Valyuta UZS
  • USD

    12 646.56-27.81

  • EUR

    14 461.34-8.99

  • RUB

    160.88-0.35

+32C

+32C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+32c

  • Hozir

    +32 C

  • 12:00

    +33 C

  • 13:00

    +34 C

  • 14:00

    +33 C

  • 15:00

    +32 C

  • 16:00

    +32 C

  • 17:00

    +31 C

  • 18:00

    +30 C

  • 19:00

    +29 C

  • 20:00

    +27 C

  • 21:00

    +26 C

  • 22:00

    +25 C

  • 23:00

    +24 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Payshanba, 12-June

+32C

  • Hozir

    +32 C

  • 12:00

    +33 C

  • 13:00

    +34 C

  • 14:00

    +33 C

  • 15:00

    +32 C

  • 16:00

    +32 C

  • 17:00

    +31 C

  • 18:00

    +30 C

  • 19:00

    +29 C

  • 20:00

    +27 C

  • 21:00

    +26 C

  • 22:00

    +25 C

  • 23:00

    +24 C

  • Payshanba, 12

    +32 +20

  • Juma, 13

    +32 +20

  • Shanba, 14

    +34 +20

  • Yakshanba, 15

    +34 +20

  • Dushanba, 16

    +36 +20

  • Seshanba, 17

    +38 +20

  • Chorshanba, 18

    +41 +20

  • Payshanba, 19

    +34 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

OLOVDA YoNMAGAN YuRAK SOHIBASI u aslida kim edi: oddiy dehqon qizimi yoki saroy malikasi?

Afsonalar yurtida parilar mehmoni bo'lgan jajji qizaloq taqdirning bebaho in'omi sohibasiga aylangan va keyinchalik asrlarga tatigulik shon-shuhrat qozongandi. Sir-sinoatli bu voqea hali-hanuz tadqiqotchilarga tinchlik bermay keladi...
Ҳодиса
540 16:42 | 06.12.2024 16:42

Frantsiya tarixida “yuz yillik urush” deb atalgan qirg'inbarot davom etardi. Ingliz bosqinchilariga hech qanday kuch bas kelolmaydigandek tuyulardi. Kutilmaganda el-ulus o'rtasida uzunquloq gaplar tarqaldi: nima deysan, afsungar Merlin bashorat qilganmish – yaqin orada qo'liga oybolta tutgan bir qiz paydo bo'larmishu hammaning najotkoriga aylanarmish…


Avliyona karomat ko'p o'tmay haqikatga aylandi – tarix sahnasiga Janna ismli qiz chiqdi. Aytishlaricha, avvallari hech kim tanimagan-bilmagan dehqon oilasiga mansub cho'pon qiz tush ko'ribdi. Tushiga arvoh kirib, unga Vatan qismati faqat sening qo'lingda! debdi.


Albatta, mish-mishlar o'z yo'liga, ammo bir narsa aniq: o'sha cho'pon qiz vaqti-soati kelib, rostdanam el-yurt koriga yaradi. O'z atrofiga qo'shin to'plab, dushman sari boshladi. 1429 yil may oyida ilk g'alabaga erishdi – Orlean shahrini dushman istibdodidan ozod etdi. Shunga ko'ra, Orlean qizi degan sharafli nomga sazovor bo'ldi.


Muhtaram o'quvchi, siz gap kim haqida borayotganini anglagandirsiz. Ha, bu o'sha – frantsuz xalqining xaloskori sifatida butun dunyoga dong taratgan, mislsiz jasoratlari asrlar osha tillarda doston bo'lgan afsonaviy qiz Janna d, Arkdir. Yuzaki qaraganda, siz u haqda go'yoki barcha ma'lumotga to'liq egasiz. Aslida-chi?..


