+28C

+28C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

O'jar tabiatli noyob iste'dod: AQSh prezidenti taklifini rad etgan va quvg'inga uchragan Robert Fisher

U o'zining g'alati bayonotlari bilan doim omma e'tiboriga tushardi. Lekin yigitchada shaxmat bo'yicha noyob qobiliyat yashiringan, musobaqalarda tomoshabinlarni butkul lol qoldirardi.
Hodisa
1258 14:41 | 24.09.2024 14:41

Amerikalik mashhur shaxmatchi Robert Fisher murakkab shaxs edi. Oxir-oqibatda ana shu murakkab fe'l-atvor unga ko'p muammolar keltirdi. AQSh hukumati bilan kelishmovchilikka borib, dunyo bo'ylab kezib yurishga majbur bo'ldi, hatto Yaponiyada qo'lga olinib, bir necha oy qamoqda yotdi. Nihoyat, Islandiya pasportini olib, tinch makonda qo'nim topgan Fisherning umri uzoqqa cho'zilmadi.


Robert Fisher 1943 yil 9 martda Сhikagoda tug'ilgan. Uning otasi Hans-Gerxard Fisher SSSRda yashagan nemis biologi bo'lgan va mafkuraviy jihatdan kommunist edi. Onasi Regina Vender shveytsariyalik yahudiy bo'lgan. Bobbining ota-onasi Regina o'qigan Moskva tibbiyot universitetida uchrashishgan. 1939 yilda ular SSSRni tark etishdi, shundan so'ng yo'llari ajralib ketdi: Gerxard Сhiliga ko'chib o'tdi, Regina esa AQShning Bruklin shahrida joylashdi. Shaxmatchining haqiqiy otasi urush paytida Germaniyadan AQShga qochib ketgan matematik Pol Nemeni degan talqin ham bor. Bu talqin Nemeni bolani tarbiyalashda faol ishtirok etgani, o'qishi uchun pul to'lagani va unga har tomonlama moliyaviy yordam bergani bilan izohlanadi.


Robert 6 yoshida opasi unga shaxmat o'ynashni o'rgatgan. Bola bu o'yinga shunchalik berilib ketdiki, u asta-sekin boshqa narsalar haqida deyarli unutib yubordi. Bobbi sinfdoshlari bilan muloqot qilishni to'xtatdi va tashvishlangan onasi shifokorlarga murojaat qildi. Shifokorlar bolaning ishtiyoqiga to'sqinlik qilmaslikni, balki uni rag'batlantirishni maslahat berishdi. 10 yoshida onasi uni shaxmat to'garagiga yubordi va u hayotidagi birinchi turnirda g'olib chiqdi.


Maktabda Robert g'ayrioddiy qobiliyatlarni namoyish etdi. Fenomenal xotiraga ega bo'lgan Bobbi mustaqil ravishda nemis, ispan, rus va serb-xorvat tillarini o'rgangan. U go'daklikdayoq xorijiy shaxmat adabiyotini bemalol o'qigan. Bobbi maktabda o'rganish uchun hech narsa yo'qligini va barcha o'qituvchilar “ahmoq” ekanligini bir necha bor aytib chiqqandi. Fisherning so'zlariga ko'ra, maktabdagi birgina aqlli odam jismoniy tarbiya o'qituvchisi edi. U shaxmatni yaxshi o'ynagan, shuning uchun u Robertning deyarli yagona do'sti edi. Oxir-oqibat, Fisher maktabni tashlab, hayotini butunlay sevimli sport turiga bag'ishladi. Robertning so'zlariga ko'ra, u faqat shaxmat o'ynashni xohlagan. U onasi bilan janjallashdi va oqibatda yolg'iz qoldi. Shu paytdan boshlab Bobbi yaqinlari tomonidan o'z holiga tashlab qo'yildi.


Robert Fisherning maqsadi jahon chempionati edi va buning uchun u hamma narsani qildi. Sog'lig'ini saqlash uchun u nafaqat shaxmat, balki boshqa sport turlari bilan ham shug'ullangan: masalan tennis, konkida uchish, suzish, chang'i uchish.


14 yoshida Robert AQSh chempionatida g'olib chiqdi, 15 yoshida esa xalqaro grossmeysterga aylandi. Ko'pchilik mashhur shaxmatchilar uni g'ayrioddiy fe'lga ega boladek ko'rishdi, lekin o'ynashni boshlaganlarida g'alaba qozonish uchun hamma narsaga tayyor bo'lgan yetuk shaxmatchi timsolini namoyon qilardi.


