O‘zbekiston tibbiyotida ilk bor ochiq yurakda yuqori texnologik operatsiya Oqoltin tumanida  amalga oshirildi

Sirdaryo viloyati — mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi sinov tariqasida joriy qilingan ilk hudud. Kuni kecha viloyatning Oqoltin tumanida yurtimiz tibbiyoti uchun yana bir muhim jarayonga start berildi.
Jamiyat
4518 10:01 | 12.09.2023 10:01

Tibbiyotdagi islohotlar sababli, yuqori texnologik va murakkab amaliyotlar ixtisoslashtirilgan markazlardagi kabi olis chekka hududlarda ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, nafaqat bemor, uning yaqinlari uchun qator qulayliklarni keltirish bilan birga, shifo umidida turgan bemorni ilgarigidek xorijga, Respublika ixtisoslashtirilgan muassasalariga ovorayu sarson bo‘lib borishiga ehtiyoj qoldirmayapti. Ham vaqt, ham mablag‘ tejalishiga imkon yaratmoqda. Hozirgacha akademik V.Voxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlat muassasasi va boshqa ixtisoslashtirilgan markazlarda o‘tkazilayotgan murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari endilikda ushbu markazlarning malakali mutaxassislari yordami bilan Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi viloyat, qolaversa tuman darajasidagi davolash profilaktika muassasalariga ham kirib kelmoqda.


Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida, markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Saydimurad Ismailov tashabbusi bilan Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazida O‘zbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta, 34 yoshli tug‘ma yurak nuqsoni bor bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, nuqson plastika yo‘li bilan bartaraf etildi. Amaliyotni markaz rahbari, Tibbiyot fanlari doktori, professor Saydimurad Ismailov Akademik V.Vaxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yurakning ishemik kasalliklari va uning asoratlari xirurgiyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Rustam Yorbekov va uning jamoasi, gulistonlik va oqoltinlik jarrohlar hamrohligida ustoz-shogird an’anasiga amal qilgan holda muvaffaqiyatli o‘tkazdi.


— O‘g‘lim Ziyovuddin bolalikdan tug‘ma yurak yetishmovchiligi kasalligi bilan kurashib keladi, — deydi Oqoltin tumanining "Bo‘ston" mahallasida istiqomat qilayotgan Suyunboy Jalilov. — Buni, biz, Ziyovuddin sakkiz yoshga yetganda bilganmiz. Ammo qo‘limiz kaltaligi bois, uni o‘z vaqtida davolata olmadik. Uning ustiga o‘sha vaqtlarda tug‘ma yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq amaliyotlar xorijiy davlatlarda o‘tkazilishini, narxi esa juda katta ekanligini eshitganmiz.


Ziyovuddinning yurak sohasi bilan bog‘liq, tug‘ma nuqson ochiq jarrohlik amaliyoti barcha xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi. Bunda uning ijtimoiy ahvoli, nogironligi inobatga olindi.


— Bu amaliyotning murakkabligi shundaki, tug‘ma yurak nuqsoni bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti ochiq holda o‘tkazilib, bemor yuragi vaqtinchalik to‘xtatilib, uning vazifasini maxsus apparatga yuklab, to‘xtab turgan yurakda nuqson jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etiladi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Sayidmurod Ismailov. — Bunda aslo xato qilib bo‘lmaydi. Muhimi, jiddiy e’tibor talab etiladi. Asosiysi, ushbu amaliyotning tuman darajasida bajarilishi O‘zbekiston tibbiyotida katta yangilik, desak ham bo‘ladi. Ochig‘i, bu turdagi amaliyot ixtisoslashtirilgan muassasalarda amalga oshirilgan, ammo tuman darajasida emas. Bu birinchisi bo‘lsa, kelgusida bu turdagi amaliyotlar viloyat va tumanlar darajasida ko‘plab o‘tkaziladi.


Ayni vaqtda oqoltinlik bemor salomatligi ancha yaxshi bo‘lib, u poytaxtlik va oqoltinlik shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapti.


G‘ulom PRIMOV,
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash
boshqarmasi matbuot kotibi


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid