Yangi asrdagi eng halokatli zilzila: Gaitidagi fojiaga 15 yil to'ldi
2010 yilning yanvari insoniyat uchun qonli va noxush tarzda boshlandi. Karib dengizi havzasida joylashgan Gaiti davlatida juda kuchli yer silkinishi yuz berdi. Insoniyat hatto 2004 yil janubi-sharqiy Osiyodagi tsunamida ham bunchalik qurbon bermagan edi. 12 yanvar' kuni boshlangan tabiiy falokatda jami 222 mingdan oshiq kishi halok bo'ldi, 311 ming kishi esa jarohatlandi. Umumiy talofat yarim million kishidan oshib ketdi. Bu kambag'al va siyosiy jihatdan barqaror bo'lmagan Gaiti uchun misli ko'rilmagan fojia bo'lsa, insoniyatni esa halokatli zilzilalarga e'tiborliroq bo'lishga va kuchliroq tayyorgarlik ko'rishga undadi.
Zilzila epitsentri Gaiti Respublikasi poytaxti Port-o-Prensdan 22 km janubi-g'arbda, gipomarkazi 13 km chuqurlikda joylashgandi. 7 magnitudali asosiy silkinishdan so'ng ko'plab zilzilalar qayd etildi, jumladan ularning 15 tasi 5 magnitudadan yuqori edi. Olimlarga ko'ra, Gaitidagi zilzila Karib dengizi va Shimoliy Amerika litosfera plitalari o'rtasidagi aloqa zonasida yer qobig'ining harakati natijasidir. Gaitida oxirgi marta 1751 yilda shunday vayronkor kuchdagi zilzila sodir bo'lgan.
2010 yil 18 martdagi rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, halok bo'lganlar soni 222 ming 570 kishini tashkil etgan, 311 ming kishi jarohatlangandi yoki mayib-majruh bo'lib qoldi, bundan tashqari 869 kishi bedarak yo'qolgan. Moddiy zarar 5,6 milliard yevroga baholandi. O'sha yilning fevral oyida Kuba sobiq rahbari bo'lgan Fidel' Kastro zilzilani "yarim sharimizda sodir bo'lgan eng katta fojia" deb atadi. Zilzila oqibatida BMTning 102 nafar xodimi ham qurbon bo'ldi.
Zilzilaning birinchi kunidayoq Gaiti poytaxti Port-o-Prensda minglab uylar va deyarli barcha shifoxonalar yer bilan yakson bo'ldi. 3 millionga yaqin odam boshpanasiz qoldi. Milliy saroy, Moliya vazirligi, Jamoat ishlari vazirligi, Aloqa va madaniyat vazirligi binolari ham vayron bo'ldi. Mamlakat poytaxti Port-o-Prens (aholisi 2,5 million) zilzila sabab deyarli vayrona holatga keldi, mamlakatning boshqa hududlari esa ozroq zarar ko'rgan. Aholi zich yashaydigan hududda falokatning ko'proq sezilishi qurbonlar va jabrlanganlar sonini keskin oshirib yubordi.
Gaiti prezidenti Rene Preval 13 yanvar' kuni bayonot bilan chiqib, qurbonlar soni 30 ming kishiga yetishi mumkinligini aytdi. Bosh vazir Jan-Maks Bellerivning aytishicha, qurbonlar soni 100 ming kishidan oshgan. Ba'zi manbalar yarim million kishi halok bo'lgani haqida ma'lumot keltirgan.
BMTning Gaitidagi vaziyatni barqarorlashtirish missiyasining qirq to'qqiz nafar xodimi, jumladan, missiya rahbari, tunislik diplomat Xedi Annabi halok bo'ldi, yana 300 ga yaqin vakil bedarak yo'qolgan. BMT missiyasi Gaitida 2004 yilda mamlakatdagi tartibsizliklar ortidan tashkil etilgan. Missiya 9 ming kishidan iborat bo'lgan, asosan askarlar va politsiya xodimlaridan tashkil topgandi.
Halok bo'lganlar orasida nogiron bolalar uchun ko'plab xayriya dasturlari tashkilotchisi, braziliyalik pediatr Zilda Arns ham bor edi. Shuningdek, Port-o-Prens arxiepiskopi Jozef Serj Miot, muxolifat yetakchisi Mishel' Gaillard va kanadalik sobiq deputat Serj Marsel ham halok bo'lgan. Gaiti adliya vaziri Pol Denisning o'limi haqida ham xabar berilgandi, biroq keyinroq bu tasdiqlanmadi. Halok bo'lganlar orasida Argentina, Braziliya, Xitoy, Iordaniya, Vatikan va boshqa mamlakatlar fuqarolari bor edi.
Keng miqyosdagi falokat qashshoq davlatni it egasini tanimaydigan ko'rinishga keltirib qo'ydi. Gaiti qo'shnisi Dominikandan ko'ra ancha qoloq va korruptsiyalashgan davlat edi. Mamlakat YaIMsi bor-yo'g'i 20 mlrd. dollardan oshar, aholi jon boshiga bu miqdor 1,5 ming dollardan to'g'ri kelardi, xolos. Yer silkinishidan so'ng shahardagi suv quvurlari vayron bo'lgan, chuchuk suv ta'minotida muammolar yuzaga kelgan. Yo'llar vayronalar bilan to'sib qo'yilgan. Shaharda ko'plab talonchilik holatlari qayd etilgan. Halok bo'lganlarning jasadlari piyodalar yo'laklari va yo'l chetlarida to'planib qolib, ayanchli manzarani vujudga keltirdi. Qamoqxonalar binosi qattiq shikastlandi va mahbuslar paytdan foydalanib, u yerdan qochib ketishdi.
