BAShORATСhI-SEHRGARLAR
Ular sirli qotilliklarni ham fosh eta olishadimi?
Bashariyat tarixida o'ta noyob xislatlarga ega kishilar ko'p bo'lgan va hozir ham tez-tez uchrab turadi. Oddiy xalq ularni bashoratchi, sehrgar yoki ko'zboylog'ich deb ataydi, ba'zan nayrangbozga yo'yadi. Bu ta'riflar zamirida muayyan darajada haqiqat mujassam. Negaki, g'ayritabiiy qobiliyat sohiblaridan ayrimlari narsa-buyumlar holatiga qarab, kechmish voqealarni ular amalda qanday sodir bo'lgan bo'lsa, aynan shundayligicha ta'riflab-tasvirlab berishadi. Ba'zilari insoniyatni boshiga tushajak fojia-musibatlardan, balo-ofatlardan oldindan ogohlantirishadi. Noxush voqea-hodisalar qachon, qaerda va qay tarzda ro'y berishini aniq ayta olishadi. Evaziga ko'pincha rahmat eshitadilar, gohida esa noo'rin malomat va ta'na-dashnomlarga qoladilar yoki har xil tajovuz-tazyiqqa uchrab, tahlikali hayot kechiradilar. Quyidagi hikoyalarimiz shu xususda.
Sichqonning ini ming tanga bo'lganda...
1940 yil nihoyasida sobiq SSSRning poytaxi – Moskva shahrida favqulodda hodisa ro'y beradi: yuqori martabali amaldorlardan biri qo'qqisdan yo'qolib qoladi. Uning qo'lida davlat ahamiyatiga molik maxfiy hujjatlar solingan portfel' ham bor edi. Shu bois voqeadan ogoh topgan Stalin g'azab otiga minadi. Mamlakatning bo'lg'usi Bosh vaziri N.Bulganinga hujjatlarni yerning tagidan bo'lsa ham topishni buyuradi va uch kun muhlat beradi.
Bulganin huquq-tartibot idoralari xodimlari yordamida hammayoqning tit-pitini chiqaradi, baribir, topshiriqni bajarolmaydi. Oxirgi kuni daf'atan mashhur ko'zboylag'ich Vol'f Messingni eslab qoladi. O'sha kezlar qirchillama yoshni qoralagan Vol'f aslida pol'shalik yahudiy bo'lib, ko'pchilikka odamlar fikrini o'qiy va uqiy oladigan, ularga xayolan ma'lumot yuborib, buyruq beradigan qobiliyatga ega telepat, fokuschi, bashoratchi va sehrgar sifatida tanilgandi. Bir bashorati tufayli Gitlerning dushmaniga aylangach, fashistlar zug'umidan qochib, sho'rolar yurtida qo'nim topgandi. Ammo uning tomoshalarini hukumat mulozimlari yoqtirishmas, aksincha, doimo kamsitib kelishardi. Jumladan, Bulganin ham uni ko'p bor nodonga va ma'rifat dushmaniga mengzagan edi. Bu safar esa, ikki oyog'i bir etikka tiqilgani tufayli, undan ko'mak so'rashga ahd qiladi. Messing Ukraina bo'ylab ijodiy safarda yurganini aniqlagach, darhol Kievga otlanadi. Yarim kunga qolmay, uni Moskvaga – portfelli amaldor sirli ravishda g'oyib bo'lgan muassasaga olib keladi.
Vol'f debochasiga xonani aylanib, barcha buyum-narsalarni sinchiklab ko'zdan kechira boshlaydi. Zum o'tmay, uning shuurida shunday manzara namoyon bo'ldi: qishloq joy. Ana, daryoning tik qirg'og'i. Olisdan cherkov binosi ko'rinib turibdi. Mana, bir paytlar daryo uzra qurilgan, endilikda yonboshga og'ib qolgan ko'prik. Uning ustunlaridan birining ostida allanarsa yotibdi. Xo'sh, u nima bo'ldiykin? Mabodo, portfel' emasmi?.. Ha-ha, xuddi shunday, bu – o'sha matoh! Lekin yon-atrofda odam zoti ko'rinmaydi. Nachora?..