Fisher 1959 yilda Yugoslaviyada o'tkazilgan birinchi xalqaro turnirda Mixail Talga 0:4 hisobida mag'lub bo'ldi. Yuqori toifali grossmeysterlar bilan o'yinlarda Bobbining tajribasizligi ko'zga tashlandi: u o'z imkoniyatlarini yuqori baholagan va turnir taktikasiga e'tibor bermagandi. Biroq, muvaffaqiyatsizliklar Fisherni o'z ustida ishlashga undadi. Vaqt o'tishi bilan u yorqin g'alabalarni qo'lga kirita boshladi va 1971 yilda Tigran Petrosyanni 6,5:2,5 hisobida mag'lub etdi. Bu unga amaldagi jahon chempioni Boris Spasskiy bilan o'ynash huquqini berdi. 1972 yilda Reykyavikda shaxmat tarixidagi eng qiziqarli va keskin o'yinlardan biri bo'lib o'tdi. Unda Fisher ishonch bilan g'alaba qozonib, jahon chempioni bo'ldi.


G'alabadan keyin Fisher AQShda milliy qahramon sifatida kutib olindi. Qo'shma Shtatlarga qaytib kelgandan so'ng, prezident Nikson uni Oq uyda kechki ovqatga taklif qildi, ammo dimog'dor chempion taklifni rad etdi: “Men ovqat chaynaganimda odamlarning og'zimga qarashiga dosh berolmayman”, dedi u.


G'arb matbuoti Fisherga atab xushomadgo'y maqolalarni yog'dirdi: ko'plab taniqli odamlar – qo'shiqchilar, aktyorlar unga do'st bo'lishni istadilar va Bobbidan shaxmat o'rganishni xohladilar. Fisherning g'alabasi G'arbda shaxmatning ommalashishiga hissa qo'shdi. Bu, ayniqsa, AQSh va Islandiyada yaqqol sezildi. AQShda ko'plab yangi tug'ilgan chaqaloqlarga Fisher sharafiga Bobbi ism qo'yildi va Brodveyda shaxmat musiqalari sahnalashtirildi.


Fisherning o'zi sodir bo'layotgan voqealarga xotirjam munosabatda bo'ldi va o'zini odatdagidek, sovuqqon va mustaqil tutishda davom etdi. U interv'yu berishni istamadi, faqat eng yaqin do'stlarining tor doirasi bilan muloqot qilishni afzal ko'rdi va unga taklif qilingan barcha ko'p millionli reklama shartnomalarini rad etdi. Shu bilan birga, u ommaviy tadbirlardagi har qanday ishtiroki uchun haq belgilagan. U maktub o'qish uchun 1000 dollar, telefon suhbati uchun 2500, shaxsiy uchrashuv uchun 5000, suhbat uchun 25000 to'lashni talab qildi, bir necha oydan so'ng u juda charchaganini aytib, sekin-asta omma oldiga chiqishni to'xtatdi.


Spasskiy bilan o'yin Fisherning so'nggi rasmiy o'yini bo'ldi. Yangi chempion unvonni qo'lga kiritgach, kamdan-kam, faqat norasmiy o'yinlarda o'ynadi va hech qachon jiddiy turnirlarda o'ynamadi.


1975 yilda u jahon chempionati uchun o'yinni rad etdi va FIDE Karpovni yangi chempion deb e'lon qildi.90-yillarga qadar u Kaliforniyaning Pasadena shahrida tanho yashadi. 1981 yilda ham Fisherning nomi yana gazeta sahifalarida paydo bo'ldi: sobiq chempion politsiya tomonidan bank o'g'irligida gumonlanib, uni qidiruvdagi qaroqchi deb adashib hibsga olishdi. Fisher shaxmat bo'yicha jahon chempioniman, deb baqirib, qarshilik ko'rsatgan va natijada politsiya uni kaltaklagan. Ikki kundan so'ng, talonchilik ayblovlari olib tashlandi va Fisher ozod qilindi, lekin qamoqxona mulkiga zarar yetkazganligi va politsiya xodimlariga bo'ysunmagani uchun 1000 dollar jarimaga tortildi. Ushbu voqealardan so'ng Fisherning “Meni Pasadena qamoqxonasida qiynoqqa solishdi” deya nomlangan kitobi nashr etildi, unda u qamoqxonada bo'lgan voqealarni tasvirlab berdi.


