Qozoqboy YO'LDOSh: Umumtafakkurimiz o'zgarishi zarur!
Odamlarda mehr-oqibat qolmayotir, yoshlar tarbiyasi o'ng'arilmas darajaga yetdi, deganga o'xshash gaplar bundan oltmish-etmish, hatto yuz yil ilgarigi badiiy-publitsistik matnlarga ham zeb beradigan mavzu sanalgan. Bugun ham ayni ohang o'zgargan emas. Biroq iddaolarning mazmun mohiyati o'sha-o'sha esa-da, uchinchi ming yillik jamiyatlari xarakter nuqtai nazaridan umumzehniyatini boshqa o'zanga solganday tuyuladi, menga.
“O'zbek bolajon xalq emas. Yaqin-yaqingacha bolaga faqat dastyor sifatida qarab kelganmiz”
“Eng baland minbarlardan tortib, pastki bosqichlargacha yaxshi gaplar juda ko'p aytilyapti. Ammo radikal o'zgarishlar, tub yaxshilanishlar yaqqol ko'zga tashlanmayotir”
“Jamiyat mayda tashvishlardan qutultirsagina, odamlar yuksak g'oyalar haqida fikrlashni boshlaydi. Aks holda u mayda masalalarning atrofida aylanib yuraveradi. Har holda och qoringa qo'shiq yoqmasa kerak...”
Masalan, bugunning odami bundan nari borsa, yigirma yil ilgarigi qavmdoshidan xiyla farqlanadi: ancha xudbin, befarq, serjahl, qobig'iga o'ralgan va o'ta asabiy. Insoniyat fe'lidagi bu global evrilish oila, turish-turmushlarimizga ham ta'sir qilayotganini bugun sezmaslik mumkin emas.
Mohiyat e'tiboriga ko'ra, bugun uylarimiz yotoqxonaga aylanib borayotganday, ro'zg'orda qozon qaynatish, bolalarga issiq qo'lbola taom tayyorlashdan ko'ra, konservalangan yemakni iste'mol qilish odat tusini olayotganday... Ota-onaning bola tarbiyasiga, bolalarning ota-onaga e'tibori susayganday. Hammamiz qalblarimizdagi nekbinlik, shirin orzu umidlar, romantizmni, ruhiy erkinlikni telefonlarga boy bergandaymiz. Axborot manipulatsiyasi butun raiyatni o'z izmiga solib, allaqayoqqa olib ketayotganday. Bir paytlardagi kitob o'qish, gazeta varaqlash kabi kundalik mashg'ulotlar tobora zavqsiz, mashaqqatli bir yumushga aylanib qolayotganday... «Diydor g'animat» degan hayotiy o'gitlarning umri oyoqlab, hatto olis qishloqdagi ota-ona bilan munosabatlarning ham virtual formati kun sayin normal qadriyatga aylanib borayotganday...
Nega shunday bo'layotir? Nega bunchalar tez o'zgardik? Kechagi mehr-oqibat, insof-diyonat degan tushunchalar qayoqqa g'oyib bo'ldi? Buning sababi nimada? Nahotki, aybni ba'zi birovlar aytayotganidek, kitob va gazetadan uzoqlashganimiz va yoki ongimizga quyunday yopirilayotgan turli xabarlar oqimidan izlashimiz kerak?..
Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo'ldosh bilan kechgan suhbatimiz aynan shu jarayonlar, jamiyatdagi, umumtafakkur va zehniyatlardagi o'zgarishlar xususida bo'ldi.
– Kitob o'qish, gazeta varaqlashdan uzoqlashganimiz rost gap, ammo bunga siz tusmollayotgan holatlar bosh sababchisi emas, nazarimda, – deydi Qozoqboy Yo'ldosh. – Balki jamiyatimizda yorug' nur, kelajakka ishonch, hayotimizning ertasiga ezgu mazmun bag'ishlaydigan jihatlar ko'zga yaqqol tashlanmayotgani bilan bog'liqdir. Menga ham hozir odamlarda qandaydir beparvolik, loqaydlik, umidsizlik hukm surayotgandek tuyuladi. Сhunki har qanday jamiyatda ham ertaga bugundan sal yaxshiroq bo'ladi, deb o'ylashga imkon beradigan jarayonlar, hodisalar ro'y berib turmasa, masalan, bugun kechagidan azobliroq, ertangi kun bugungidan qorong'iroq bo'laversa, odamlar yorug'likni ko'rmasa, ularda tushkunlik, loqaydlik paydo bo'lar balki...
