Uchar aravalar, lappak toshlar va evkalipt afsonasi
Turli manbalarda allazamonlar ko'hna Misr, Yaqin Sharq, Markaziy Amerika, Hindiston va Xitoyga, hatto janubiy yarim sharda joylashgan eng kichik materik – asosan tubjoy aholi yashagan ovloq Avstraliyaga ham o'zga sayyoraliklar tashrif buyurishgani qayd etilgan. Insoniyatni hali-hanuz hayratga solib kelayotgan noyob ehromlaru boshi shernikiga, tanasi odamnikiga o'xshash haykallarni sinchiklab kuzatsangiz, yahudiylik va xristianlikda muqaddas sanalgan, diniy kitoblar majmuasidan iborat Bibliyadagi qaydlarni mutolaa qilsangiz, eski, jumladan, indeys xalqlari sirasiga kiruvchi mayyalarning o'ziga xos ieroglifik (so'z-bo'g'inli) yozuvlari ma'nosini uqib, so'nggi tadqiqotlar natijalari bilan tanishsangiz, bunga o'zingiz beixtiyor ishonch hosil qilasiz.
Osmoni falak duriga aylangan uchoqlar
Qadimgi hind afsonalari va solnomalarida turli-tuman g'aroyib hodisalar qatori o'zga sayyoraliklarning Kurrai zaminimizga tashriflari hamda g'ayritabiiy fazo kemalari haqida ham so'z yuritiladi. Сhunonchi, hammamizga ma'lum “Mahobhorata” dostonida temirdan yasalgan, ajabtovur ko'rinishli uchar aravalar tilga olinadi. Ishonmasangiz, mana bu nazmiy satrlar bayoniga e'tibor bering: “Men birodarim Kubers bilan atay janjallashdim. Shunda o'zim bilmagan jazava iskanjasida uni yengdim. Birodarim qo'rqqanidan muqaddas Kaylas tog'i sari otlandi. Men qasdma-qasdiga mo''jizaviy aravani egallab olib, hozirgacha osmonu falakda sayr qilib yuribman”.
Rivoyatlarda uqtirilishicha, uchar temir aravalar odatda boylik, donolik va saltanat, gohida hasad va ko'rolmaslik ramzi ham hisoblangan. Ularga faqatgina ilohiy kuchlar emas, mavridi kelganda, odamzod ham egalik qilgan.
Talay manbalarda uchar aravalarning o'ziga xos belgilari, hozirgi zamon tilida aytganda, texnik tasniflari berilgan. Biroq, oradan necha asrlar o'tgan bo'lsa-da, ularni o'qib, mag'zini chaqish ahli bashar uchun dushvorligicha qolmoqda. Ayniqsa, qadimiy qo'lyozmalardan shartli ravishda “simob”, “kuch-quvvat”, “bo'ron” deb tarjima qilinayotgan maxsus atamalarning asl mazmun-mohiyatini anglashning iloji bo'lmayotir. Quyidagi jumlalarga birrov ko'z yugurtirsangiz, bu jumboqning siri nimada ekanligini ilg'ab olasiz:
“Uchar aravalar qay tariqa yaratilishi, ularning murvat va qismlari qanday yasalishi bizga yaxshi ma'lum. Lekin bu ma'lumotlarni hech qachon, hech kimga oshkor etmaymiz, imkon qadar sir tutamiz. Negaki, ulardan ko'pchilik ogoh topsa, oqibati yaxshilikka olib bormaydi. Ba'zi kishilar uchar aravalardan qabih niyatlarini amalga oshirish yo'lida foydalanishlari ehtimoldan xoli emas. Bunday uchoqlar yengil jismlardan juda mustahkam qilib yasalishi va yuqori quvvatli bo'lishi shart! Buning uchun ularning ichiga simobli va temir isitgichli moslama o'rnatiladi. Aravaga o'tirgan kishi simob tarkibida mavjud va shiddatli oqimni vujudga keltiruvchi kuch vositasida samo bo'ylab olis-olislarga parvoz qilish imkonini qo'lga kiritadi... Simob sharofati o'laroq, arava momaqaldiroq yanglig' beqiyos qudratga ega bo'ladi, ta'bir joiz bo'lsa, bir zumdayoq osmoni falak ichra bebaho dur-gavharga aylanadi”.
Tarixiy qo'lyozmalardan olingan bu parchalarni zamonaviy tilga o'girishda birmuncha xato-kamchiliklarga va noaniqliklarga yo'l qo'yilgan, ayrim so'zlarning ma'nosi izohlanmagan. Bundan qat'i nazar, uchar aravalarga qiziquvchilar o'tmishda ko'p bo'lgan va hozir ham topiladi. Masalan, qadimgi hind adabiy tili tadqiqotchisi, “Ko'hna Hindistondagi uchar aravalar” kitobi muallifi D.Kanjilla yangi asr arafasida aviatsiya va fazoviy kemalar muhandis-mutaxassislar bilan hamkorlikda izlanishlar olib borib, uchar aravalarni qayta tiklashga bel bog'lagandi. U amalda qanday natijaga erishgani bizga ma'lum emas.
