Yurtimiz bo'ylab: Duyultepadagi budda haykali va zardusht chirog'i
Yakkabog' tumanida Amir Temur va temuriylar davri bilan bog'liq ko'plab tarixiy tepaliklar mavjud. Ulardan biri hozirgi «Yangihayot» mahallasining Duyul qishlog'ida joylashgan Duyultepa yodgorligidir.
– Bu tepalik oldinlari baland edi, atrofiga paxta ekilar, onalarimiz shu yerda mehnat qilar, biz, bolalar esa uning ustida o'ynab vaqt o'tkazardik, – deydi 72 yoshli Oydin Saodatova. – Keyinchalik odamlar qurilish qilish maqsadida tepalikdan tuproq olib keta boshlashdi. O'sha kezlarda bolalar munchoq, ko'za siniqlari, g'isht parchalariga o'xshash narsalarni topib olishardi. Men 9-sinfda o'qiyotganimda kavlab olingan joyni tekislab, og'ilxona qurdik. O'shanda kattagina bir xum chiqdi. Ichiga suv solib qo'ysa, muzday turardi. Keyinchalik uni qishloqning kayvonilari muzeyga beramiz, deb olib ketishdi.
Ayni paytda tepalikning bir qismi qolgan, xolos. Mahalliy aholi tuproq olinaverib, ochilib qolgan yerlarni tekislab, hovli-joy qurib olgan.
Tepalikning shundoqqina biqinida Norbuvi Rahimova farzandlari, nevaralari bilan istiqomat qiladi. Uning aytishicha, bu yerni hovli-joy qilganiga 40 yillar bo'lgan. Uyida bitta xum yerga ko'milgan holicha turibdi.
– Taxminan yigirma yillar bo'ldi, – deya eslaydi onaxon. – Yomg'ir yuvib, tuprog'i ko'chib, uchta katta xumning bir qismi ko'rinib qoldi. Qishloqning oddiy odamlari bo'lganimiz sababli nima qilarimizni bilmay, shoshib qoldik. O'g'illarim shartta kavlashga tushib ketishdi. Keyin ko'rsak, ichi bo'sh ekan. Bizdan oldingilar aytardi, bu yerlarda muqaddam kulolchilarning kulbalari bo'lgan, deb. Balki to'g'ridir...
Darvoqe, diqqatimizni tortgan va bizni bu qishloqqa yetaklagan xushxabar aynan shu tepalikdan topilgan, zardushtiylik davriga aloqador deya taxmin qilinayotgan, o'sha zamon odamlarining mafkuraviy qarashlarini ifoda etadigan mittigina haykalcha va chiroq bo'ldi. Сhiroq to'rtburchak bo'lib, ikki qavatdan iborat. Yuqorisiga olov yoqilgan. Pastki qismi to'rt tomonida ham teshik qoldirib yasalgan. Bir tomonida esa haykalcha sig'adigan joy bor.
– Biz bu topilma shamchiroq degan to'xtamga kelib turibmiz, – deydi qishloqdagi 44-umumta'lim maktabi tarix fani o'qituvchisi Sirojiddin Sariqov. – Bu haykalcha ham bevosita shu shamchiroq bilan bog'liq. O'zida o'sha davrdagi ajdodlarimizning diniy e'tiqodlarini aks ettirgan. Olov yoqilganiga qaraganda, bu zardushtiylik an'analarini ifodalaydi. Haykalcha esa, buddizmga aloqador bo'lishi mumkin. Xullas, g'aroyib topilmalar qishlog'imiz tarixidan so'zlashini, muhim ahamiyatga ega bo'lishi ehtimoli borligini his etib, maktab qoshida muzey tashkil etdik. Ayni paytda qishloq faollari, o'quvchilar, ota-onalar yordamida muzey fondini boyitish ishlarini davom ettirmoqdamiz.
Duyul qishlog'i Shahrisabz va Qarshi shaharlarini bog'lovchi avtomobil' yo'li yoqasida joylashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, vohaning ikki qadimiy shahrini bog'lovchi karvon yo'lining ahamiyatli manzillaridan biri aynan shu yer bo'lgandir balki. Ehtimol, qishloqda hunarmandchilik bilan shug'ullanish urfga aylanib, ularning savdo rastalari, ustaxonalari uzoq yillar faoliyat yuritgan va aynan Duyultepa ostida xarobalarga aylangandir. Balki bu qishloqda miloddan avvalgi davrlarning ham sir-sinoatlari yashirinib yotgandir.
– Yakkabog' tumanida 195 ta arxeologik ob'ekt mavjud, – deydi viloyat Madaniy meros boshqarmasi mutaxassisi Dilbar Turdimurodova. – Ulardan bor-yo'g'i 10 ga yaqinida o'rganish ishlari olib borilgan, xolos. Ayni vaqtgacha tumandan topilayotgan qadimiy osori atiqalar va ashyolar Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi muzeylarga jo'natilgan. Duyultepa ham o'rganilmay yotgan yodgorliklardan biri. Bu yerdan bir necha yillar avval Buddaning 20 santimetrlik haykalchasi ham topilgan edi. Hozir Qarshi shahridagi muzeyda saqlanmoqda. Shundan bilish mumkinki, ushbu yodgorlik tarixi 2 ming yillarga borib taqaladi. Qolaversa, bu yerdan faqat kulolchilik buyumlari emas, janglarda qo'llaniladigan, simob quyiladigan moslamalar, ishlov berilib, to'p shakliga keltirilgan toshlar, yog'och buyumlar, tegirmon toshlari ham topilyapti. Lekin ular ustidan tadqiqotlar o'tkazilmay kelinmoqda. Biz kelajakda arxeologlarni, talabalarni bu ishga jalb etishni rejalashtirganmiz.
Zero, yurtimizda o'rganilmagan yodgorliklar bisyor. Duyultepa ham tarixshunos olimlar va arxeologlar e'tiboriga tushsa va tadqiqotlar olib borilsa, o'tmishimizning qadimiy sir-sinoatlari, tariximiz manbalari va ahamiyati yanada boyib borardi.
Bahodir HALIMOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0