Ta'tilga taqiq qo'ymang!
Mehnat ta'tillarining o'z vaqtida berilmasligi xodimga ham, ish beruvchiga ham muammolar olib keladi. Aksar hollarda bu turdagi huquqbuzarlikka ishlab chiqarishning muhim jarayonligi, mutaxassis yetishmovchiligi, xodimning ta'tilga chiqish istagi yo'qligi ro'kach qilib kelinmoqda.
Bulung'ur tuman tibbiyot birlashmasida anesteziolog vrach vazifasida ishlagan Baxtiyor Jaysanov 20 yildan ortiq muddat mobaynida mehnat ta'tiliga chiqmagan. O'tgan yilning 1 iyulida xodim bilan ma'muriyat o'rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi jarayonida bu muammo yuzaga qalqib chiqdi. Ishdan ketayotgan xodim foydalanilmagan ta'til kunlari uchun to'langan mablag' miqdoridan qanoatlanmadi. O'zi duch kelgan muammoni tarmoq kasaba uyushmasiga yetkazdi. Ishga sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi mehnat inspektsiyasi aralashdi. Ma'muriyatga huquqbuzarlikni muzokaralar yo'li bilan hal etish taklifi berildi. Ammo...
Mehnat inspektsiyasining foydalanilmagan mehnat ta'tili kunlari uchun haq, kechiktirilgan kunlar uchun kompensatsiya puli to'lanishi bo'yicha bajarilishi shart bo'lgan ko'rsatmalari ham e'tibordan chetda qoldirilgan. Ish beruvchi tomonidan yo'l qo'yilgan huquqbuzarlikning o'z vaqtida hal etilmaganligi oqibatida tomonlar sudda uchrashishdi.
Kasaba uyushmalarining xodim manfaatini ko'zlab kiritgan da'vo arizasi fuqarolik ishlari bo'yicha Jomboy tumanlararo sudida ko'rib chiqildi. Sud qarori bilan davogar Baxtiyor Jaysanov foydasiga tibbiyot birlashmasi hisobidan foydalanilmagan ta'til kunlari uchun 8.485.591,1 so'm kompensatsiya puli, foydalanilmagan mehnat ta'tili kunlari uchun to'lanishi lozim bo'lgan summani kechiktirganlik uchun 140.820.296,3 so'm kompensatsiya, 21.625.677,34 so'm ish haqi hamda 5.592.845 so'm miqdorida ma'naviy zarar undiriladigan bo'ldi.
– Mehnat kodesida ish beruvchi zimmasiga hech qanday omilni ro'kach qilmasdan, xodimga har yili, ish yili tugagunga qadar mehnat ta'tillari berish majburiyati yuklatilgan, – deydi sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati kengashi mehnat huquq inspektori G'olib Rustamov.–Bu maslada loqaydlik ko'rsatilganida nafaqat moddiy zarar, balki ish beruvchiga ma'muriy choralar ko'rilishi ko'zda tutilganligini unutayapmiz.
Ma'muriyat xato qildi. To'lanishi lozim bo'lgan mablag' ko'lami ham oz emas. Qonunga rioya qilmaslikning oqibati ana shunday og'riqli bo'ladi.
Nurilla Shamsiev,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0