– Bunday xonanishinlik yoki pessimizmning sababi nimada, deb o'ylaysiz? Ijtimoiy hayot «xolst»idagi bu rangning bo'rtib chiqishida kim ko'proq sababchi? Odamlarmi, jamiyatdagi tutumlarimizmi va yoki bizda hali-hamon shakllanmagan siyosiy madaniyatimizmi? Ehtimol biz global dunyoga ochilgan ko'yi mudom o'z qadimchiligimizga mahliyo bo'lib o'tirgandirmiz, ehtimol jamiyatga tadbiq qilingan nazariyalarda biror qusur bordir...
– Agar bunday holat bir, ikki, uch, boring ana yuz nafar odamda kuzatilsa, o'sha shaxslarning fe'li nobopligi, ularning mikromuhitida qandaydir chigalliklar borligi bilan izohlash mumkin. Kimningdir uyida, boshqasining ishxonasida iqlim yaxshi emas, atrofdagilar ularga nisbatan adolatsizlik qilayotgan bo'lishi mumkin. Bu holni odamlararo munosabatdagi nosozlikdan deb tushunsa bo'ladi.
Bordi-yu umidsizlik, loqaydlik ommaviy tus olgan bo'lsa, unda noqislikning sababini ijtimoiy tuzumdan qidirish kerak bo'ladi. Masalan, juda yaxshi qarorlar ketma-ket qabul qilinsa-yu, hayotga tatbiq etilmasa, odamlar turmushini tubdan o'zgartirish haqida ko'p gapirilsa-yu, ulardan darak bo'lavermasa, kishilarda ishonchsizlik kayfiyati paydo bo'ladi. Ishonchsizlik umidsizlikka, umidsizlik tushkunlikka olib keladi. Afsuski, bizda eng baland minbarlardan tortib, pastki bosqichlargacha yaxshi gaplar juda ko'p aytilyapti. Ammo radikal o'zgarishlar, tub yaxshilanishlar yaqqol ko'zga tashlanmayotir.
– Statistika agentligi e'lon qilgan ma'lumotlarga ko'ra, shu yilning yanvar'-sentyabr' oylarida 181,1 ming vatandoshimiz xorijga ko'chib ketgan va ushbu miqdorning 81,4 foizini mehnatga layoqatli yoshdagilar tashkil etgan. Migratsiyadagi yoshlar foizining yuqoriligi jamiyatdagi qandaydir ruhiy dinamik xususiyatga bog'liqmi yoki o'zingiz aytganingizdek, «umidsizlik»ning roli balandroqmi, bu o'rinda?
– Balki shundaydir... Сhunki har qanday odam ham yaxshi yashagisi keladi. Ammo hayotida yaxshilanish bo'lavermasa, boshqa joydan baxt izlashga tushib qoladi. Taassufki, ko'p yoshlar shu yo'lni tanlayapti. Go'yoki qaysi bir sehrli diyorga surish bilan hamma muammosi hal bo'lib ketadigandek. Nazarimda, bu noto'g'ri qarash. Zotan, har bir odam ketishdan ko'ra mavjud holatni ezgulik tomon burishga urinsa, o'zi uchun ham, jamiyat uchun ham foydaliroq bo'ladi. Buning uchun esa har bir shaxs o'z ustida qattiqroq ishlashi kerak.