Yorqin grossmeysterning hikoyasi shu bilan tugamadi. 1992 yilda u kutilmaganda Yugoslaviyada Spasskiy bilan revansh jangini o'tkazish taklifiga rozi bo'ldi. Fisher ishonchli g'alaba qozondi, lekin shundan so'ng AQShga qaytmadi. Amerikada uni xalqaro huquqni buzgani uchun katta jarima va 10 yillik qamoq jazosi kutardi, chunki o'sha paytda Qo'shma Shtatlar Yugoslaviyaga boykot e'lon qilgan edi.


Fisher shundan so'ng Sharqqa jo'nab ketdi. U dastlab Filippinda Merilin Yang bilan, keyin esa Yaponiyada eski do'sti Miyoko Vatay bilan yashagan. 2000 yilda u yashirincha Amerikaga ko'chib o'tdi, ammo uch yildan so'ng uning pasporti bekor qilindi va tez orada u Yaponiya aeroportlaridan birida hibsga olindi.


Jiddiy xalqaro janjal boshlandi. Qo'shma Shtatlar Fisherni ularga topshirishni talab qildi, ammo mashhur grossmeysterlar uni himoya qilishdi. Jiddiy ruhiy muammolarga yo'liqqan Bobbi o'zining hibsga olinishini odam o'g'irlash deb atadi, prezident Jorj Bush va Yaponiya Bosh vazirini fitnada aybladi, shuningdek, yahudiylarni eslab o'tishni unutmadi, ularni dunyoning barcha muammolarida aybladi. “Amerika butunlay yahudiylar nazorati ostida. Hamma boshliqlar yahudiylar yoki yahudiylar uchun ishlaydigan Markaziy razvedka boshqarmasi kalamushlari”, deya shov-shuvli bayonot berdi. Hatto jahl ustida 2001 yil 11 sentyabr' terakti ijrochilarining ham yonini oldi.


Shaxmatchi 8 oy Yaponiyadagi turmada yotdi. Unga Serbiya va Сhernogoriya, Germaniya kabi davlatlar fuqarolik taklif qildi. Oxir-oqibatda Fisher Islandiya parlamenti qarori bilan pasport oldi va umrining so'nggi davrini shu davlatda o'tkazdi. 2007 yilda u buyrak yetishmochiligi sabab shifoxonaga yotqizildi, ammo Fisher operatsiyani rad etdi va 2008 yilda vafot etdi.


Fisher shaxmatda o'zidan yorqin xotira qoldirdi. Shaxmatda, Fisher yo'nalishi, Fisher o'yini degan atamalar ham mavjud. Grossmeyster A. S. Suetin Fisherning ijodiy uslubini quyidagicha tavsifladi:...Fisher o'yinining o'ziga xos xususiyati uning ajoyib aniqligi va fikrlashning ratsionalligidir. Fisherning o'yinini o'rganganingizda u sovuqqonlik bilan, hech ikkilanmasdan, shaxmatdagi go'zal yurishlardan voz kechadi degan taassurot paydo bo'ladi. Lekin bor kuchini haqiqatni topishga qaratadi”.


Boshqa sharhlovchilar ham Fisherning o'yinida hayratlanarli ravshanlik, aniq fikrlash va noyob sport mahoratini qayd etishdi: u faqat g'alabaga intildi, lekin pozitsion kurash tamoyillarini buzmadi. Agar uning o'yinlari durang bilan yakunlangan bo'lsa, bu g'alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlar chinakam tugashini anglatadi. Fisher Tal yoki Larsen kabi shaxmatda modernist emas edi, u “sof” va tiniq shaxmatga intildi, ammo bu uning o'yinini quruq va zerikarli qilmadi. Rossiyalik shaxmatchi Anatoliy Karpov Fisherning shaxmatga qo'shgan hissasini tavsiflab, shunday degandi: “Men shaxmat o'yinida biror kishidan Fisherdan bo'lganchalik qarzdor emasman”.


Ota-onasi SSSRdan AQShga borgan, o'zi Qo'shma Shtatlarda ulg'aygan, oxir-oqibat sargardonchilikda umr kechirgan mashhur shaxmat iste'dodining umri shu tariqa tugadi.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Hodisa
Hayratlanarli
0 3930 10:00 | 04.11.2023
Hodisa
G'azo bolalari nomma-nom
0 3721 14:28 | 06.11.2023
Hodisa
21 noyabr' – qanday kun?
0 5420 11:13 | 21.11.2023
Hodisa