Maxfiy axborotlar manbai – gazetalar
O'tgan asrning 30-yillari boshida taniqli jurnalist va harbiy ekspert Bertol'd Yakob fashistlar Germaniyasidan Angliyaga ko'chib keladi. Uning keyinroq Londonda chop etilgan kitobida nemislarning harbiy qudrati, shuningdek, Bosh shtab rahbariyati va 168 nafar general haqida ma'lumot beriladi.
Bundan xabar topgan Gitler tajribali razvedkachi Nikolai zimmasiga Bertol'd Yakobni topib, undan yopiq axborotlar manbasini kimdan olgani va hamtovoqlari haqida to'liq axborot to'plash topshirig'ini yuklaydi.
Bu ishga Germaniya maxfiy xizmati agenti Vazeman jalb etiladi. U Bazelda kitob do'koni ochib, Germaniyadan Shveytsariyaga ko'chib kelib, noshirlik bilan shug'ullanayotganini «reklama» qiladi. Ma'lum muddat o'tib, Vazeman matbaa ishlarini muhokama qilish uchun Yakobni Shveytsariyaga taklif qiladi.
Uchrashuv samarali o'tadi. Nonushta paytida esa nemis agenti jurnalistning choyiga katta miqdorda uxlatuvchi modda tashlab qo'yadi. Yakob ko'zini Berlinda ochadi. Tergov davomida u Nikolaiga «Kitoblarimdagi barcha ma'lumotlarni gazetalardan olganman», deydi va so'zining isboti sifatida misollar keltiradi.
– Masalan, Nyurenbergda joylashgan 17-diviziyani general-mayor Gaaze boshqarayotgani to'g'risidagi axborotni mahalliy gazetada o'qiganman. Yoki Ul'mda chiqadigan gazetada polkovnik Virovning qizi Shtemmermanga turmushga chiqayotgani haqidagi xabar bilan tanishganman. Maqolada Virov 25-diviziyaning 306-polki qo'mondoni ekanini qayd etganman va hokazo.
Jurnalistning iqrorlari Gitlerga yetkaziladi. Fyurer bu tajribadan keng foydalanish yuzasidan buyruq beradi. Ko'p o'tmay abver (maxsus xizmat)da Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamjihatlikda xorijiy gazeta-jurnallarni muntazam kuzatib boradigan, radioeshittirishlarni tinglaydigan maxsus chet el bo'limi ochiladi...
Matbuot axborotidan Napoleon ham ancha samarali foydalangan. Jumladan, u Vellington armiyasi Pireney yarim oroliga ko'chirilayotganidan Angliya gazetalari orqali xabardor bo'lganini tarixchilar e'tirof etishgan.
Frantsiya – Prussiya urushi yillari Vertdagi janglardan keyin nemislarning 3-armiyasi g'arb yo'nalishiga ko'chib o'tadi, frantsuzlarning Mak-Magon qo'shini esa sharqqa joylashadi. Ayni shu paytda nemis razvedkasi Frantsiya gazetalari orqali Mak-Magon qo'shini Reyms shahrida bo'lib turganini bilib oladi. Bu ma'lumotga asoslanib, nemis harbiy rahbariyati kuchlarini shimolga yo'naltirib, frantsuzlarga rejasini amalga oshirishga xalaqit beradi.
Harbiy maxfiy ma'lumotlarni oshkor etishda Rus–yapon urushi davrida chop etilgan «Man'chjuriya armiyasi xabarnomasi» ham yaxshigina xizmat qilgan. Uning sahifalarida Yaqin Sharqqa yetib kelayotgan harbiy qismlar, ularning joylashuvi, korpus va diviziyalarning tarkibi va moddiy ta'minoti to'g'risidagi buyruqlar yoritilardi. Shuningdek, harbiylar o'z qarindoshlari va hamkasblarini qidirishayotgani to'g'risida xabarlar e'lon qilinardi. Tabiiyki, bu e'lonlar tagida harbiylarning yashash manzili yozilar, bu esa raqib tomonga Uzoq Sharqdagi rus qo'shinlari haqida to'liq ma'lumot olish imkonini berardi.
Ko'rib turganingizdek, harbiy maxfiy ma'lumotlar gazetalardan ham olib turilgan. Maxsus xizmatlarni, albatta, bu axborotlarni tarqatayotgan matbuot va kitoblardan tashqari, uning mualliflari, sharhlovchilari qiziqtirgan. Maqsad ularni o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga jalb etish bo'lgan.
Jurnalist va yozuvchilarni qidirib topish usullari ko'p. Masalan, Yaponiya razvedkasining sotsialistik mamlakatlardagi vakillari shaharlardagi kitob do'konlariga qatnashni kanda qilmasdilar. Ularni, ayniqsa, harbiy adabiyotlar bo'limi ko'proq qiziqtirgan. Ular bo'limga kelib tushgan harbiy sohaga oid yangi kitoblarni sotib olib, sinchiklab «o'qib chiqishgan».
So'nggi yillarda ham maxsus xizmatlar bu tajribadan foydalanishni rad etishmagan. Axborotlarning eng kamida sakson foizi mana shunday ochiq manbalardan olinayotgani ma'lum. Razvedka tahlilchilari gazeta-jurnallar, ilmiy konferentsiyalardagi dokladlardan samarali natija oladilar. Bu ma'lumotlar turli davlatlarda sodir bo'layotgan voqealar va turfa sohalar, ayniqsa, siyosat, ilmiy texnika va boshqalar to'g'risida deyarli to'liq tasavvur yaratish uchun xizmat qiladi.
Internet tarmog'i ham maxsus xizmatlarga «ko'p ish beradi». Razvedkachilar bu yo'nalishdan o'zlarini qiziqtirgan turli-tuman ma'lumotlarni to'playdilar...
Abror XON
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0