Ko'zni "teshvoray" deydigan chiroqlar mavzusi qachon tugaydi?
Haydovchilar kech tushishi bilan mashinalarning ko'zni charchatadigan nihoyatda yorug' chiroqlaridan bezib qolishgan. Bu nafaqat qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan haydovchini, balki piyodaning ham hayotiga havf solishi tayin. Afsuski, yo'llarda muntazam reydlar o'tkazilsa-da, ko'zni qamashtiradigan chiroqlarni bartaraf etib bo'lmayapti.
Biz bu borada ba'zi haydovchilar fikrlariga quloq tutdik.
«Mahalla qorong'u, yo'llarni ko'rishim kerak...»
– Men yashaydigan mahalla markazdan ancha ichkarida joylashgan, – deydi haydovchi Doniyor Dushaboev. – Ko'chalarimizga chiroqlar o'rnatilmagan, kechqurun yo'llarni ko'rib bo'lmaydi. Mashinamning chiroqlari yoritishga kuchi yetmagani uchun LED chiroqlarini o'rnatganman. Men bu chiroqlar yo'l-transport hodisalarining asosiy sababchisi, degan fikrga qo'shilmayman. Shunki qanchadan-qancha falokatlar yo'l harakati qoidalarga rioya qilmaslik, haydovchilarning tez harakatlanishi oqibatida sodir bo'ladi.
«Har kech ko'zlarim qamashadi...»
– Ishdan juda kech qaytaman, – deydi boshqa bir haydovchi Ulug'bek Ergashev. – Uyimgacha taxminan 50 kilometr yo'l bosaman. LED chiroqlari bor mashinalar yorug'ligi ko'zni charchatadi, asabni buzadi. Ko'zingiz qamashganidan keyin boshqaruvni yo'qotishingiz, yo'l chetidagi piyoda yoki biror hayvonni ko'rmay qolishingiz turgan gap. LEDni shunchaki oliftagarchilikka o'rnatib olgan tanishlarim ham bor. Boshqalarning hayotini xavf ostiga qo'yadiganlarni sira tushunmayman.
Akmal Igamberdiev, avtoservis ustasi:
– Aslida led chiroqlarning foydali tomonlari bor: agar u to'g'ri o'rnatiladigan bo'lsa, ko'zni olmaydi. Elektrni kam sarflaydi, uzoq muddat xizmat qiladi va qizib ham ketmaydi. Ammo ba'zi ustalarning tajribasizligi, o'z ishiga noprofessional yondoshib, chiroqlarni noto'g'ri o'rnatishi oqibatida mana shunday holatlar kelib chiqyapti. Agar LED to'g'ri o'rnatilsa, u avtomashinaning zavodda o'rnatilgan faralaridan ham a'lo bo'la oladi. Bunday chiroqlarni maxsus ruxsatnomaga ega bo'lgan professinal ustalarning o'rnatishi normalarda belgilab qo'yilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi.
Rustam Asqarov, Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB matbuot xizmati rahbari:
– Ko'pgina haydovchilar o'zlariga qulay bo'lishi yoki transport vositasining chiroyli ko'rinishi uchun turli chiroqlarni o'rnatishadi. Shiroqlarning haddan tashqari yorug'ligi oqibatida qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanayotgan haydovchining ko'zlari qamashadi. Aslida ko'zlari qamashgan haydovchi qoidaga ko'ra, mashinasidagi avariya ishoralarini yoqishi, tezlikni kamaytirishi va to'xtashi kerak. Ammo, aksariyat haydovchilar bunga amal qilmaydi.
Hududlarda muntazam maxsus reydlar o'tkaziladi. Yil boshidan buyon shu kungacha viloyat miqyosidagi yo'llarda bir necha yuzlab qoidabuzarliklar aniqlangan. Haydovchilarga nisbatan tegishli ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tushuntirish ishlari olib borilgan. Bu ishlar muntazam davom ettirilmoqda...
Huquqni muhofaza qiluvchilar tomonidan turli reydlar o'tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilayotgan bo'lsa-da, baribir, yo'llarda «kuchli» chiroqlardan foydalanish holatlari ko'p uchramoqda. Yuqorida chiroqlarni o'rnatuvchi ustalarning mas'uliyatsizligi ham tilga olindi. Yo'llarda harakatlanayotgan haydovchining ham, piyodaning ham xavfsizligi eng muhim masala. Shunday ekan, bunday chiroqlardan imkon boricha foydalanmaslik, majbur bo'lgan holatlarda esa, faqatgina professionallarga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Xolida Egamberdieva



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0