Zilziladan so'ng BMT missiyasi qoshidagi Argentina dala shifoxonasigina o'z faoliyatini davom ettirdi. Boshqa barcha shifoxonalar zilzila oqibatida vayron bo'lgan. Og'ir yaradorlar vertolyotda qo'shni Dominikan Respublikasi poytaxti Santo-Domingoga yetkazilgan. Og'ir texnikalar bo'lmagani uchun, odamlar o'z qo'llari va qo'lbola vositalar bilan vayronalarni tozalashga harakat qilishgan. Voqea joyida bo'lgan BBC muxbirining so'zlariga ko'ra, shifoxonalardan birida va uning atrofida to'g'ridan-to'g'ri koridorlarda to'planib qolgan yuzdan ortiq jasadlar chidab bo'lmas hidni keltirib chiqargan. U yerda ko'plab yaradorlar to'planib, yordam kutayotgan edi, juda oz sonli shifokorlar esa ularga yordam berishga harakat qilishgan.
AQSh, Kanada, Frantsiya, Ispaniya, Ukraina, Kuba, Braziliya, Venesuela, Ozarbayjon, Islandiya, Xitoy, Tayvan, Rossiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Bahrayn, Iordaniya, Gretsiya, Qatar va boshqa Gaitiga qutqaruv guruhlari, tibbiyot xodimlari va insonparvarlik yordami yuborildi. Birinchi yordam samolyotlari 13 yanvarda Gaitiga yetib kela boshladi. Port-o-Prens aeroporti boshqaruv minorasi vayron bo'lishiga qaramay, o'z faoliyatini davom ettirdi va samolyotlarni qabul qildi. AQSh dengiz floti kemalari Gaiti qirg'oqlariga jo'natildi.
Vayronalar ostida besh kun qolib ketgan BMT missiyasi xodimi Yens Kristensen o'sha paytdagi voqealarni quyidagicha eslaydi:
“Men besh kun suvsiz yotdim. Ikkinchi kundayoq ishtaha butunlay yo'qoldi. Suvsiz qiyinroq edi. To'rtinchi yoki beshinchi kuni men hali ham og'zimda namlik va tupuk borligiga hayron bo'ldim. Avvaliga kislorod yetishmay halok bo'laman, deb qo'rqardim. Ammo dastlabki 12 soatdan keyin men hali ham nafas olayotgan edim va havo qaerdan kelganini angladim”.
Yens Kristensenning aytishicha, u shunday sharoitda ham yashashga umidini yo'qotmagan.
Zilzilaning asosiy talofatli voqealari 19 yanvargacha davom etdi. Shu kuni AQSh desantchilari Gaiti prezidenti saroyi hududiga tushib u yerni nazoratga oldi. Shuningdek, minglab AQShlik askarlar orolga yetib keldi. Frantsiyalik vazir Alen Juandet hatto baxtsizlik vaqtida Qo'shma Shtatlar Gaitini egallab olayotgani haqida gapirgandi. Bunga javoban AQSh ma'muriyati bu harbiy emas, qutqaruv amaliyoti ekanini ma'lum qildi.
31 mart kuni donor davlatlar va xalqaro xayriya tashkilotlari zilziladan zarar ko'rgan Gaitini qayta tiklash uchun 9,9 milliard dollar ajratishga qaror qildi. Ushbu mablag'larning 5,3 milliard dollari Gaitiga keyingi 24 oy ichida ajratildi. 50 ga yaqin davlat “keyingi uch yil va undan keyin” 9,9 milliard dollar ajratishga tayyorligini bildirdi. Bu miqdor orol davlati hukumati so'ragan yordam miqdoridan ikki baravar ko'pdir.
Gaiti zilzilasi boshqa muammolarni ham keltirib chiqardi. Millionlab odamlar uysiz qolgach, ular antisanitar sharoitda kun kechira boshladi. Tibbiy yordam va dori-darmonlarning yetishmasligi sabab 2010 yilning kuzida mamlakatda vabo tarqaldi. Epidemiya orolda 7 noyabr' kuni sodir bo'lgan “Tomas” to'foni va yanvar oyidagi zilzila oqibatlari tufayli yanada kuchaygan. Gaiti Sog'liqni saqlash vazirligining 2011 yil 16 fevraldagi bayonotiga ko'ra, epidemiyadan o'lganlar soni 4 ming 549 kishini tashkil etadi, 231 ming 70 kishi kasallangan. JSST 2012 yilda orolda vabo epidemiyasi tugaganini e'lon qildi.
Afsuski, 2021 yilda ham Gaitida yana talofatli yer silkinishi ro'y berdi. Oqibatda 2 mingdan oshiq kishi halok bo'ldi, 12 mingdan ziyod insonlar jabrlandi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0