Bu savolga javob berishdan oldin bir o'ylab ko'ring-chi, oddiy cho'pon qiz qanday qilib, o'z davrining mard-sara yigitlarini intiqom bayrog'i ostiga birlashtirishning uddasidan chiqdi? Yoki Merlin bashoratida tilga olingan qiz aynan o'zi ekanligiga Frantsiya qiroli va saroy a'yonlarini qay tariqa ishontira oldi? Qolaversa, buyuk zafarlar qozongan chog'ida u endigina o'n yettiga qadam qo'ygandi. Bas, shunday ekan, yoshgina qizda bu qadar yuksak darajadagi harbiy iste'dod qaerdan paydo bo'ldi?


Frantsiya tarixi assotsiatsiyasi a'zosi – olim va tadqiqotchi Rober Ambelenning Tarix fojialari va sirlari asari bilan tanishgan kishi g'alati xulosadan ogoh topadi. Muallif fikricha, Janna dehqon xonadonida dunyoga kelmagan, balki Frantsiya qirolichasi Izabella Bovarskayaning valadi zinodan tug'ilgan farzandi bo'lgan. Tadqiqotchi so'zining isboti sifatida quyidagi dalillarni keltiradi: Janna hali jasorat ko'rsatmasidanoq o'ziga yarasha izzat-ikrom topgandi. Aniqrog'i, o'sha vaqtlarda ko'plab imtiyoz va imkoniyatlar beradigan o'z jangovar bayrog'iga ega edi. Uning faqat qirollar avdlodigagina nasib etadigan oltin shporlari (otliqlarning etigi poshnasiga qotiriladigan tepki – A.H.), shuningdek, tayinli mulozimlari va taniqli zodagonlardan iborat shtabi bor edi.


Zamona zaylini e'tiborda tutsak, bunday xizmat doirasiga qora xalq vakillari kira olmasdilar. Va nihoyat, Janna saroyga kirib kelganida aslida Betren dyu Geklenga tegishli shamshirni o'ziga berishlarini talab qilgandi. Geklen betakror qahramonliklari ila dovruq qozongan mashhur ritsarlar sirasidan edi. Shu bois uning shamshiri tom ma'noda tabarruk hisoblanar va bebaho meros sifatida qirol saroyida saqlanardi.


Ambelenning ta'kidlashicha, bu qurol Orleanning marhum gertsogiga, yanayam aniqrog'i, Jannaning otasiga vasiyat qilib qoldirilgan. Inchunin, Janna shamshirni so'rashga jur'at eta olgan hamda hech bir moneliksiz uni qo'lga kiritgan. Bordi-yu, u gertsogning qizi bo'lmaganida, saroyga kirolmasdi, kirgan taqdirida ham qilichga ega chiqolmasdi. Aks holda, uning bunday talab qo'yishini tasodifiy odamning javohirlar xazinasiga kirib, podshoh tojini olish payida bo'lishiga mengzash mumkin edi.


Merlinning karomati nechog'li to'g'ri chiqqanini o'rganishga chog'langan qirol tabibi yo'l-yo'lakay yana bir dalilga oydinlik kiritadi. Ma'lum bo'lishicha, Janna shamshirdan tashqari, jangovar oyboltani ham berishlarni talab qilgan ekan. Bu qurol esa mohir ustalar tomonidan unga atab oldindan yasalgan, tig'i yuzasiga mo''jazgina toj tasviri tushirilgan va frantsuzcha J harfi o'yib bitilgan.


Ambelen Janna aslzodalardan ekanligini tushuntirarkan, “Qizdagi noyob fazilatlar unga otasi Lui Orleanskiydan o'tgan degan g'oyani olg'a suradi. Masalaga mantiqan yondashganda, bu fikrda jon borga o'xshaydi. Negaki, Lui Orleanskiy ham kelajakni oldindan ko'ra bilish qobiliyatiga ega bo'lgan. Masalan, bir safar u o'zi qachon o'ldirilishini do'stlariga aytib, hatto bu dahshatli qotillik qay tariqa ro'y berishini ipidan ignasigacha aniq-tiniq tasvirlab bergan.


