Rossiya tomonidan Ukraina urushiga kirgan uch nafar o'zbekistonlikka sud hukmi o'qildi
Jinoyat ishlari bo'yicha Qo'shtepa tuman sudida 2024-yilning noyabr oyida mazkur tumanda yashovchi ikki nafar fuqaroning Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etganligi holati bo'yicha jinoyat ishi ko'rib chiqilgan.
Sud tergovi bayonnomalarida qayd etilishicha, jumladan, 1973-yilda Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumanida tug'ilgan A.X. (oilali, 4 nafar farzandi bor) moddiy boylik orttirish maqsadida nizolashayotgan davlatlarning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmasa-da, 2023-yilning noyabr oyida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya Federatsiyasi tomonidan jangovar harakatlarda ishtirok etgan. U Rossiya-Finlandiya chegarasi yaqinidagi harbiy qismda ikki oy davomida jangovar o'qotar qurol va o'q-dorilardan foydalanish usullarini o'rganib, jangovar tayyorgarlikdan o'tgan. 2024-yil 4-fevral kuni esa Ukraina hududiga o'tib, Lugansk hududida olib borilayotgan jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Va o'sha kunning o'zida dron orqali kelib tushgan snaryad portlashi natijasida bosh chap chakka sohasi, chap qo'li, chap yelkasi va o'ng oyoq kaftidan jarohatlangan va shundan so'ng Moskva viloyatidagi harbiy gospitalga qaytarilgan.
A.X. 2024-yil 4-iyul kuni O'zbekistonga qaytib kelgan.
Sud A.X.ni o'zining yuqoridagi jinoiy harakatlari bilan O'zbekiston Respublikasi JKning 154-moddasi 1-qismida ko'rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topgan.
Sud hukmiga ko'ra, X.A. 5 (besh) yil ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, yana bir o'zbekistonlik fuqaro A.H. Moskvadagi xususiy oliy ta'lim muassasalarida tahsil olish uchun borib, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari safida turib, Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Mazkur holat yuzasidan sud ishi JIB Qo'shtepa tuman sudida ko'rib chiqildi.
Sud majlisida sudlanuvchi 4 oy davomida harbiy harakatlarda ishtirok etib, joriy yilning 10-fevral kuni Donetsk viloyatiga borganini, harbiy harakatlarda olgan tan jarohatlari sababli 26 fevral' kuniga qadar, Donetsk shahridagi gospitalda davolanganini ma'lum qilgan.
Sud hukmiga ko'ra, sudlanuvchi A.H.ga nisbatan JKning 154-moddasi 1-qismi bilan 5 (besh) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, JKning 72-moddasiga asosan, tayinlangan jazo shartli deb 3 (uch) yil sinov muddati belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat ishlari bo'yicha Andijon shahar sudida ham ma'lum xaq evaziga 2023 yil 21 iyul'-dekabr' oylarida Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etgan 39 yoshli T.A.ning jinoiy qilmishlari muhokama qilindi.
T.A. 1985-yil Andijon viloyati Marhamat tumanida tug'ilgan. Oilali va 3 nafar farzandi bor.
Sudlanuvchi mavsumiy ishlash maqsadida 2023-yil aprel oyida O'zbekistondan Rossiya Federatsiyasi Moskva shahriga ko'chib o'tib, u yerda mavsumiy ishlar bilan shug'ullanib yurgan. Biroq keyinchalik O'zbekiston fuqarosi bo'la turib, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya harbiy xizmatiga kirish hamda Rossiya-Ukraina o'rtasidagi qurolli to'qnashuv va harbiy harakatlarda ishtirok etishni maqsad qiladi. Shundan so'ng, T.A. ma'lum xaq evaziga 2023 yil 21 iyul' kuni RF Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzib, ushbu shartnomaga asosan harbiy harakatlarda Rossiya qurolli kuchlari nomidan Ukrainaning Shaxta va Baxmut shaharlarida olib borilgan harbiy harakatlarda 2023 yil dekabr' oyiga qadar ishtirok etadi.
2023-yil 31-dekabr kuni esa Rossiyadan O'zbekistonga qaytib kelgan.
Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to'la iqrorligi va chin ko'ngildan pushaymon ekanligini bildirgan.
U, shuningdek, shartnoma shartlariga asosan unga jangovor harakatlarda ishtirok etishi uchun har oy 450 ming rubl' (taxm. 53 mln so'm) miqdorida pul to'lanishi belgilanganini, biroq unga dastlab ikki marta 150 000 rubl' pul mablag'i berilganini, lekin keyinchalik hech qanday pul to'lovlari amalga oshirilmaganini bildirgan. U 2023 yil noyabr' oyiga qadar jangovor harakatlarda ishtirok etib, Ukrainaning 10 dan ortiq harbiy xizmatchilarini o'ldirgan. Keyinchalik esa razvedka bo'limida xizmat qilgan va Ukraina davlatining Lugansk shahrida bo'layotgan urushda 5 oydan ortiq muddatda jangovor harakatlarda ishtirok etgan.
So'ng taxminan 2023 yilning dekabr' oyi oxirlarida Moskvaga qaytib kelgan. Biroq uni yana urushga chaqirishadi va u Ukrainaning Luganskiy shahriga jo'natiladi. 2023 yil 31 dekabr' kuni esa T.A. Talyatya shahri orqali Qozog'istonga avtomobil' yo'llari orqali o'tib, O'zbekistonga kirib kelgan va o'z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga borib, yuqoridagi barcha holatlarni aytib bergan.
Sudlanuvchi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasining 1-qismi, 154-1 -moddasining 1-qismi bilan ayblangan.
Sud sudlanuvchi T.A.ni JKning 59,61-moddalari tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo'shish yo'li bilan uzil-kesil o'tash uchun 4 yil 2 oyga ishlash yoki o'qish vaqtidan, shuningdek ish yoki o'qish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo'lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklash tarzidagi ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0