«Suvda cho'kmas ayol»: uch yirik halokatdan omon qolgan xizmatchi
Tarixda bu ayolga nisbatan ikki xil qarash mavjud. Birinchi talqinda uni omadli va o'ziga xos taqdir egasi sifatida tilga olishadi. Kema xodimasi Vayolett Jessop uch yirik kema halokatini (ular ichida mashhur «Titanik» ham bor) boshdan kechirgan, ammo hammasidan sog'-omon qolgandi. Unga nisbatan «suvda cho'kmaydigan xonim» iborasini ham ishlatishadi. Ikkinchi qarashdagi odamlar esa Jessopni «qarg'ish tekkan» deya hisoblashadi. Nima bo'lgandayam, Vayolett o'ziga xos hayoti bilan ko'pchilikni hayratlantirib keladi.
Tug'ilganidan boshlab, Vayolett Jessop og'ir sinovlarga duch kela boshladi. U 1877 yilda Argentinaga ko'chib kelgan irlandiyalik muhojirlar oilasida tug'ilgan. Bu oilaning to'qqiz farzandidan faqat olti nafari tirik qolgan, ularning eng zaif va kasalmandi to'ng'ich qiz Vayolett edi. Bolaligida u juda kasal ko'p xastalikka chalinar, bir marta hatto sil yuqtirib, mo''jizaviy tarzda tirik qolgandi. Shifokorlar uning tuzalib ketish imkoniyati yo'q deb hisobladilar, ammo qiz umidsizlik va gumonlarni yengib o'tishga muvaffaq bo'ldi.
1903 yilda otasining vafotidan keyin Jessop Britaniyaga qaytishga majbur bo'ldi. Vayolett monastir maktabiga bordi va onasi Royal Mail kemalarida styuardessa bo'lib ishga kirdi. Qiz 21 yoshga to'lganda, katta Jessop xonim og'ir kasal bo'lib qoldi va oila uchun barcha mas'uliyat Vayolettning zimmasiga o'tdi. U maktabni tashlab, onasining izidan bordi – Royal Mail Line'ga tegishli Orinoko laynerida hamshira bo'lib ishga kirdi. Ammo ikki yil o'tgach, u ishini o'zgartirdi va eng yirik transport kompaniyasi White Star Line'da ish boshladi.
Jessopning sayohatlarida uchta yirik transatlantika kemalari muhim o'rin tutadi. Bu «Olimpik» (bu sinfga oid birinchi transatlantik layner), qolgan ikkitasi «Titanik» va «Britannik»dir. Tuzilishi va tashqi tomondan ular unchalik farq qilmadilar, shuning uchun kemaning fotosuratlari hali ham chalkashroqdir.
Vayolett «Olimpik» kemasida qiyinchiliklarga duch keldi: uning xizmat smenalari 17 soatgacha davom etdi, sharoit va ovqatdan qiynaldi, qiz yo'lovchilarning e'tiboriga tushmaslik uchun faqat yengil gazaklar iste'mol qildi va doimiy ravishda o'z boshliqlariga bu ishga loyiqligini isbotlashga majbur bo'ldi – u vaqtda kemalarda odatda katta ayollar odatda ishlardilar. Kema egalari yosh xonimlar o'zlarining go'zalligi bilan ekipajni ham, yo'lovchilarni ham chalg'itishi mumkinligiga ishonishgan va bundan qochishga harakat qilishgan.
1911 yil 20 sentyabrda kema navbatdagi sayohatga chiqdi, biroq Sautgempton portidan chiqib ketgach, «Xouk» kreyseri bilan to'qnashib ketdi. Yaxshiyamki, qurbonlar bo'lmadi. Tezda yo'lovchilar kichik qutqaruv kemasiga o'tkazildi va laynerning o'zi ta'mirlashga jo'natildi.
Bunday hodisalar sodir bo'lganidan keyin ko'pchilik hech qachon dengizga qaytmaydi, lekin Vayolett Jessop dengiz sayohatidan voz kechishni o'ylamagan. Oradan yetti oy o'tgach, u White Star Line kompaniyasiga ishga qaytdi, bu safar kompaniya cho'kib bo'lmas deb hisoblangan «Titanik» kemasida sayohatga chiqadigan bo'ldi. Afsuski, tillarda doston bo'lgan kema bilan dahshatli fojia yuz berdi.
