100 yoshga to‘lgan Merilin Monro: erta so‘ngan yulduzning sirli o‘limi
“Haqiqat kamdan-kam hollarda hammaga maʼlum bo‘ladi. Odatda yolg‘on tarqaladi. Baʼzan haqiqatdan boshlamasangiz, boshqa qaerdan boshlashni ham bilmaysiz”. Mashhur aktrisa Merilin Monro bu so‘zlarni 1962 yilda, o‘limidan sal oldin Life jurnaliga bergan intervyusida aytgan edi. Haqiqiy ismi-sharifi Norma Jin Mortenson bo‘lgan Monro navqiron 36 yoshida vafot etdi va o‘zidan bahs-munozaralarga to‘la sirli hikoya qoldirdi. U millionlab odamlar tomonidan sevilgan bo‘lsa ham, bir vaqtning o‘zida og‘ir psixologik va hissiy muammolar bilan kurashishga majbur bo‘ldi, bu og‘ir bolalik va global shuhrat yuki bilan ham bog‘liq edi.
1926 yilning iyun oyida dunyoga kelgan Norma Jin Mortenson (Merilin Monro) bolalar uyida o‘sgan va uning bolaligi qiyin va g‘amg‘in o‘tgan. Onasi betartib hayot kechirgan, axloqsiz bo‘lgan va qizini tarbiyalashda beparvo edi. Qiz bir necha bor vasiylikka olingan, ammo bundan hech qanday yaxshi natija chiqmadi. Bo‘lajak kino yulduzi juda yolg‘iz va odamovi bola bo‘lib ulg‘aygan. Hayoti davomida u hech qachon haqiqiy otasining kimligini aniqlay olmagan.
Yolg‘izlik changalidan qochib, oilaviy baxt topishga intilgan Norma birinchi marta 20 yoshida turmushga chiqdi. Uning tanlagan yigiti samolyot zavodida oddiy ishchi edi. Merilinning o‘zi zavodda ish topdi. Ikkinchi jahon urushi avj olayotgan edi va kompaniyada ishchilar etishmasdi. Agar urush fotografi Devid Konover uni 1944 yilda ko‘rmaganida, uning kelajagi qanday rivojlanishi nomaʼlum bo‘lib qolardi. Bolaligidan Monro juda jozibali bo‘lib, haqiqiy go‘zalga aylangan edi. Uning go‘zalligiga qoyil qolgan Devid professional fotosessiyaga taklif qildi. Suratga olish Normaning hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi.
Konover o‘zining fotosuratlarini mamlakat bo‘ylab model agentliklariga yubordi va tez orada u ko‘plab moda jurnallarining muqovalarida paydo bo‘ldi. Kinostudiyalar ham uni tezda payqashdi. Qahramonimiz 21th Century Fox kompaniyasi bilan foydali shartnoma imzoladi, birinchi eridan ajrashdi va onasining qizlik familiyasini olib, Merilin Monro bo‘ldi. Shunday qilib, uning butun dunyo bo‘ylab shuhrat qozonish yo‘li boshlandi.
Merilin Monro tez-tez, sermahsul rol o‘ynagan va o‘sha davr uchun katta gonorarlarga ega bo‘lgan. Uning eng mashhur filmlari orasida “Sevgi uyasi”, “Tungi to‘qnashuv”, “Niagara”, “Jentelmenlar mallasochlarni afzal ko‘rishadi” va “Millionerga qanday turmushga chiqish kerak?” kabilar bor. Kino mutasaddilari Merilinni shunchaki aqlsiz, jo‘shqin sarg‘ish ayol deb bilishgan va shunga mos ravishda unga rollarni taklif qilishgan. Biroq, Merilinning isteʼdodi ancha chuqurroq edi. Ehtimol, u bu isteʼdodni to‘liq namoyon etish imkoniyatiga faqat bir marta ega bo‘lgan va bu uning faoliyatining oxiriga yaqinlashgan – “Shamol bilan ketganlar” filmi yulduzi Klark Geybl bilan ajoyib duet yaratgan “Murosasizlar” dramasida yaqqol aks etgan. Afsuski, bu film ikkala aktyor uchun ham oxirgisi bo‘lib chiqdi.
Merilin Monro qanchalik urinmasin, hayoti davomida oilaviy baxtni topa olmadi. Birinchi eridan ajrashgandan so‘ng, u yana ikki marta turmushga chiqdi, ikkala safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Monroning shaxsiy hayoti doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘lgan. Uning dunyoga mashhur beysbolchi Jo Di Maggio bilan turmushi bir yildan kam davom etgan va dramaturg Artur Miller bilan nikohi esa olti yildan so‘ng ajralish bilan yakunlangan. Aktrisaning farzand ko‘rishga urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Merilin klinik depressiya, xavotir va kayfiyat o‘zgarishidan aziyat chekgan. Vaqt o‘tishi bilan unda alkogol, tinchlantiruvchi va uyqu tabletkalari kabi psixotrop dorilarga qaramlikni rivojlangan.
