Tungi fojia: Navoiyda maktab o'quvchisi YPX xodimi o'limiga sabab bo'ldi
Joriy yilning 19 yanvar' kuni tungi soat 1:45 da Navoiy shahrida dahshatli voqea ro'y berdi. 2008 yilda tug'ilgan, 8-umumta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi bo'lgan S.M. otasiga tegishli bo'lgan Kia Sonet mashinasini tungi vaqtda davlat raqamisiz, yo'l harakati qoidalariga rioya qilmay boshqarib yurgan.
Islom Karimov ko'chasida xizmat olib borayotgan Navoiy viloyati IIB YHXB yo'l-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov uni to'xtatmoqchi bo'lganida, yosh yigit xodimni mashinasi bilan urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Natijada Jasurjon Muhammadov hayotdan ko'z yumgan.
Jasurjon Muhammadov 1993 yilda tug'ilgan, ikki farzandning otasi edi. U 2017 yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib kelayotgan edi.
Hozirda Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bu fojia bizga yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilish muhimligini yana bir bor eslatib qo'ydi. Yosh avlodni javobgarlik va qonunga bo'ysunish ruhida tarbiyalashga avvalo, ota-ona, mahalla-kuy hamda barchamiz birdek mas'ulmiz.
Umid Xudoyqulov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0