi qanday paydo bo'lgan?” sarlavhasi ostidagi maqola ham fikrlarning originalligi bilan ajralib turadi. Сho'lpon ijodidan berilgan “Go'zal Turkiston” she'ri qalblarimizdagi Vatan bayrog'ini titratsa, uyg'otsa, O'zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arzievning O'zbekiston va Xitoy munosabatlari, ishonchli va teng manfaatli hamkorligiga bag'ishlangan chiqishi, Abdulla Xo'janing “Vatan, to tanda jonim bor, seningdirman...” maqolalari va boshqa mualliflarning ijodiy ishlari ham sizni mutolaaga, tafakkurga chorlashi aniq.
Zebo NAMOZOVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0