Xonaga jamuljam bo'lgan maslahatchi-o'lkashunoslar ko'zboylog'ich xayolan tasvirlab bergan joy, haqiqatan ham, mavjudligini bir ovozdan tasdiqlaydilar. Izquvarlar fursatni boy bermay, o'sha tomonga oshiqadilar. Shom mahali jiddiy tashvishga sababchi portfelni bus-butunligicha va ichidagi hujjatlari bilan birga hukmdor stoli ustiga keltirib qo'yadilar...
Bashoratchining sirli o'limi
Bashoratchi sifatida elga tanilganlardan yana biri professor Jerar Kruaz'e edi. U o'zidagi noyob iste'dodni o'g'li jangda halok bo'lgani haqidagi shumxabarni eshitib, qattiq iztirobga tushgan kezlari sezib qoladi. Shu-shu uzoq yillar yo'qolgan yoki o'g'rilangan o'g'il-qizlarni izlab topishdek savobli yumush bilan shug'ullanadi. Bu borada politsiyachilar bilan hamkorlik ham qiladi. Odatda, Kruaz'e ulardan voqea tafsilotini so'rar, ko'pincha oxirigacha eshitmayoq, bolani qaerdan qidirish mumkinligini tez, gohida juda aniq aytib qo'ya qolardi.
Dunyoning ishlari teskariligini qarangki, o'zgalar koriga yaragan professor o'z hayotini saqlab qololmadi. U Italiya Bosh vaziri Al'do Morning qotillarini izlab topish uchun shu mamlakatga kelgani hamono sirli ravishda jon taslim qildi. Bu jumboq haligacha yechimini topgani yo'q. Faqat bir narsa aniq: professorning bashoratchilik qobiliyati juda kuchli edi. Shu bois qotillar sirlari ochilishidan qattiq xavotirga tushishgan. Axiyri, doimo qo'rquv ostida yashashdan ko'ra, uning joniga qasd qilishni afzal ko'rishgan.
Angliyalik Nella Jouns bashoratchilik bobida shon-shuhrat cho'qqisiga ko'tarilmagan esa-da, omadi chopganlardan edi. Ayniqsa, o'tgan asrning 80-yillari oxirida 13 nafar juvonni vahshiylarcha o'ldirib, “Yorkshirlik ichak-chavoq ag'daruvchi” laqabini olgan Satkliffni ushlashda katta xizmat ko'rsatdi. Avvaliga o'ta xavfli kallakesarning ismi Piter ekanligini taxminladi. Ko'p o'tmay qotil haydovchi bo'lib ishlashini, Janubiy Yorkshirga qarashli Bedford muzofotidagi tepalikda joylashgan 6-uyda yashashini aniq-tiniq bashorat qildi. Shuningdek, u haydaydigan mashina eshiklariga “K” harfi bitilganini ham aytdi. Bu ma'lumotlarning hammasi to'ppa-to'g'ri bo'lib chiqdi.
Yigirma yilga kechikkan jazo
1990 yil 23 sentyabr' kuni Xemel Xempsted shahrida to'rt yashar bolakay yo'qolib qoldi. Bu haqdagi mash'um xabar jamiki ingliz gazetalarida chop etildi. Biroq bir necha haftalik qidiruvlar zoe ketdi. Politsiya ishni harakatdan yotqizdi. Сhunki ayni turdagi jinoyatlarni ochish cho'zilib ketgan taqdirda oqibati qanday tugashi, aniqrog'i, o'g'rilangan bolalar aksariyat hollarda o'ldirib yuborilishi barchaga ma'lum edi. Taajjubki, Nella bu xulosaga qo'shilmadi. Ichki his-tuyg'ulariga ishonib, “Go'dak tirik!” degan fikrda qat'iy turib oldi. Norasida o'g'rilangan joyga borganda esa, allaqanday qo'ng'iroq va yerosti yo'li to'g'risida ham so'z ochdi.
