Avtomobil' yo'llariga mas'ul tashkilotlar qachon o'z vazifasini bajaradi?
Sinoptiklarning aytishicha, 2024 yil tarixdagi eng issiq yil bo'lishi mumkin. Yanvar'-fevral' oylarining nisbatan iliq kelishi mazkur ma'lumotning haqiqatga yaqinligini isbotladi nazarimizda.
Biroq «Qishning bir kuni ham qish», deganlaridek, ikki-uch kundan buyon kuzatilayotgan sovuq ob-havo va yog'ayotgan qor, har yilgidek ayrim kommunal sohalardagi oqsoqliklarni ko'rsatib berdi. Ayniqsa, qor va muzdan tozalanmagan yo'llar tirbandlikni yanada oshirayotgani turgan gap. Shahar ichida 20-30-40 km tezlikda harakatlangach, vaziyat taqozosi bilan uzoq manzilga yo'lga otlangan haydovchi va yo'lovchilarning ahvolini tasavvur qilavering. 2-3 soatda yetadigan manzilga 5-6 soat sarflanishi hech gap emas. Tabiiyki, savol tug'iladi: avtomobil' yo'llariga mas'ul tashkilotlar nima uchun mazkur holatga panja ortidan qaramoqda? Texnikalar yetarli emasmi yoki mas'uliyat?
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 oktyabr' “Avtomobil' yo'llari to'g'risida”gi Qonuni avtomobil' yo'llarini loyihalash, qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash, saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Jumladan, mazkur qonunda Yo'l tashkilotlari avtomobil' yo'llarining soz holatda bo'lishini, ulardan transport vositalari muttasil va xavfsiz o'tishini ta'minlashi shartligi belgilab qo'yilgan. Demak, bugungi kabi noqulay ob-havo sharoitidagi vaziyat yo'l tashkilotlarining ishiga xolis baho berdi. Tabiiyki, bunday sharoitda katta-kichik yo'l-transport hodisalari ro'y berishi ehtimoldan xoli emas. Qor va muzlama tufayli YTH sodir bo'lib, undan ko'rilgan zararni kim qoplab beradi? Qonunning 17-moddasi “Avtomobil' yo'llaridan foydalanuvchilarning huquqlari”deya nomlanib, unda yo'l foydalanuvchilari umumiy foydalanishdagi avtomobil' yo'llaridan, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko'chalaridan, shuningdek boshqa shaxslar foydalanishi uchun ochiq bo'lgan xo'jalik avtomobil' yo'llaridan o'tish; muttasil, yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish; harakatlanishning yo'l sharoitlari to'g'risida tezkor axborot olish; avtomobil' yo'lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqlariga egaligi keltirilgan.
– Erta tongdan ishga kelayotib, Toshkent ko'chasida yo'l chetida turgan avtobusga ko'zim tushdi. Dastlab jamoat transportini “gaz zapravka”ga navbatda turgandir deb gumon qildim. Lekin muzlama sabab sirpanib, yo'l chetidagi to'siqqa borib urilganini ko'rib ko'nglim g'ashlandi, – deydi A.To'raqulova.
Ijtimoiy tarmoqlar tongdanoq yo'llar tozalanmaganligi bois ro'y berayotgan noxush holatlar aks etgan videolavhalar bilan to'ldi. Bu aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'layapti. Vaholanki, qor-qirovli kunlar kelishi haqida oldindan ogohlantirishlar berildi.
Shunga qaramay, ertalab ish, o'qishga shoshayotgan insonlarning vaqtining katta qismi yo'lga sarflanayotganligini qanday izohlash mumkin?
Boz ustiga Jizzax shahridagi ko'chalarning biridagi muzlama sabab «Jentra» avtomashinasi harakatlanib ketayotgan vaqt fuqaroning tik turgan holda sirpanib borayotganligini avtoulovni to'xtatishga qilingan harakat deya izohlangan video ham diqqatga markazga chiqdi.
Vaholanki, mazkur lavhada YHXX xodimlari ham ko'ringan. Uning ortidan esa avtobusning yonlama harakatda sirpanayotganligini ko'rish mumkin. Vaholanki, bir necha yillar oldin qish bundan ham qattiq kelgan, qor-qirovli kunlarning esa keti uzilmasdi. Afsuski, yuk yengillashgan sayin mutasaddilarning parvoyi falakligini hech narsa bilan oqlab bo'lmaydi.
Shunday ekan, avtomobil' yo'llarining soz holatda bo'lishini, ulardan transport vositalari muttasil va xavfsiz o'tishini ta'minlashi shart bo'lgan yo'l tashkilotlariga qachon qat'iy chora ko'riladi?
Muqimboy ISMOILOV,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0