G'azo bolalari: Urush soyasida o'sayotgan avlod
“Men singlimni quchoqlab yotgan edim, keyin portlash bo'ldi... uyg'ongan paytimda u yo'q edi...”
— Muhammad, 9 yoshli g'azolik bola
2023 yil kuzida boshlangan G'azo sektoridagi qurolli to'qnashuvlar minglab begunoh insonlar hayotiga zomin bo'ldi. Ammo eng og'ir zarba – bolalarga bo'lmoqda. Bugungi kunda G'azo xalqining har uchinchi qurboni afsuski– bola. Ular nafaqat raketa zarbalaridan, balki ochlik, kasallik, toza suv va dori-darmon yetishmasligidan halok bo'lmoqda. BMT, UNICEF va boshqa xalqaro tashkilotlar bu holatni “zamonaviy tarixdagi eng yirik bolalar halokati” deb atamoqda.
BMTning 2025 yil aprel' oyida e'lon qilingan so'nggi hisobotiga ko'ra, G'azo sektoridagi harbiy mojarolar boshlanganidan beri kamida 14 500 nafar bola halok bo'lgan. Bu esa har 10 daqiqada bir bola hayotdan ko'z yummoqda deganidir.
UNICEF ma'lumotlariga ko'ra:
• 17 mingdan ortiq bola ota-onasiz qolgan;
• 70 foizdan ziyodi ruhiy zarbaga uchragan;
• Ko'plab bolalar og'ir kuyish, amputatsiya yoki doimiy nogironlik holatiga tushgan.
Gumanitar yordam yetib bormayapti…
Gumanitar tashkilotlar G'azodagi vaziyatni asrdagi eng og'ir holat deb atamoqda. Ko'pgina davlatlar yordam berishga tayyor, biroq egulik va hayot uchun zarur bo'lgan mahsulotlar etib borishida katta to'siqlar mavjud. Gumanitar yordam konvoylari chegaralarda to'xtab qolmoqda. Isroil tomonidan qo'yilgan cheklovlar, xavfsizlik tekshiruvlari va logistika muammolari oqibatida yordam yetkazilishi kechikmoqda yoki butunlay to'xtab qolmoqda. UNICEF, Qizil Xoch jamiyati, “ Сhegarasiz shifokorlar” kabi tashkilotlar yordam olib kirish uchun xalqaro bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi xodimlari hayotlarini xavf ostiga qo'yib yordam yetkazishga urinmoqda, biroq ularning o'zlari ham nishonga olinayotgan holatlar ko'p uchramoqda.
UNICEFning Yaqin Sharq bo'yicha eksperti Nora Abdelhamid jurnalistlar bilan suhbatda shunday deydi:
— G'azodagi bolalar uchun hozirgi eng katta xavf haqida javob berish men uchun og'ir. Sababi o'lim har qadamda bor. Bu davlatda hozir tirik qolish ham xavfli– yetim qolgan bolalarning ruhiy iztirobi o'ta og'ir. Ular kechasi xotirjam uxlay olmaydi, yuraklari doim hadikda. Har bir portlash, har bir shovqin ularning ongida chuqur iz qoldiradi. Biz imkon qadar suv, oziq-ovqat, dori-darmon, shuningdek, ruhiy tiklanish bo'yicha yordam ko'rsatishga harakat qilyapmiz. Ammo resurslar yetarli emas. Bizga xalqaro hamjamiyatning birdamligi zarur.
Bugungi kunda quyidagi davlatlar va tashkilotlar G'azo sektoriga yordam ko'rsatmoqda:
• Turkiya — tibbiy yordam va evakuatsiya reyslari;
• Iordaniya — parashyut orqali dori-darmon yetkazgan;
• BMT — tashkilotlari orqali gumanitar koridorlar ochish bo'yicha muzokaralar yuritmoqda;
• Norvegiya, Shvetsiya, Malayziya — moliyaviy yordam va ko'ngillilar yuborgan.
Shu bilan birga, yordam yetkazishdagi eng katta to'siq – siyosiy kelishmovchiliklar va byurokratik qiyinchiliklardir.
G'azo bugun o'zaro siyosiy kelishmovchiliklar emas, insoniyatning axloqiy va vijdoniy inqirozini aks ettirmoqda. Bolalar – urush boshlamagan, ammo eng ko'p jabr ko'rgan qatlam bo'lib qolmoqda.
G'azodagi kasalxonalar ham vayron etilgan
Sog'liqni saqlash tizimi butunlay izdan chiqqan. Kasalxonalarning aksariyati bombardimon qilingan, qolganlari esa dori-darmon, elektr energiyasi va suv tanqisligidan qiynalmoqda. Shifokorlar bemorlarni sham yorug'ligi ostida operatsiya qilishga majbur bo'lmoqda. Bemor bolalar ko'p hollarda oddiy dori yoki nafas olish moslamasi yo'qligi sababli hayotdan ko'z yummoqda.
G'azodan efirga uzatilayotgan videolar, jurnalistlar tomonidan yozilayotgan maqolalar, bolalar bilan o'tkazilgan interv'yular urushning qanchalik shafqatsiz bo'lishini isbotlamoqda. Interv'yulardan birida olti yoshli Yusra shunday deydi:
“Men akamni topa olmayapman. Uni oxirgi martta portlashdan oldin ko'rgan edim. Men shunchaki qayta uyg'onmaslik uchun uxlagim keladi... ”
So'zda “tinchlik”, “insonparvarlik” degan atamalarni tilga olgan ko'plab davlatlar amalda sukut saqlamoqda. NATO, Yevropa Ittifoqi, AQSh – bir-birini ayblash bilan band. BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a'zolari esa qaror qabul qila olmay, veto huquqlaridan siyosiy qurol sifatida foydalanmoqda. Natijada, eng himoyasiz qatlam – bolalar – jazo sifatida o'limga mahkum etilmoqda.
Bugun omon qolgan bolalar ertangi kunning umidsiz avlodini shakllantiradi. Ular maktabga emas, vayronalarga qarab ulg'aymoqda. Bu esa butun mintaqadagi barqarorlikka tahdid solmay qolmaydi.
Feruza RAHIMOVA,
ishonch.uz
Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0