Amerikalik parapsixolog J.Uoker ham Ambelen xulosasiga hamohang fikrlarni o'rtaga tashlaydi. Janna tug'ilganidanoq mo''jizavor xislatlarga ega bo'lgani nazardan qochirilmasa, uning keyingi taqdiriga oid barcha jumboqlar o'z-o'zidan oydinlashishi mumkin, deb hisoblaydi.


Solnomachilarning guvohliklari bo'yicha, Janna d, Ark hayoti bilan bog'liq aql bovar qilmas jamiki hodisalar u parilar huzurida mehmon bo'lib qaytganidan so'ng boshlangan. Janna yashaydigan qishloq yon-atrofida Shenyu o'rmoni yaslanib yotardi. Shu yerdagi mo''jazgina daryoning tik qirg'oqlari qalin qarag'aylar bilan qoplagandi. Ularning orasida, mahalliy xalq aytib yuradigan rivoyatlarga ko'ra, parilar daraxti ham o'sardi. Jajji Janna o'rmonda kezishni xush ko'rardi. Bir kuni navbatdagi sayrdan qaytadi-yu, ota-onasini g'aroyib voqeadan ogoh etadi: u keksa qora qayin oldiga yaqinlashganida qarshisida go'yoki afsonalar o'lkasining eshigi lang ochilganmish. Ichkariga kirgach, uni parilar qirolining shaxsan o'zi kutib olganmish va kelajak taqdiriga nimalar yozilganini bashoratlab berganmish. Shundan so'ng Jannaning nazdida oldiga tez-tez arvohlar keladigan, qulog'iga allanechuk tovushlar eshitiladigan bo'lib qolganmish…


Zamondoshlari xotiralarida qayd etilishcha, Janna karomatgo'ylik qobiliyatiga ham ega bo'lgan. Bunga misol tariqasida roviylar shunday voqeani naql qilishadi: Jannani qurol taqqan holda ko'rgan bir suvoriy jahl aralash so'kinadi. Janna bundan xafa bo'lmaydi, faqat bir narsani – suvoriy yaqin orada halok bo'lishini eslatadi. Bu bashorat ko'p o'tmay amalga oshadi.


Janglarning birida Janna yonidagi safdoshini Tezroq o'zingni chetga ol, bo'lmasa, joning sabil ketadi! deb ogohlantiradi. Sherigi bu gapga quloq osadi, zudlik bilan jang maydonini tark etadi. Uning o'rnini boshqa bir yigit egallaydi va dushman hamlasidan halok bo'ladi.


Aytishlariga qaraganda, Janna d, Ark sehrgarlik ilmidan ham yaxshigina boxabar bo'lgan. Muhoraba oldidan hayqirgan kezlari ovozi shu qadar maftunkor va afsungarona yangraganki, jangchilari qo'rquv nimaligini butkul unutganlar. Natijada hatto kuchlar mutlaqo teng bo'lmagan vaziyatlarda ham dushman ustiga dadil ot solganlar. Yoki og'ir tan jarohati olgan esalar-da, og'riqni sezmaganlar, qatra qonlari qolgunicha kurashni davom ettirganlar.


Ajablanarlisi shundaki, Janna o'z umr xatiga taqdir qay tarzda nuqta qo'yishini oldindan sezgan va bundan yaqin kishilarini vaqtida voqif etgan. O'shanda San-Jak cherkovi tegrasida turgan qo'shin navbatdagi jangga hozirlik ko'rayotgandi. Qo'qqisdan Jannaning vujudini yana ilohiy his-tuyg'ular chulg'adi. U odatdagidek yerga cho'kkaladi-da, ko'zlarini yumgan ko'yi tosh qotdi. Nimalar bo'layotganini ilg'agan do'stlari unga xalaqit berishmadi. Anchadan so'ng Janna o'ziga kelib, shunday dedi: Menga xiyonat qildilar… Meni sotdilar… Men bu qabihlikka qo'l uruvchilarni bilaman. Faqat bitta afsusim bor, endi sizlarga hech qanaqa ko'mak berolmayman. Сhunki hademay o'lim tuzog'iga topshirilaman…