Yana bir og'riqli masala shundaki, hozir yoshlarning asosiy kuchi til o'rganishgagina qaratilayotgandek. Buning zamirida ham bitta maqsad – til o'rganib, chetga ketish. Til bilsa, kifoya, muammo hal – olam guliston go'yo. Lekin koshki edi, shu bilan muammo hal bo'lsa. Aslida chet tilini o'rganish shaxs kamolotining bir vositasi. Ha, u – vosita, xolos. Bizda hozir til o'rganish maqsadga aylangan. Maqsad bilan vositaning o'rni almashib qolgan.
Avvalo, shaxs o'z tabiatiga mos keladigan kasbni tanlay bilishi va uning eng nozik sirlarini puxta o'zlashtirish uchun intilishi joizki, ana shunda o'zi istagandek hayotga erishadi. Xullas, men, siz, biz, ular o'z hayotimizni shu tariqa o'zgartirib borsak, jamiyatni ham ma'lum darajada o'zimiz istagan yo'singa keltirishimiz mumkin. Shu ma'noda faqat til o'rganishu surish hayotimizni to'g'ri o'zanga solish uchun kamlik qiladi. Albatta, til o'rganish kerak. Biroq tilni bilgani holda nochor mutaxassis bo'lishi yoki til bilishdan boshqa hech narsani bilmaydigan odam bo'lib qolishi ham mumkinki, buni fazilat, deb bo'lmaydi.
– Bundan bir asr ilgari muhokama qilingan maishiy mavzular hozir ham aktual. Ro'mol, soch-soqol, ikkinchi xotin… Ijtimoiy tarmoqlarda bir-biri bilan gap talashib, o'zining haqligiga iddao qilayotganlar so'zimiz tasdig'i... Mening nazarimda, siyosiy yoki intellektual mavzularda munozara yoki bahs qilishga bizning jamiyatga siyosiy madaniyat yoki tafakkur yetishmayotgandek. Shu bois bizda asosiy trend mavzular shaxslar hayoti va ijtimoiy muammolar bo'lib qolayotganday. Sizga ham shunday tuyilmaydimi?
– Aslida odamzodni bevosita o'ziga daxldor bo'lgan masalalar qiziqtirishi, o'ylantirishini tabiiy holat o'laroq qabul qilish kerak, deb o'ylayman. Сhunki odam ko'p jihatdan o'zining maishiy hayotini to'g'ri yo'lga qo'ysagina, umuminsoniy muammolar haqida bosh qotiradi, dunyo tashvishlari bilan qiziqadi. Jamiyat o'z ahlini mayda tashvishlardan qutultirsagina, odamlar yuksak g'oyalar haqida fikrlashni boshlaydi. Aks holda u mayda masalalarning atrofida aylanib yuraveradi. Har holda och qoringa qo'shiq yoqmasa kerak...
Ikkinchidan, jamiyatning intelektual salohiyati, saviyasi tobora paysayib boryapti. Buning sababi, odam faqat qoringa daxldor unsurlar, yemak-ichmak, kiymoq-yurmoqqa aloqador holatlar atrofida o'ralashib qolyapti. Uchinchidan, hammamiz emas, lekin ko'pchiligimiz ergashishga moyilmiz. Shuning uchun kimdir ikkinchi xotin haqida yoki soqol to'g'risida so'z ochsa, shunga ergashib, gapni chuvalashtirib yuraveramiz. Koshki edi, bundan kimgadir biror naf bo'lsa...
Umuman, birovning intim hayotiga aralashishga hech kimning – na davlat va na jamiyatning haqqi bor. Buni har bir shaxs mustaqil hal qilishi joiz. Qolaversa, bu narsalarning tartib-qoidasi qonun bilan mustahkamlab qo'yilgan. Demak, uni qayta-qayta muhokama qilaverishga aslo hojat yo'q.
Nazarimda, hozir jamiyatda nosog'lom bir holat borday. Ya'ni qandaydir qatlamdagi kimsalarda odamlarni qolipga solishga urinish va qolipni qoida darajasiga ko'tarish mayli bor. Bu borada sovetdan qolgan mo'lgina tajriba ham mavjud. Masalan, yaqin o'tmishda hammaning bir kishi yoki bir hovuch kimsalar istaganidek bo'lishi qoidalashtirilgan edi. Afsuski, bu amaliyotdan ba'zi birovlar hali voz ham kecha olmayotir.
