Plastikka aylanayotgan odam bu haqiqatmi yoki yana bir vahima?..
Endilikda kundalik turmushimizni plastik idishlar va undan ishlab chiqarilgan boshqa mahsulotlarsiz tasavvur qilish qiyin bo'lib qoldi. Uyga yoki ishxonaga ovqat buyurtirsak, uni bir martalik plastik idishlarda yetkazib berishadi.
Yonidagi qoshiqchasi va sanchqisi ham plastikdan. Xarid uchun do'kon yoki bozorga tushsak, ota-bobolarimizga o'xshab, yonimizda matodan tikilgan sumka yoxud to'rxalta ko'tarib yurmaymiz. Hamma narsani polietilen xaltalarga chiroyli qilib joylab berishadi.
Сhanqovbosdi ichimliklarni ham, arzonroq, yengilroq va olib yurishga qulay bo'lgani uchun polietilen idishdagisini sotib olamiz.
Lekin keyingi vaqtlarda ana shu plastik mahsulotlarning inson salomatligiga salbiy ta'siri haqida tez-tez fikrlar bildirila boshladi. Ayrimlar – ko'proq tibbiyot sohasi mutaxassislari buni jiddiy qabul qilsa, boshqa bir toifa – asosan kimyo sanoati ishlab chiqarishi bilan bog'liq doiralar navbatdagi vahima, deb baholashmoqda. Keling, yaxshisi, raqamlarga, dalillarga va ikkala tomonning da'volariga quloq tutamiz va xulosani o'zimiz chiqaramiz.
Tibbiy soha mutaxassislari olib borgan tadqiqotlarning ko'rsatishicha, 2024 yilda vafot etgan odamlar miyasidagi plastik miqdori 2016 yilda o'lganlarnikiga qaraganda, 50 foizga ko'proq ekan. Bunda 2016 yilda vafot etgan 28 nafar va 2024 yil olamdan o'tgan 24 nafar inson miyasi namunalari tadqiq etilgan. Inson organizmining plastik tomonidan bu qadar tezkorlik va shiddat bilan «ishg'ol» qilinishi insoniyatni global isish muammosidan ko'ra, tezroq mahv etishi mumkinligi ta'kidlanmoqda.
AQShning Al'bukerke shahridagi N'yu-Mexiko universiteti olimi, farmatsevtika fanlari professori Met'yu Kempenning fikricha, 45-50 yosh oralig'idagi odamlarning bosh miya to'qimalari o'rganilganida, unda bir plastik qoshiqcha to'ladigan miqdorda plastik moddalar borligi aniqlangan. Bundan ko'rinadiki, hozirgi kunda inson miyasida plastik miqdori 0,5 foizni tashkil qilmoqda.
Dementsiya (xotira, fikrlash va kundalik faoliyat buzilishi bilan kechadigan kasallik turi)dan aziyat chekadigan odamlar miyasidagi mikroplastik miqdori sog'lom insonlarnikidagidan 3-5 marta ko'p bo'lar ekan. Bu esa mutaxassislar tomonidan plastikning xotira va fikrlash qobiliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatishini isbotlovchi asoslardan biri sifatida qaralmoqda.
Plastikning oddiy ko'z bilan ko'rib bo'lmaydigan zarrachalari arteriya va vena qon tomirlari devorlarida, bosh miya immun hujayralarida o'rnashib oladi. O'rganishlar davomida miyadan ko'proq bir marta ishlatiladigan paket va shisha idishlar tayyorlanadigan polietilen zarralari topilgan. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda ishlatiladigan maxsus konteynerlar uchun qo'llaniladigan polipropilen, avtomobillar ko'p bo'lgan katta shaharlarda shinalarning ishqalanishi natijasida havoga katta miqdorda chiqadigan sintetik rezina parchalari ham aniqlangan.
Plastikning inson organizmiga ta'sirini tadqiq qilish bo'yicha maxsus xalqaro komissiya ham tuzilgan. Uning xulosasiga ko'ra, plastik – undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qo'l bilan ushlash, ularga qadoqlangan oziq-ovqat va ichimliklarni iste'mol qilish hamda havo orqali odam tanasiga kirib boradi. Uning mikrozarrachalari oshqozon va o'pkaga tushadi, yurak-qon tomir tizimi orqali yurak va bosh miyagacha yetib boradi hamda ularni zararlaydi.