Qo'mondonlar hujumni boshqa vaqtga qoldirishni so'rashdi. Ammo Janna bu taklifni rad etdi. Oqibatda dushman bilan to'qnashuv payti burgundlik yoyandoz uni asir oldi. Kutilgan xoinlik ham ayni shu lahzalarda sodir bo'ldi. Kapitan Gil'om Flavi Jannaning jangchilari chiqqan darvozani berkitishni va ko'tarma ko'prikni ko'tarishni buyurdi. Qarabsizki, qal'a ichida qolib ketgan askarlar Janna d, Arkka yordamga yetib borolmadilar…


Jannaning ajoyib-g'aroyib xislatlari to'g'risidagi gap-so'zlardan g'animlari ham xabardor edilar. Shundanmi, ular jasur qizni, avvalo, jodugarlikda ayblashdi. Avliyo otalar va sud-politsiya mahkamasi vakillari eng qaltis damlarda Jannaning joniga aro kirgan tovushlar aslida nima ekanligini qayta-qayta so'rayverib, uni o'z holiga qo'ymadilar. Qiynoqli so'roqlar surunkasiga bir necha oy davom etdi.


Bir safar qiziq voqea bo'ldi. Azoblashlar avjiga chiqqan mahal holdan toygan mahbusa bezgak kasaliga chalinib, es-hushini yo'qotayozdi. Zudlik bilan hibsxonaga chaqirilgan tabib, uning sog'lig'ini tekshirib ko'rgach, Endi tibbiy muolajaning hojati yo'q, u baribir o'ladi deganday, chorasiz qo'l siltadi. Biroq shu asno yana mo''jiza takrorlandi. Qizning quloqlari ostida anchadan beri eshitilmay qolgan ovozlar qayta yangray boshladi. Agar xalaqit berishmaganida, u ikki-uch kunga qolmay, o'sha davr uchun davosiz sanalgan darddan xalos bo'lib, oyoqqa turib ketardi.


Afsuski, jodugarni gulxanda yoqishdi. Shunda avvalgidan-da, hayratomuz voqeaning guvohi bo'lishdi. Ko'mir qoldiqlari va kul uyumlari orasidan mahkumaning mutlaqo kuymagan, zarracha zaha yetmagan soppa-sog' yuragini topishdi.


Xo'sh, Janna chindanam g'aybdan keladigan tovushlarni eshitarmidi? Shunday bo'lsa, ulardan ongli ravishda to'la-to'kis foydalanarmidi?


Ochig'i, bu haqda tayinli ma'lumotlar saqlanib qolmagan. Faqat bir narsani taxminlash mumkin. O'zidagi g'ayritabiiy qobiliyatlarni yuzaga chiqarishida Jannaga ayrim kishilar ustozlik qilgan bo'lishsa, ajabmas. Ulardan biri vatanparvar qizga ko'plab harbiy yurishlarda hamkorlik qilgan marshal Jil de Re edi. Karl Yettinchiga toj kiydirish marosimi aks ettirilgan ba'zi rasmlarni kuzatsangiz, Janna qirolning o'ng tarafida, Jil de Re esa, chap tomonida turganini ko'rasiz. Bu marshal o'z zamonasining taniqli kimyogarlaridan bo'lib, qadimiy ezoterik ilmlar bilimdoni edi. U Jannaning mo''jizavor iste'dodini amalda dahshatli qurolga aylantirib yuborishi hech gap emasdi. Janna qatl qilingach, Jil de Re ham maxsus mahkama tomonidan hibsga olinganining, jodugarlikda ayblanib, gulxanda kuydirilganining sababi, ehtimol, shundadir…


Kelajani fahmlash qora kuchlar – jodugarlarga daxldor degan da'volarga javoban oddiy bir haqiqatni eslatib o'tish joiz: janub diniy tashkiloti 1920 yili Janna d, Arkni avliyolar sirasiga kiritdi va shu zayl uning nomini butunlay oqladi.