Muxtasar aytganda, masalaning mohiyatidan ko'ra, uning ko'rinishiga andarmon bo'ladigan qatlam ro'mol, soqol, ikkinchi xotin masalasi bilan o'ralashib yuraveradi. Bu toifa odamlar jiddiyroq masala yuzasidan bosh qotirishga ojizlik qiladi. Negaki, foydali masala bilan band bo'lish muayyan darajada zo'riqishni, tayyorgarlikni talab qiladi.
Xo'p, ayol ro'molsiz bo'lsa, miyasi yaxshiroq ishlab qoladimi yoki ro'mol o'rasami? Soqol odamning asl mohiyatini belgilaydimi? Uning intelektual salohiyati, axloqiga shu ta'sir qiladimi? Bularning hammasi mohiyatni chuqur anglamaslik, boshqalarga aytganini qildirishga ko'r-ko'rona urinish, xolos. Tashvishlanarlisi shundaki, bugun ko'p tashkilotu tuzilmalar faqat tadbir o'tkazish bilan ovora. Ish haqidagi gap ish o'rniga qabul qilinmoqda. Go'yoki, vatanparvarlik haqida qandaydir tadbir o'tkazilsa, tadbir qatnashchilari vatanparvar bo'lib qoladigandek. Ma'naviyat haqida tadbir uyushtirilsa, hamma ma'naviyatli odamga aylanadigandek... Quruq tadbirbozlikdan naf yo'q-da. Agar bo'lganda edi, allaqachon rivojlanib, yuksalib ketgan bo'lardik.
Yana bir gap. Insonning erki bilan bog'liq jihatlarni mayda masalalar deb hisoblashimiz ham unchalik to'g'ri emas. Сhunki erk qancha bo'g'ilsa, taraqqiyot yo'qolib boraveradi. Odamlarni o'z holiga qo'ya bilish kerak. Ularning tashqi ko'rinishiga emas, ichki olami, insoniylik qiyofasiga ahamiyat qaratilishi lozim.
– Shu o'rinda men e'tiboringizni aytish o'rinli bo'lsa, siz uchun «brend» mavzu bo'lgan, bizda hali-hamon takomiliga yetmagan O'ZLIK sari burmoqchiman. Siz ko'p suhbatlaringizda, maqolalaringizda aytganingizdek, millat uchun eng asosiy milliy kod bu uning tilidir. Ammo biz bu o'rinda maqtana olamizmi? Jamiyatdagi, milliy zenhniyatimizdagi rus tilining ijtimoiy-siyosiy roli bizda siyosatchilar aytayotgan neokolanial kayfiyatni parvarish qilmayotirmikan? Zotan, bugun ham o'rischa gapirishni madaniyat belgisi sifatida biladigan, bolasini rus tilli maktabda o'qitsa, farzandining baxtu iqboli naqd bo'lishiga ishonadigan odamlar atrofimizda to'lib-toshib yotibdi. Biz esa tilni ulug'lash uchun qarorlar, turli hujjatlar chiqarishdan, yilda bir bor bulbulday sayraydigan shoir va shoirchalarni yig'ib, til bo'yicha she'rxonlik o'tkazishdan charchamaymiz. Natija esa…
– Bu ko'pdan buyon davom etib kelayotgan og'riqli masala. Сhunki bizning millatda o'zining barcha jihatlariga nopisandlik bilan qarab, o'zgalarning narsa-hodisalariga mahliyo bo'lish illati bor. Azaldan shunday. Hatto bu «qadriyat»ga aylanib ketdi, desam ham bo'ladi.