Har qalay, chiqmagan jonga umid bog'lash yaxshi ekan! Ikki oy deganda bolaning daragi chiqdi. U voqea joyidan o'nlab chaqirim naridagi erkaklar yotoqxonasida yashayotgan, tani-joniga zarracha zarar yetkazilmagandi. Yotoqxona yonida esa “Qo'ng'iroq” nomli restoran bo'lib, uning kiraverishi yerosti yo'lini eslatardi. Bola o'g'risi Peter Mey o'sha yerda hibsga olindi. 1991 yil iyunida sud hukmiga binoan, u 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Taniqli ruhiyatshunos doktor Keyt Uayld 1958 yildan buyon Manchestrda amaliy faoliyat yuritayotgan, allaqachonlar parapsixologiya sohasida nimalarga qodirligini to'la-to'kis namoyon etgan edi. 1991 yili uni Telforddagi bir uyga taklif qilib, ayollar libosini ko'rsatishdi. Doktor kiyimni ko'zdan kechirib, o'lgan qizaloqqa tegishli ekanligini aytdi. Hatto murda qay holatda yotganini ham to'la-to'kis ta'riflab berdi. Tabiiyki, bu bashorat ota-onani qattiq larzaga soldi. Сhunki ular 20 yil muqaddam 12 oktyabrda dom-daraksiz ketgan dilbandlari Unn Lenski tirikligiga ishonib va hamon yo'llariga ko'z tikib yashab kelishayotgandi. Endi esa...
Dunyoda farzand dog'idan og'ir dard bo'lmaydi. Ayni chog'da, ko'z yoshi to'kkan bilan o'lgan odam tirilib kelmaydi. Er-xotin doktordan Irlandiyaga – bir vaqtlar qizaloq yo'qolgan Kaunti Mit shahriga birga borishini o'tindilar. Uayld jinoyat joyini aniqlash maqsadida kanorani bafurja kezib chiqdi. Axiyri, bir yerda to'xtadi-da, yonidagi politsiyachiga qarab, “Vahshiylik qurbonining xoki shu atrofda”, dedi va uni o'ldirgan uch kishining ism-sharifini aytdi. Politsiyachi ilkis hushyor tortdi. Boisi, professor tilga olgan shaxslardan biri yaqinda o'g'riligi uchun qamoqqa olingandi. Qolgani tushunarli: yopiqliq qozon yopiqligicha qolmadi, kechikib bo'lsa-da, qotillar qilmishlariga yarasha jazolandilar.
Olimpiada arafasidagi bashoratlar
Shubhasiz, noyob fazilat sohiblarining kelajak voqealarini oldindan bashoratlashlari jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi, ro'y berishi ehtimoli bor fojia-ofatlar oldini olishda asqatadi. Los-Anjeloslik qonun posbonlari shuni nazarda tutib, 1984 yili xayrli bir ishga jazm etdilar. Shaharda o'tkazilgan olimpiada o'yinlari arafasida kel'tlik sehrgar Maykl Bromlini hamkorlikka chorladilar. Bu bejiz emasdi. Maykl umrining yetti yilini amerikalik hindular orasida o'tkazib, ruhlar bilan muloqotga kirishishdek nozik va murakkab sehrgarlik asoslarini puxta o'zlashtirgandi. Shundan so'ng unga shaxsiy g'am-tashvishlari yuzasidan murojaat etuvchi odamlar, jinoyatchilarni ochishda yordam so'rovchi tashkilot-idoralar yanada ko'paydi. Masalan, 1980 yilning 15 dekabrida bir boyvuchcha xonim hasrat qilib keldi. Eri 45 kuncha oldin Maripoza muzofotidagi tog'da yo'qolib qolganini aytib, ko'z yoshi to'kdi. Shuningdek, mahalliy politsiyachilar vertolyot va iskovich itlar yordamida erini to'qqiz kun izlashganini, biroq kuchli qor yoqqani tufayli qidiruvni to'xtatishga majbur bo'lishganini eslatib o'tdi.