Lappak toshlardagi 12 ming yillik bitik
Asosan Xitoy hududida yaslangan Tibet tog'ligidagi Bayn-Kara-Ula g'orida qazishma ishlarini olib borayotgan arxeologlar kutilmaganda g'aroyib voqeaning shohidi bo'lishdi. Aniqrog'i, o'sha yerdan o'ta qadimiy 716 dona lappak tosh topishdi. Ularning sirti tushuniksiz tasvir-belgilarga to'la edi. Barchasi shaklan hozirgi grammafon plastinkalariga, ya'ni plastmassa, tselluloida, atsetiltsellyulozadan yasalgan va nutq, muzika yoki ashula yozib olinadigan diskka o'xshardi. Qoq o'rtasida teshigi bo'lib, markazidan chetiga qarab, qo'shaloq izli aylanma chiziqlar tortilgandi.
Xitoy olimlari bu tasvir-belgilarni eski yozuvga yo'yishdi, illo, uni o'qib, ma'nosini bilish uchun qariyb 30 yil sarflashdi. Alqissa, shunday bir natijaga erishdilarki, Pekin akademiyasi uni ommaga oshkor qilish masalasini tez orada hal eta olmadi. Uzoq bahs-munozaralardan so'ng besh nafar arxeologning mehnatlari ro'yobga chiqdi. Lappaklardagi belgilar ilon izisimon qadimiy yozuv bo'lib, fazoviy uchqichlar to'g'risida bundan 12 ming yil burun bitilgan xabar, degan xulosa bildirildi.
Farazlarga ko'ra, bu uchqichlar yordamida Сhinga go'yoki gumanoidlar irqiga taalluqli allaqanday maxluqlar “mehmon” bo'lib kelishgan. Mahalliy aholi ularni dropalar deb atashgan (“dropa” tibetcha so'z bo'lib, o'zbekchaga o'girganda “yakka-yolg'iz”, “alohida”, “yaylovda yashovchi” degan ma'nolarni anglatadi).
“Samoviy jonzotlar tongotar mahali nogohon bulutlar orasidan o'z havo uchqichlarida tushib kelishdi. Bolalar, erkagu ayollar ularni ko'rib, nihoyatda qo'rqib ketishdi. Shu bois g'orlarga yashirinishga majbur bo'lishdi. Bu holat to quyosh yotog'idan bosh ko'targunga qadar o'n marta takrorlandi. Pirovardida tub aholi kelgindilar betinim yo'llayotgan imo-ishoralar ma'nosini tushinib yetdi va ular ezgu niyatda tashrif buyurishganiga ishonch hosil qildi”.
Ro'y bergan voqealarni lappak toshlarlarga muhrlagan shaxsi noma'lum bitikchining ta'kidlashicha, fazoviy uchqichlar yerga qo'nar chog'i falokatga uchrab, ishdan chiqqan. Keyinchalik ularni sozlashning iloji bo'lmagan.
Izlanishlarni davom ettirgan arxeologlar Bayan-Xara-Ula g'oridagi qabristondan o'n ikki ming yil muqaddam dafn etilgan marhumlarning suyak qoldiqlarini ham topishdi. Aniqlanishicha, o'sha davr odamlarining boshi gavdasiga nisbatan katta bo'lgan. Boz ustiga, suyak tizimi yaxshi rivojlanmagan.
Qarangki, lappak toshlarda o'zga sayyoraliklarga berilgan ta'rif ham ushbu ma'lumotlarga hamohang edi. Ularda kelgindilar tashqi ko'rinishidan nimjon, ammo kallasi katta ekanligi uqtirilgandi. Bundanam hayratlanarlisi, Bayan-Xara-Ula g'ori atrofida o'tgan asrda ham dropalarga va kaltabaqay, xumbosh nasllarga mansub qabilalar vakillari yashashgan. Ular kichik jussali bo'lib, voyaga yetganlarining bo'yi o'rtacha 130 santimetrga to'g'ri kelgan.
Fazoviy hodisalarga oid hikoyatlar Yevropa ta'siridan batamom xoli Xitoy xalq og'zaki ijodi namunalarida va qadimiy solnomalarda ham bot-bot uchraydi. Ulardan birida qirq besh asr oldin yashab o'tgan Xuan-di, ya'ni “nur ulashuvchi hoqon” ulug'lanadi. U mulozimlari bilan birga tashrif buyurgan paytda “Katta ayiq” burjidagi Tszi yulduzi yorqin shu'laga chulg'angani eslatiladi.