Ko'cha-ko'yga bir razm soling, hamma yerni begona yozuvlar tutib ketgan. «Kvartira prodayotsya», «dom prodayotsya» hatto «chayxana prodayotsya» deb ham yozib qo'yishadi. Shunday holatga duch kelganda odam tutab ketadi. Aslida choyxonasini o'risga tekin bersa ham olmaydi, boshiga uradimi uni? Lekin ruscha yozib qo'yaverishadi. Сhunki bundaylar «buni kimga yozyapman, nima uchun yozyapman» deb ham o'ylamaydigan darajada. «Oladigan odam o'zbek bo'lsa, ularga tushunarli bo'lishi kerak-ku», deb fikrlashga qodir emas ular.
Gap til haqida ketarkan, yana bir narsani aytib o'tishni joiz deb o'ylayman. Ko'pchilik farzandini rus maktabiga beryapti. Go'yoki shunday qilsa, bolasi hammadan aqlli bo'lib ketadigandek.
Jiddiy o'ylab ko'rilsa, rus maktabiga borgan bolaning 11 yillik umri ilm olishga emas, rus tilini o'rganishga sarflanadi. Сhunki u bu tilda fikrlamaydi. Maktabda o'rgatiladigan har bir tushunchaning o'zbekchasi qanday bo'lishini o'ylaydi. Tushunchaning mohiyatini anglashga ulgurolmaydi.
– Lekin ko'pchilik rus maktabidagi ta'lim sifati o'zimiznikidan ancha yaxshi deb o'ylashadi…
– Bu fikrga mutlaqo qo'shilmayman. Binobarin, bolalarning bilimi qaysi tilda o'qishida emas, qanday ta'lim olishiga bog'liq. Fikrimcha o'zbek bolasi rus maktabida o'zligini yo'qotib chiqadi. Nimagaki, o'rischa gapirishni ma'qul deb biladi. Negaki, «rus xalqi buyuk millat», «rus tili eng boy til» ekani qulog'iga quyiladi. Shu yo'sinda tarbiyalangan odam o'zining milliy mansubligidan uyaladi. Hatto o'zga tilni, o'zga madaniyatni o'zlashtirib olganidan faxrlanadigan darajaga tushadi. Holbuki, o'z tilidan kechmay turib ham boshqa tilni, madaniyatni bemalol o'rganish mumkin. Xullas, til o'rganish o'zligidan kechish hisobiga bo'lmasligi kerak.
– Siz aytayotgandek, o'zgalarning hayotiga mahliyo bo'lish, birovlarni muhokama qilish bugun bizning jamiyat uchun qandaydir xarakterga aylanib borayotgandek. Qolaversa, ortiqcha dabdabalarga berilish, shon-shuhrat to'niga o'ranish «piligi» ham bugun har qachongidan balandroq ko'tarilganday. Shu ma'noda, menga bugungi odamlar haddan ziyod mayda-chuyda orzu-havaslar bilan o'ralashib qolgandek tuyuladi. Qachon qarasang, qaysidir artistning to'yiyu, kiygan libosi va shunga o'xshash mavzularni gapiradi, jiddiy muhokama qiladi. Achinarlisi, bunaqa mayda narsalarga ba'zan ahli ilm, ziyolilar ham aralashib qolmoqda...
Odamzot o'zining ma'naviy, axloqiy, tafakkur darajasini parvarish qilib bormasa, borgan sayin ojizlashib, maydalashib boraveradi. Odamlarda katta ideallarga qiziqish bo'lmagani tufayli mayda-chuyda, bo'lmag'ur narsalarni o'ylab topish, o'sha bilan o'zining ko'ngil istaklarini qondirishga ishtiyoq ortib ketadi. Go'yoki shu bilan to'kis baxtga erishadigandek, turli urf-odatlar o'ylab topadi.
Masalan, sunnat to'ylarda bolachani taxti-ravonga o'tqazib, to'rt kishilashib, ko'tarib yurish, kelin-kuyovning ustidan pul sochish kabi mantiqsiz holatlar urfga kirdi. Yoki yana birov tug'uruqxonadan farzandini karnay-surnayu dabdaba bilan olib chiqyapti. Nima bizdan boshqa millat farzand ko'rmaydimi? Ular uchun bola aziz hisoblanmaydimi? Baxt-quvonch keltirmaydimi? Negadir, boshqalar bizga o'xshab vahima qilmay, tug'rug'xonadan uyiga keladi, tarbiya qiladi va bu ishni bizdan ko'ra yaxshiroq uddalaydi.