Yangi laynerning kapitani Edvard Jon Smit, uning yordamchilari esa Merdok va Laytoller edi - bir necha oy oldin ular Olimpikda ham ishlagan edilar. Vayolett birinchi marta 1912 yil 6 aprelda tanishish uchun «Titanik»ka chiqdi. Va atigi 4 kundan keyin u boshqa ekipaj a'zolari va yo'lovchilari bilan transatlantik safarga jo'nadi. Sayohatning birinchi kunlari standart qiyinchiliklarda o'tdi va 14 aprel kuni soat taxminan 23:40da layner aysberg bilan to'qnashib ketdi. O'sha paytda Jessop o'z kabinasida karavotda yotar edi, lekin u kuchli to'qnashuv bo'lganini his qilishi bilan palubaga yugurib chiqdi va ko'rsatmalarga muvofiq qat'iy harakat qila boshladi: birinchi navbatda u bolalar va ayollarni qutqarishi kerak edi.
«Meni palubaga chaqirishdi. Yo'lovchilar xotirjam yurishardi. Men boshqa styuardessalar bilan chetda turib, bolalari bilan qayiqqa chiqishdan oldin turmush o'rtoqlarini quchayotgan ayollarni tomosha qildim. Bir muncha vaqt o'tgach, shturman qayiqlar xavfsiz ekanligini ko'rsatish uchun birinchi navbatda ularga bizning chiqishimizni buyurdi», - deb eslaydi Jessop o'z xotiralarida.
Ko'plab ayollar qutqaruv qayiqlariga ishonchsizlik bilan qarashdi, ular ko'p sonli odamlarni ko'tarishga qodir emasligiga ishonishdi. Vayolett ularga shaxsiy o'rnak ko'rsatishga qaror qildi va o'zi 16-sonli qayiqqa chiqdi. Qayiq suvga tushmasdan oldin «Titanik» laynerining oltinchi ofitseri palubadan paket olib, Vayolettga uzatdi – bu yosh go'dak edi. Qiz uni yo'lovchi paroxod olib ketgunga qadar bag'rida ko'tarib turgan. Bolaning onasi qutqaruv kemasi bortida topilgan. Ma'lum bo'lishicha, u kabinadan narsa olishga qaytganda chaqaloqni palubaga qo'ygan, qaytib kelganida esa chaqaloq yo'q edi.Qutqarilgan chaqaloqni keyinchalik Vayolett deb nomlashdi. O'sha mudhish kechada 1503 kishi halok bo'ldi.
Vayolett Jessop boshidan kechirgan falokatlarga qaramay, dengizga sodiq qoldi. Hatto Birinchi jahon urushi paytida ham ayol odamlarga yordam berishga intildi: 1916 yilda u o'zini Olimpiya seriyasining uchinchi kemasi «Britannik» bortida hamshira sifatida ishladi. Kema yaradorlarni tashib, ularga zarur tibbiy yordam ko'rsatardi.
«Britannik» bor-yo'g'i beshta sayohatni amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Oltinchisi oxirgisi edi - 1916 yil 21 noyabrda layner Egey dengizida minaga duch keldi. Evakuatsiya boshlandi, ammo kema halokat vaqtida ham harakatlanayotganligi sababli, qayiqlarni tushirishga shoshilishmadi. Biroq, endi kutishning iloji yo'q edi. Qutqaruv qayiqlari suvga tashlandi. Suzishni bilmaganiga qaramay, ayol tavakkal qilishga qaror qildi va qayiqqa sakrab tushdi. O'sha falokatda kema bortida bo'lgan 1000 kishidan 30 nafari halok bo'lgan. Shu tariqa Vayolett yana bir bor muqarrar ajal og'zidan omon qoldi.
Hech bo'lmaganda uchinchi ofatdan keyin Vayolett dengizdagi ishini tashlab ketishga majbur bo'ldimi? Aslo yo'q. U White Star Line uchun ishlashni davom ettirdi, keyin Red Star Line'ga, keyin yana Royal Mail Line'ga o'tdi. Umuman olganda, Jessop dengizga umrining 42 yilini bag'ishladi. Bu vaqt ichida u allaqachon bizga ma'lum bo'lgan uchta ofatdan omon qolishdan tashqari, Belgenland laynerida ikki marta dunyo bo'ylab sayohat qildi.
Vayolettning shaxsiy hayotida maqtanishga arzigulik hech narsa yo'q edi: umri davomida u faqat bir marta turmushga chiqdi, lekin eri bilan uzoq yashamadi. Uning farzandlari yo'q edi. Zahmatkash ayol 1971 yil 5 mayda surunkali yurak etishmovchiligi tufayli bronxopnevmoniyadan vafot etdi. U bu paytda 84 yoshni qarshilagandi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0