Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Andijon va Buxoroda bankirlar kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi tijorat bankining 3 xodimi 5 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirib, 146 mln so‘mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Farg‘ona viloyatidagi tijorat bankining Rishton filiali masʼullari esa 21 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirib, 747 mln so‘mni o‘zlashtirishgan.
Shuningdek, mazkur viloyatning Qo‘shtepa tumani tijorat bankining sobiq bo‘lim boshlig‘i fuqaro M.D.ning ishonchiga kirib, unga uy-joy sotib olishiga 240,5 mln so‘m ipoteka krediti ajratib berishini aytib, qalbaki kredit shartnomasi orqali ajratilgan kredit mablag‘laridan 90 mln so‘mini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi maʼlum bo‘ldi.
Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi tijorat bankining BXM boshqaruvchisining sobiq (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) o‘rinbosari esa bir necha shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaro E.X.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subʼektini tashkil qilish va soxta maʼlumotlar kiritish orqali 500 mln so‘m kreditni talon-toroj qilgan.
Xuddi shunday, Buxoro viloyatining Jondor tumani tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga rasmiylashtirilgan 110 mln so‘m kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur qonunbuzarliklar Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida aniqlangan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0