Umrining so‘nggi yillarida Monroning ruhiy salomatligi jiddiy ravishda yomonlashgan. “Nimadir sodir bo‘lishi kerak” (Something's Got to Give, 1962) filmini suratga olayotganda, aktrisa muntazam ravishda ishga bormagan, bu esa uning shartnomasining bekor qilinishiga va keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan. 1962 yil 4 avgustdan 5 avgustga o‘tar kechasi Monro Brentvuddagi uyida jonsiz holda topilgan. O‘lim sababi tinchlantiruvchi dorilarning haddan tashqari ko‘p dozasi bo‘lgan.

Mish-mishlarga ko‘ra, u prezident Jon Kennedi bilan, u Qo‘shma Shtatlardagi eng yuqori lavozimni egallashidan oldin ham jiddiy munosabatda bo‘lgan. Va u jiddiy ravishda Birinchi xonim bo‘lishni niyat qilgan. Erta so‘ngan aktrisaning to‘satdan o‘limi mish-mishlar va g‘iybatlar uchun yanada ko‘proq asos bo‘ldi. Uning vafoti rasman “o‘z joniga qasd qilish ehtimoli” deb topildi va bugungi kungacha tarqalayotgan son-sanoqsiz mish-mishlar va fitna nazariyalariga sabab bo‘ldi. Bu hikoyada Gollivud stsenariysining barcha tarkibiy qismlari mavjud: siyosat, razvedka idoralari, mafiyaning taxminiy roli va AQSh prezidenti va uning oilasi bilan aloqadorlik ehtimoli.
Merilin Monroning o‘limi bilan bog‘liq uzoq vaqtdan beri davom etayotgan sirning asosiy mavzusi uning aka-uka Kennedilar - AQSh prezidenti Jon Kennedi va bosh prokuror Robert Kennedi bilan aloqasi borligidir. Tahlilchi Entoni Sammersning manbalari unga Monro va Kennedilar aktrisaning do‘sti va Kennedi oilasining kuyovi bo‘lgan aktyor Piter Loufordga tegishli Malibu plyajidagi qasrda muntazam ravishda uchrashib turishganini aytishgan. Jurnalistning baʼzi manbalari Monro ikkala aka-uka bilan ham romantik munosabatda bo‘lganini daʼvo qilishdi: avval Jon Kennedi, keyin esa Robert. Lekin Kennedi oilasi bunday munosabatlarning mavjudligini hech qachon rasman tasdiqlamagan.
Aynan aktrisaning o‘limi bilan bog‘liq ko‘plab gap-so‘zlar va fitna nazariyalarining asosiy sabablaridan biriga aylangan narsa uning o‘sha davrdagi eng nufuzli ikki amerikalik siyosatchiga yaqinligi edi. Entoni Sammers tomonidan to‘plangan yozuvlarda xususiy tergovchilar va sobiq FQB agentlari Merilin Monro va Kennedi aka-ukalarining doimiy kuzatuv ostida bo‘lganini daʼvo qilishadi. Ish ustida ish olib borayotgan tergovchilar unga Monro va Piter Loufordning uylari huquqni muhofaza qilish organlari va mafiya guruhlari tomonidan Bosh prokuror Robert Kennediga bosim o‘tkazish uchun kompromat materiallarni olishga umid qilib, tinglanganini aytishdi.
Sammers shuningdek, Monroning chap qanotga siyosiy xayrixohligi tufayli kuzatilganligini va uning Kennedi aka-ukalari bilan aloqalari razvedka idoralari tomonidan potentsial xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilganligini ko‘rsatuvchi FQB hujjatlarini topdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, siyosiy o‘yinlarga aralashish aktrisaning chuqur tushkunlikka tushishiga sabab bo‘lgan, chunki u o‘zini bir buyum kabi his qilgan.
Shunga qaramay, Merilin Monro karerasi davomida tijoriy jihatdan juda muvaffaqiyatli aktrisaga aylandi. Uning ishtirokidagi filmlar o‘sha davr o‘lchovlari bilan 200 million dollardan ortiq (bugungi kun hisobi bilan milliardlab dollar) daromad keltirgan. 1960 yilda “Jazda faqat qizlar” (Some Like It Hot) filmidagi roli uchun “Eng yaxshi komediya aktrisasi” nominatsiyasida nufuzli “Oltin globus” mukofotini qo‘lga kiritgan. U 1953 va 1962 yillarda “Oltin globus”ning “Jahon kino sanʼati sevimlisi” (World Film Favorite) maxsus mukofoti bilan ham taqdirlangan.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0