Rossiyalik professor, tibbiyot fanlari doktori Ol'ga Makarova bu borada shunday deydi:
– Mikroplastik zarrachalar o'z yuzasida turli zararli bakteriyalar, moddalar va oqsillarni to'plash xususiyatiga ega. Odamlar suv va oziq-ovqatlar, havo orqali muntazam ravishda mikroplastikni ichga yutadilar. Uning zarralari tuz, shakar, asal, qadoqlangan va vodoprovod suvida aniqlangan. Shuningdek, biz turli yuvish va yuvinish vositalaridan foydalanganimizda, mikroplastik teri orqali ham organizmga tushishi mumkin. Plastikning har xil turlari (uning mingga yaqin turi mavjud) shampunlar, lab bo'yoqlari, lab va makiyaj uchun yaltiratuvchi vositalar ishlab chiqarishda qo'llaniladi.
Lekin bu da'volar juda ulkan ishlab chiqarish sanoati vakillarini ishontira olmaydi. Ularning fikri boshqacha. Jumladan, Amerika Qo'shma Shtatlari kimyo kengashi «zamonaviy ilmiy ma'lumotlar, tadqiqotlar natijalari oziq-ovqat mahsulotlarida aniqlangan plastikni inson salomatligiga xavf soladi, deyish uchun yetarli emas»ligini ta'kidlaydi. Ishlab chiqaruvchilar tadqiqotchilarni odamlarni chalg'itadigan noto'g'ri ma'lumotlarni taqdim etishda ayblashadi. Plastikning yangi turlarini yaratish bilan shug'ullanuvchi kimyogar olimlar ham ishlab chiqaruvchilar taraf.
Inson organizmining mikro va nanoplastik bilan to'lib borayotgani bo'yicha jiddiy va keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar endi-endi boshlanmoqda. Buyuk Britaniyada plastikning inson sog'lig'iga ta'sirini tadqiq etish ishlariga 15 million funt sterling ajratilgan. Yevropa Ittifoqi mikroplastikning homila va bolaga, shuningdek, immun tizimiga qanday ta'sir ko'rsatishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot dasturlarini moliyalashtiryapti.
Ammo shu paytgacha aniqlangan ma'lumotlar ham kishini o'ylashga, o'ylanishga majbur etadi. Biz yuqorida tilga olgan komissiyaning xulosasicha, bolalar va chaqaloqlar uchun plastikning xavfi, ayniqsa, yuqori ekan. Plastik zarralarining oz miqdori ham ularda miyani zararlashi, saratonni yoki autizmni keltirib chiqarishi, aqliy o'sishda ortda qolishga sabab bo'lishi mumkin. Hujayralarga kirib borgan nanoplastik ularning faoliyatini izdan chiqaradi.
O'zbekistonda ahvol qanday?
Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda yiliga 10,2 mln. tonna atrofida chiqindi hosil bo'lsa, shuning 10 foizidan ko'prog'i plastmassadan iborat. 2022 yilga kelib, plastik hajmi 2013 yildagiga nisbatan 2,5 baravarga oshgan va bu raqam o'sishda davom etmoqda. Lekin bu plastik chiqindilarning hammasi ham qayta ishlanmaydi, u foydalanib bo'linganidan keyin ham tuproqni, suvni, havoni ifloslantirishda davom etadi.
Mamlakatimizda plastmassaning eng yirik iste'molchilari qadoqlash, transport va qurilish sohalari hisoblanadi. Respublikaning deyarli barcha hududlarida plastmassa buyumlari, jumladan, idish-tovoq, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash uchun ishlatiladigan bir martalik idishlar va qop ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Bundan tashqari, mamlakatimizga bir yilda o'rtacha 158 ming tonnadan ziyodroq, ya'ni salkam 500 mln. dollarlik plastik mahsulotlar eksport qilinadi.