Ahli ilm va ziyolarning mayda-chuyda masalalarga o'ralashib qolishini esa quyidagicha izohlagan bo'lardim: kishi atrofidagi odamlar darajasida ish tutadi. Qavmining talabi, bilmoqchi bo'lgan narsasi shu bo'lgach, ziyolining pand-nasihati ham bundan ortiq bo'lmaydi. Сhunki bundan ortiq narsani ilg'ashga, hazm qilishga saviya kerak bo'ladi. Albatta, bu bilan qaysidir ahli ilmning noto'g'ri tutumini oqlash fikridan yiroqman. Qaysidir imomning bir artistning hayotini masjid darajasida muhokama qilishini ham ma'qullamayman. Lekin ko'pchilikni qiziqtirgan holatga munosabat bildirish lozim, degan o'yda shu haqda gapirgandir, degan gumondaman, xolos.
Azaldan, ahli ilmlar, shoirlar, mutafakkirlar xalqimiz darajasini yuksak bo'lishiga harakat qilishgan va shunga intilgan, shuni targ'ib qilgan ham. Biroq afsuski, bunga birdaniga erishib bo'lmas, ba'zan hatto urinish bo'lmasa, bir umr shunday o'tib ketish ham mumkin ekan. Shuning uchun oydinlar qatlami millatning saviyasini ko'tarish, unda o'ziga hurmat tuyg'usini shakllantirish ustida tinimsiz ishlashi kerak.
Lekin eng oldin millat o'zini-o'zi isloh etishi kerak. Omon Muxtor ta'biri bilan aytganda, o'zini-o'zi ko'tarmasa xalq, uni hech kim ko'tara olmas.
Bizda foydali narsani aytilsa, unga tish-tirnog'i bilan qarshi kurashish tajribasi bor. Bo'lmag'ur orzu-havaslar, vaqtinchalik ko'ngilxushliklardan hech qanday naf yo'qligini aytgan odam dushman sanaladi.
Xullas, istaklarimiz g'oyat jo'n va naqadar mayda: ayollar tug'uruqxonadan albatta, hashamatli mashinada chiqishi shart. U yerdan uyigacha yetib boradigan muddat va masofaga oylab topgan pulini sarflaydi. Shu bilan go'yoki baxtli bo'lib qoladigandek. Ammo ro'zg'orga kerakli buyum olishning, farzandiga yaxshiroq yedirish, kiyintirishning uddasidan chiqolmaydi. Kitob olib berishga og'rinadi. Bu masalalar aytilaverib, siyqasi chiqib ketdi. Biroq bu borada biron natijaga erishdik, deb bo'lmaydi.
Balki bu bolajon xalq bo'lganimizdandir?
Shu «bolajon xalq»ligimizga hech ham ishonmayman. Aslida o'zbek bolajon xalq emas. Shunchaki buni sifat bilan emas, son bilan izohlab, o'zimizni-o'zimiz shunday darajaga ko'tarib olganmiz, tug'ish va tug'dirishni qotiryapmiz, xolos.
Haqiqatan ham, bolajon xalq har qanday vaziyatda uning tarbiyasi, ertangi kuni haqida jiddiy qayg'uradi. Bizda-chi?
Yaqin-yaqingacha bolaga faqat dastyor sifatida qarab kelganmiz. Qishloqlarda hozirgacha ham shunday. Hali mol boqishga haydalinadi, hali o't o'rib kelishga yuboriladi. Сhindan ham bolajon xalq bo'lganimizda arzimas hoyu-havaslarni deb oilani buzmas yoki farzandimizni birovga majburlab uylantirmas, turmushga uzatmas edik. Xotinga yoki erga achchiq qilib, hali voyaga yetmagan begunoh go'daklarning qotiliga aylanmas edik. Ularni yoqib yuborish bilan qo'rqitmas edik. Tug'ib, chiqindixonaga uloqtirmasdik. Hilvat joyda bo'g'ib o'ldirmasdik. Alamimizni bolalardan olmas edik...