So'ngso'z o'rnida


Shak-shubhasiz, Janna d, Arkning foniy dunyodagi hayoti boshdan-oyoq sir-sinoatlarga to'la. Mabodo, ularni tushuntirib berish uchun qandaydir asoslar topilganda ham, baribir, bitta voqea mavhumligicha qolaveradi. Dovyurak qizning butun jismi o'tda kuyib kul bo'lgani holida, yuragi qanday omon qoldi? Bu aslida Xudoning qudratidan, Janna biz yashab turgan dunyo vakili emasligidan dalolat emasmi?


Janna d, Arkning favqulodda qobiliyati haqida ezoterik olim Leonid Volodarskiy shunday deydi:


– Boshqa shaklga kirish hodisalari nazariyalarini ham qamrab olgan ezoterik ta'limot nuqtai nazaridan qaraganda, orleanlik qiz yer yuzida katta qurbonlar keltirish bilan bog'liq vazifani bajarishga da'vat etilgan ulug' opa-singil Shamballardan biri bo'lgan. Uning ismi – egachi Oriola. Shunday bir rivoyat bor. Yer kurrasida notinchlik hukm surganda, Oriola ud oldiga o'tirib, uni chala boshlaydi. Bu musiqa asbobidan taralgan musaffo ohang-nolalar butun borliqqa ijobiy ta'sir ko'rsatadi: odamlar ko'nglini yumshatadi, qahr-g'azabni so'ndiradi, ezgulikka kuch-quvvat bag'ishlaydi. Oriola, shuningdek, 1515-1582 yillarda yashagan ispaniyalik zohida avliyo Terezo Avalskaya jismida ham o'z timsolini topgan hisoblanadi.


G'aybdan ovozlar kelgan paytlari Janna ko'pincha xristinalar Samo qo'shinlari Arxistratigi deb biluvchi farishta Mikailning tovushini eshitgan. Ezoterik tushunchalarga muvofiq, Janna ezgu kuchlarni o'zida jamlashtiruvchi iloh bilan aloqada bo'lgan.


Ko'rib turibsizki, bu jihatdan ilohiyotchi olimlarning turlicha talqinlari bir-birini inkor etmaydi. Jannaning jismini Ro'shnolik va Ezgulikning azaliy sohibasi zabt etgani bois uning yuragi beqiyos kuch-quvvat manbaiga aylangan. Bu yurak tafti sizu biz biladigan olov issig'idan ancha baland bo'lgan. 1430 yili Ruan shahri maydonida, o'n minglarcha odamlar ko'z o'ngida Jannani lovullagan gulxanda kuydirishdi. Shunda Oriola jizg'anagi chiqqan tanani ohista tark etdi-yu, cheki-chegarasi yo'q Ko'kka singib ketdi. Bo'lgan voqeani ko'rgan kishilar keyinchalik gulxan yolqini uzra yuksaklikka ko'tarilgan allanarsa aslida kabutar yoki Allohning farishtasiga juda-juda o'xshashligini aytishgan. Mana endi Janna nima sababdan sud a'zolariga qarata: Meni o'zim kelgan joyga – Yaratganning huzuriga yuborishlaringizni so'rayman deganini tushungandirsiz.


Darvoqe, o'z el-yurtini dushman zulmidan xalos etishga bel bog'lagan yosh qizning joniga qasd qilganlar ham qismat yozig'idan qochib qutulolmadilar. Ko'p o'tmay hammasi qilmishiga yarasha ajr oldi. Jumladan, Janna d, Arkni gulxanda yoqishga fatvo bergan yepiskop Koshonning o'zi ham aynan shunday jazoga loyiq deb topildi.


Abdunabi HAYDAROV.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Ҳодиса
dsdsd
0 775 12:58 | 12.12.2023
Ҳодиса
Ҳодиса
“Borsa-kelmas” hangomalari
0 739 21:21 | 28.11.2024
Ҳодиса
Suv parilari bilan uchrashuv
0 760 22:49 | 29.11.2024
Ҳодиса
Ҳодиса
Ҳодиса