Maykl voqea rivojini chuqur o'rgandi. Pirovardida, muzofot ma'muriyatiga izlanayotgan kishi o'ldirilganini, uning jasadini vaqti-soati yetib ikki geolog topajagini ma'lum qildi. Bu bashorat oradan besh bahoru besh yoz o'tib, ro'yobga chiqdi. Qish pallasi tog'u toshni kezib yurgan ikki geolog noma'lum shaxsning bir hovuch suyagiga duch kelishdi. Sud-tibbiyot tekshiruvlarida ular o'sha janobniki ekanligi tasdiqlandi.
1984 yilgi olimpiada o'yinlari arafasida Mayklning zimmasiga yuklangan vazifa ko'p jihatdan xalqaro ahamiyatga ega edi. U sport bellashuvlari chog'i ko'ngilsiz mojarolar ro'y berishi mumkin bo'lgan hududlarni oldindan aytib berishi lozim edi. Bashoratchi “xavfli joylar” jumlasiga Vestvudni ham kiritdi. Zero, anjuman ochilgan kuni bir navqiron yigit aynan o'sha hududda avtofalokat sodir etdi. O'z mashinasi bilan birvarakayiga bir necha kishini qasddan bostirib ketdi.
Maykl Bromli, shuningdek, taniqli sportchi qizni shaxsiy qo'riqchisi qachon, qaerda zo'rlab, nomusini bulg'ashga urinishini, aeroportga go'yoki bomba joylashtirilgani to'g'risida soxta qo'ng'iroq bo'lishini ham bashorat qilgandi. Hammasi to'g'ri chiqdi.
Xizmatga tuhmatning bahosi
Hamshira Melani Yurib 1980 yil 18 dekabr' kuni ertalab ishga ketgan ko'yi uyiga qaytmaydi – Los-Anjelos yo'lida badar ketadi. Bir kuni hamkasabasi bu haqda yaqin dugonasi – bashoratchi Etta Smitga shunchaki gapirib beradi. Etta allanechuk ichki tuyg'u ila hamshira o'ldirilib, murdasi ovloqqa yashirib qo'yilganini his etadi. Hatto marhumaning egnidagi kiyim-kechagi qanaqaligini ham aniq-tiniq ta'riflab beradi.
Uning gaplarini bolalari ham eshitib turishgandi. Shu bois bu bashorat haqiqatga nechog'liq mosligini bilishga astoydil qiziqib qolishadi. Ettadan, iloji bo'lsa, o'sha joyga borib kelishini so'rashadi. Onaizor farzandlari iltimosini rad etolmay, yo'lga otlanadi. Murda ko'milgan yerga yaqinlashganda esa politsiyachilarga ro'baro' keladi. Ular Ettadan pana-pastqamliklarda nima qilib yurganini so'rab-surishtirishadi. U shuuridan kechgan voqeani aytadi. Keyin politsiyachilar hamkorligida o'zi faraz qilgan yerga borib, bashoratlari to'g'riligiga ishonch hosil qiladi. Ammo politsiyachilar uni qo'yib yuborishmaydi. Bil'aks, “Bu ayolning hamma narsadan boxabarligida qandaydir sir bor. U jinoyatga aloqador bo'lishi mumkin”, degan shubhaga borishadi. Alaloqibat, uning qo'llariga kishan solishadi.
Etta, harchand urinmasin, aybsizligini isbotlolmaydi. Сhunki dalillar unga qarshi edi. Xayriyatki, uchinchi kuni haqiqiy qotillar topiladi. Aniqlanishicha, ular uch nafar navqiron yigit bo'lib, avvaliga marhumani xo'p zo'rlashgan, so'ngra shafqatsizlarcha o'ldirishgan ekan. Haqiqat oydinlashgach, gunohsiz gunohkor Etta Smit o'zini dalil-isbortsiz hibsga olgan politsiyachilarni sudga beradi. Javobgarlar ma'naviy zarar yetkazganliklari evaziga unga naqd 26 ming dollar miqdorida tovon puli to'lashga majbur bo'lishadi.
Bashoratchi-sehrgarlar hayoti va faoliyatiga doir bunday qiziqarli voqealarni istagancha keltirish mumkin.
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0