Oila haqida gap ketarkan, mazkur statistikaga e'tiboringizni qaratmoqchiman: o'tgan yilning yanvar'-avgust oylarida respublikamiz bo'yicha 32 ming 630 ta ajrashish holati qayd etilgan. Sizning-cha, hozirgi globallashuv va madaniyatlar qorushuvi davrida zehniyatni, millatni va oilani saqlab qolish uchun nimalar qilish kerak?
To'g'ri, bu kichkina raqam emas. Avval ham ajralishlar bo'lgan. Shu jumladan, bir-birini yoqtirmasa-da, bir-biriga ko'nib, yashab ketganlar ham ko'p edi. Lekin er-xotin bir-biriga achchiq qilib, bolasini nobud qilishday gunoh ishlari bo'lmagan. Afsuski, hozir bu ko'payib bormoqda. Qahrning mehrdan, johillikning aqldan ustun kelishi, shaytoniy istaklarning quliga aylanib qolish oqibati bu.
Tagini surishtirsangiz, shu oilalarning ko'pi mayda-chuyda arzimas sabablar tufayli ajrashgan bo'lib chiqadi. Boshqa holatlar singari oila masalasida ham haddan ziyod maydalashib ketdik. Hozir kuyov yoki kelinning yaxshi insonligi fazilat hisoblanmayapti. Ularning darajasini maishiy jihozlaru latta-putta, qudalar o'rtasidagi oldi-berdi belgilayapti.
Ayrim ota-onalarning bolasini tanimagan-bilmagan inson bilan oila qurishga majburlashi ham bor gap. Hozirgacha ham o'z ixtiyori, yurak amri bilan oila qurayotganlar ko'p emas. Shunchaki bir-ikki marta uchrashib, ota-ona amri bilan turmush qurayotganlar ko'proq.
Yana bir jihat: odamlarimiz o'zining saviyasini ko'tarmagan holda istaklarini ko'tarib yuboryapti. Nafsning xohishlari juda baland. Lekin ma'naviy saviya, tafakkur, aqliy saviya yuksalmayatpi, balki borgan sayin tubanlashib borayotir. Mudom o'qib-o'rganganimizda, kitob varaqlaganimizda edi, bu ahvolga tushmagan bo'larmidik...
Kitob o'qishning millat ahvolini yaxshilashga aloqasi shundaki, badiiy asar odamda boshqa insonni tushunish qobiliyatini shakllantiradi. Boshqalarning oldida javobgarlik, mas'uliyat his qilish tuyg'usini o'stiradi.
Masalan, «O'tgan kunlar»ni o'qigan mardum Homidga emas, Otabekka o'xshashga harakat qiladi. Zaynabni emas, Kumushni yaxshi ko'radi. O'zbekoyimga emas, Oftoboyimga mehr qo'yadi. Shu tariqa inson o'z-o'zini tarbiyalanib boraveradi. Birovni tushunishni bilmagan, faqat o'z istagini saodat deb biladigan qatlam shakllangani uchun ham kelin-kuyovlar bir-birini kechirolmaydigan, bir-biriga bag'rikenglik bilan qarolmaydigan, bir-birini tushunmaydigan holatga kelib qolyapti. Oqibatda, ajralishlar soni ortib, bolalar tirik yetimga aylanmoqda.
Oilani tashkil etgan ikki odamning ajrashuvi fojei emasdir. Lekin shu ikki odamning ajrashishi oqibatida bolalar jabr ko'rsa, azoblansa, mana bu fojia. Binobarin, ko'ngli siniq, ota yoki onasidan norozi bo'lib, o'sayotgan bolalar ko'payayotgani yaxshilikka olib kelmaydi.
