Dasturiy ta'minotni test qilishni o'rgatuvchi yangi o'yin yaratildi
“QA Simulator” – dasturiy ta'minotni test qilish (Quality Assurance – QA – sifat kafolati) asoslarini interaktiv tarzda o'rgatishga mo'ljallangan yangi o'quv o'yini bo'lib, u qozog'istonlik IT-mutaxassis Murat Nurkasimov tomonidan yaratilgan va yaqin kunlarda Steam platformasida e'lon qilinishi rejalashtirilmoqda.
O'yin g'oyasi va maqsadi shundaki, “QA Simulator”da foydalanuvchi o'zini real ish sharoitida his qiladi, test muhiti va vazifalar orqali amaliy ko'nikmalarini oshirib boradi. Bu yerda real xatoliklarni aniqlash, turli test metodlarini qo'llash, ish faoliyatini hujjatlashtirish imkoniyati mavjud.
O'yin endi boshlovchilarga asosiy tushunchalarni o'rgatsa, tajribali mutaxassislar uchun esa avtomatlashtirilgan testlar va murakkab vazifalarni takomillashtirish imkonini beradi.
Simulyator foydalanuvchilari e-commerce dasturlarini test qilish yoki ombor boshqaruv tizimlarini optimallashtirish kabi real loyihalarda ishtirok etishlari mumkin bo'ladi. Har bir muvaffaqiyatli topshiriq orqali tajriba ballari va yutuqlar qo'lga kiritiladi. Ba'zi missiyalar jamoaviy hamkorlikda bajariladi — bu esa real hayotdagi QA jamoalari kabi ishlashga imkon beradi.
Risklar tahlili, test rejasi tuzish va xatolarni tahlil qilish jarayonlari orqali foydalanuvchilar real tajriba orttiradilar. O'yindagi har bir missiya oldingi bilimlar asosida quriladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar yutuqlar asosida o'yin ichidagi sertifikatlarga ega bo'lishlari va amaliy natijalarni portfolio sifatida ishlatishlari mumkin.
O'yin yaratuvchisi Murat Kurkasimovning ma'lum qilishicha, kelgusida “QA Simulator”ga sun'iy intellekt, internet qurilmalari va blokcheyn mavzularini o'z ichiga olgan yangi stsenariylar kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, ta'lim muassasalari va texnologik kompaniyalar bilan hamkorliklar asosida rasmiy tan olingan kurs va sertifikatlar ishlab chiqilishi mumkin.
“QA Simulator – bu oddiy o'yin emas, balki interaktiv o'qitish platformasi bo'lib, boshlang'ich foydalanuvchilar va tajribali mutaxassislar uchun birdek foydali bo'lishi mumkin. Real hayotdagi vazifalarga asoslangan bu o'yin har qanday foydalanuvchiga yetuk IT-mutaxassis bo'lib yetishishiga ko'maklashishiga ishonaman”, – deydi Murat Nurkasimov.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0