Shunday bir sharoitda, respublikamizda plastik mahsulotlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tartibga solish, plastik chiqindilar miqdorini kamaytirish bo'yicha ma'lum ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning «O'zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida»gi farmonida ham ushbu masalaga alohida urg'u berilgan. Jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi zimmasiga joriy yil 1 noyabrga qadar plastik chiqindilarni qisqartirish bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Loyihada quyidagi xalqaro tan olingan mexanizmlar o'z aksini topishi kerak:
– plastik chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o'rnatish orqali yig'ib olish va utilizatsiya qilish yoki utilizatsiya yig'imini to'lash;
– plastik qadoqlar yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga nisbatan «taralarni qaytarish», fuqarolarga chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus uskunalarga topshirilgan har bir plastik idish uchun to'lov qilish imkoniyatini yaratish kabi majburiyatlar joriy etish.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi mutaxassislarining fikricha, mamlakatimizda plastik chiqindilarni samarali boshqarishga to'sqinlik qilayotgan bir qancha muammolar mavjud. Ular sirasiga, jumladan, quyidagilar kiradi:
– qayta ishlash infratuzilmasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish talab etiladi. Qayta ishlash korxonalarining soni cheklanganligi chiqindilarni, ayniqsa, polietilen, polipropilen va polietilen tereftalat (PET) kabi asosiy polimerlarni samarali qayta ishlash imkoniyatini kamaytiradi;
– chiqindilarni alohida yig'ish tizimi yo'lga qo'yilmaganligi qayta ishlash korxonalarining mavjud quvvatlaridan samarali foydalanishni sezilarli darajada murakkablashtiradi;
– aholining ekologik madaniyati yetishmasligi esa muammoni yanada kuchaytiradi: ko'pchilik chiqindilarni saralashning ahamiyati va plastik ifloslanishning salbiy oqibatlari haqida yetarlicha ma'lumotga ega emas. Odamlarimiz shisha, plastik, qog'oz, oziq-ovqat qoldiqlari – hammasini bitta qilib chiqindiga tashlashga odatlangan.
Yuqoridagilardan ko'rinadiki, plastik mahsulotlarning inson salomatligiga salbiy ta'siri haqida ilmiy ma'lumotlar hali yetarlicha emasligi beparvolik va e'tiborsizlik uchun asos bo'lolmaydi. Mutaxassislar dunyo hamjamiyati, davlatlar mazkur yo'nalishda bir qator choralarni ishlab chiqishlari zarurligini ta'kidlashmoqda. Xususan:
– plastikni qayta ishlash uchun majburiy kvotalar va bir martalik mahsulotlardan foydalanishga cheklovlar joriy etish;
– plastik mahsulotlar va idishlarni, ayniqsa, tarkibida turli zararli kimyoviy moddalar va bo'yoqlar bo'lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kamaytirish va taqiqlash;
– shunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarning kengaytirilgan majburiyatlari tizimini joriy etish;
– plastik mahsulotlar va idishlar o'rnini bosuvchi ekologik toza tovarlarni (biologik parchalanadigan, qog'oz, trikotaj, paxta va boshqalar) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarni rag'batlantirish.
Xullas, dunyo bo'yicha yiliga taxminan 275 million tonna plastik chiqindi to'planayotgan bo'lsa, uning yana qanchadir qismi sizu bizning organizmimizdan joy olyapti. Plastikning inson organizmiga ta'sirini tadqiq qilish bo'yicha maxsus xalqaro komissiyaning tavsiyasiga ko'ra, har bir inson o'zini va oilasini uning ta'siridan ma'lum darajada himoya qila oladi. Buning uchun plastik idishga qadoqlangan chanqovbosdi ichimliklarni yoki boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilmaslik, meva, sabzavot, go'sht va boshqa narsalarni to'g'rashda yog'och taxtakachlardan foydalanish, bozor-o'char uchun doim matodan tikilgan xalta olib yurish, maishiy chiqindilarni saralashga o'rganish va farzandlarni ham shunga o'rgatish kabi oddiy qoidalarga rioya qilinsa kifoya.
Darmon IBROHIMOV
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0