Xuan-di turli sohalarga oid bilimlarni teran bilishi ila o'z fuqarolari hurmat-e'tiborini qozongan. Ayniqsa, balandligi to'rt metrcha keladigan, og'zidan otash purkovchi, “dumi”dan dam-badam olov chiqarib turuvchi ajdahosimon uch oyoqli uchog'i bilan hammani lol qoldirgan. Bu arava hoqonni va uning yordamchilarini qayoqqadir oborib-olib kelib turgan. Yonboshiga “O'tmishni va bugunni angladim!” “Yaxshi va yomon kunlarni ajrata bildim”, “Tinchlanishning va ketishning uddasidan chiq”, “Engil va og'ir tuyulayapti” singari jumlalar bitilgan.
Hoqon yaqin safarlarga otlanganda, “o'ziyurar tog' aravasi” xizmatidan foydalangan. U 300 yil umr ko'rgan. Sirtdan qaraganda, hukmdorga o'xshamagan. Bo'yi
Afsonalarga qaraganda, Сhi Yu kelbatiga ko'ra, Xuan-diga o'xshab ketgan, birodarlari esa, garchi odamlar singari gapirsalar-da, boshlari misdan, manglaylari temirdan bo'lgan. Ular toshlar va qumlarni bemalol tanovul qilaverganlar. Raqib qo'shinlari esa “olov purkovchi ajdaholar” bilan qurollanganlar.
Ishonchli manbalarda qayd etilishicha, Xuan-di afsonaviy emas, balki tarixiy shaxs bo'lgan. U eramizdan avvalgi 2698 yildan 2598 yilgacha – roppa-rosa bir asr Сhin mamlakatiga hukmronlik qilgan. Bu davrda Shimoliy Xitoy taraqqiyot sari yuz tutgan.
Havoda suzgan daraxt
Evkalipt nimaligini bilsangiz kerak. U issiqsevar va namsevar ulkan daraxt bo'lib, unumdor yerlarda yaxshi o'sadi va 500 yilgacha yashaydi. Tanasi baquvvatligi, balandligi 80-100 metrligi, yog'ochi qattiqligi va mustahkamligi, barglari tibbiyotda va parfyumeriyada ishlatiladigan efir moyiga boyligi, doimo yam-yashil bo'lib yashnab turishi bilan alohida ajralib turadi. Avstraliya va uning atrofidagi orollarda 500 dan ortiq turi tarqalgan. Tropik va subtropiklarda ham ko'p ekiladi.
Avstraliya mahalliy aholisi orasida og'izdan og'izga o'tib kelayotgan rivoyatlardan biri bevosita shu daraxtga daxldor. Marhamat, o'qing:
“Osmon xudosi o'z hukmronligining ilk davrida ikki erkak va bir ayolni yaratadi. Erkaklardan biri o'rtog'i bilan arazlashib, kunbotar tomonga bosh olib ketadi. Yo'l yuradi, yo'l yursa ham mo'l yuradi. Axiyri, ulkan oq daraxt oldiga yetganida, yerga yiqilib, jon beradi. Zum o'tmay, o'sha yerda ikki ko'zi o'tdek yonib turgan mavjudot paydo bo'ladi. U murdani dast ko'tarib, daraxt tepasiga olib chiqadi-yu, kovakka tashlab yuboradi. Xuddi shu lahza quloqlarni qomatga keltiruvchi gumburlash eshitiladi. Vodiydan o'tib borayotgan odamlar bu kuchli sado tufayli hosil bo'lgan to'lqin zarbidan yerga qulaydilar. O'rinlaridan turgach esa, hayrat ichra qotib qoladilar. Negaki, boyagi ulkan daraxt yerdan tag-tomiri bilan qo'porilib havoga ko'tarilgan va janub tomon bir maromda uchib borayotgandi. U yaltiroq, olovli ko'zlar og'ushida qolgandi.
Daraxt ucha-ucha faqat olovli ikki juft ko'zdan iborat mavjudotga aylanadi va insonlar nigohidan nihon bo'ladi...”
Ko'rib turibsizki, Ketrin Langlo-Parker qog'ozga tushirgan bu afsonada talay qiziq voqealar o'z ifodasini topgan. Qadimgi avstraliyaliklar “ulkan oq daraxt” deganda, parvozga shay raketani nazarda tutgan bo'lsalar, ajabmas. Yoki “yonib turgan ikki juft ko'z”ni olaylik. Uni raketa dudburonidan otilib chiqayotgan olovga qiyoslash mumkin.
Ha, aytganday, ortiqcha shubhaga bormasligingiz uchun yana bir gapni aytib o'tay: Ketrin Langlo-Parker XX asr boshida yashagandi. U paytda hali fazo kemalari yaratilmagandi, binobarin, odamlar raketani ko'rish tugul, uning tuzilishi qanaqa bo'lishini tasavvur ham qila olmasdilar...
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0