Toki, oila qurish bir yigit bilan qizning shaxsiy ishiga aylanmas, chetdan unga aralashaverishlar to'xtamas ekan, bunday holatlar ortib boraveradi. Zotan, oila jamiyatning taraqqiyotiga asos bo'ladigan tuzilma hisoblanadi. Shu bois iloji boricha poydevorni mustahkam qurish lozim. Lekin bu kimdir qiynalib, azobda yashasa ham, hatto jonidan kechsa ham oilani saqlab qolish kerak, degani emas. Aksincha, oxirgi nuqta, ya'ni ajrashish bir-birini qiynashu azoblashni to'xtatish chorasi bo'lishi kerak.
Millat ruhiyatidagi bu dog'larni yo'qotishning imkoni bormikan?
Bu illatlarni yo'qotishning birdan bir yo'li – o'qish, o'rganish, izlanish, o'z ustida ishlash. Aslida mukammal jamiyat yaratishning retsepti bo'lmaydi. Zero, ideal jamiyat qurish yo'lida ne-ne zotlar o'ylanmadi deysiz. Lekin davr o'tgani sayin ularning ko'p gaplari tusmoldan o'zga narsa emasligi oydinlashib borayotir.
Masalan, Karl Marks bashariyat hayotini besh bosqichga bo'lib, beshinchi va oxirgi formatsiya bu – komunizm bo'ladi, deya bashorat qilgan edi. Biz o'sha komunizmda ham yashab ko'rdik. Va bu g'oyaning asli puch ekani bizning hayotimizda o'z isbotini topdi. Shu ma'noda hamma zamonlarda ishlataversak to'g'ri kelaveradi, samara beraveradi degan yo'sindagi katta xulosalarni aytishdan tiyilgan ma'qul, deb o'ylayman. Nazarimda, odamning saviyasi yuksalgani sayin jamiyat taraqqiyot topib, illatlar kamayib boraveradi. To'g'ri fikrlaydigan odamlar ko'paysa, bir-birimizga zararimiz kam tegadi.
Lekin hozir siz aytayotgan o'sha kitob o'qishga o'zini baxshida qiladigan odamlar kam-da. Mana, masalan, hozirgi yoshlar orasida orzu-maqsadlariga tezroq erishishning yo'li faqat internetda, deb o'ylaydiganlar ko'p. Kitob o'qish, mutolaa mashg'ulotiga arxaik tushuncha sifatida qaraydiganlar sinfi bizda allaqachon shakllanib bo'ldi. Ehtimol shu bois internetga kirib, tezroq mashhurlikka erishish va mo'may daromad topish ilinjida har xil bema'ni ishlarga qo'l urishmoqda...
– Umuman, shuhratga intilishga yomon narsadek qarash kerak emas. Odamni bundan tiyiltirmaslik lozim. Inchinun, insonni doim oldinga chorlaydigan vosita ham aynan shon-shuhratga intilish bo'ladi. Hozir buning yoniga pulga intilish ham qo'shildi. Mayli, intilsin, harakat qilsin. Faqat toza va halol yo'llar bilan…
Aslida toza, halol yo'l bilan maqsadga yetish odamlar o'ylaganchalik qiyin ish emas. Astoydil harakat qilinsa, murodga erishsa bo'ladi. Ko'p ishlash, ko'p o'qish kerak bo'ladi. Tabiiyki, o'qish deganda internetdagi yangiliklarni, qo'ydi-chiqdilarni o'qishni nazarda tutmayapman. Сhunki internetdagi ma'lumotlarni uning saviyasidagi, ehtimol uning saviyasidan ham past bo'lgan shaxs yozayotgandir. U shuni bilim o'laroq qabul qilyapti. Kitobdagi bitiklarni esa undan judayam yuksak bo'lgan, bir qancha chig'iriqlardan o'tib, sayqal topgan allomalar yozgan. U bilan internetdagi uzuq-yuluq bilimning farqi bor. Shuning uchun kitob o'qishdan yuz o'girmaslik darkor.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Suhbatni G'ulomjon MIRAHMEDOV uyushtirdi
Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0