El-Nino: O‘zbekistonda noyob iqlim hodisasi kuzatilmoqda
O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, 2026 yil O‘zbekiston iqlimi iliq harorat bilan boshlanib, yoz fasli davomida bosqichma-bosqich havo harorati ko‘tarilishi kutilmoqda. Yozning eng jazirama kunlarida havo harorati 42-44 gradusgacha, shimoliy, janubiy hamda cho‘l hududlarida esa 45-47C gacha ko‘tarilishi ehtimoli mavjud. Toshkent shahrida iyun oyida kuzatilgan eng yuqori harorat 43C ni tashkil etgan.
Respublika bo‘yicha rekord darajadagi eng yuqori ko‘rsatkich esa 1914 yilning iyun oyida Termiz shahrida qayd etilgan bo‘lib, o‘sha paytda havo harorati 49,6C ga etgan.
Amerika iqlim prognozlari markazining taʼkidlashicha, bu yil er yuzida El-Nino hodisasining dastlabki belgilari kuzatildi. Yaʼni Tinch okeanida suv haroratining keskin isishi bilan bog‘liq bu hodisa global havo harorati oshishiga keskin taʼsir ko‘rsatadi. Dunyo bo‘ylab iqlim kuzatuvchilarining taʼkidlashicha El-Nino hodisasi inson omili tufayli antropogen isish oqibatida bir necha barobarga kuchayib, iqlim o‘zgarishlarining tobora kengayib, oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lgan xavfli darajaga etishiga sabab bo‘ladi.
Ekvator mintaqasidagi Tinch okeani suvlarining harorati bilan Markaziy Osiyo ob-havosi o‘rtasida bog‘liqlik sezilmasligi mumkin, biroq bu tabiiy jarayonlar global iqlim o‘zgarishlariga katta taʼsir ko‘rsatmoqda. BMTning Butunjahon meterologiya tashkiloti yaqin oylar ichida Er yuzida El-Nino hodisasi kuchayishi mumkinligini aytishmoqda. Mutaxassislar joriy yoz mavsumida Markaziy Osiyo ham ushbu iqlimiy taʼsirlar doirasiga tushib qolishi mumkinligini qayd etishmoqda. Olimlarning tahlillariga ko‘ra, El-Nino hodisasi er yuzini ikki qutbga ajratib qo‘yadi.
Yaʼni bir qancha davlatlar tinimsiz yog‘ingarchiliklardan qiynalsa, boshqa davlatlar qurg‘oqchilikdan aziyat chekishadi. Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining janubiy hududlari meʼyordan bir necha barobar ko‘p yog‘adigan yomg‘irlar markaziga aylanadi. Avstraliya qitʼasi, Indoneziya orollari va Janubiy Amerika mamlakatlari esa aksincha, Anomal issiqlik va suv tanqisligi bilan kurashishadi. Bu ko‘rsatkichlar tabiiy o‘zgarishlarning davomiy bo‘lishiga va 2027 yil ham o‘z taʼsirini ko‘rsatishiga dalolat beradi.
Camira Matkarimova tayyorladi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0