G'azodan tortib Qrimgacha: urush va kelishmovchiliklarga sabab bo'layotgan hududlar
Afsuski, insoniyat XX asrdagi qonli urushlardan yetarli xulosa chiqarmagani ma'lum bo'lib qolmoqda. Dunyoning turli chekkalarida hududlar uchun urush va ziddiyatlar tinmayapti. Ularning ayrimlari ochiq va qonli urush ko'rinishida (Ukraina va G'azo) ketayotgan bo'lsa, ayrimlari vaqti-vaqti bilan o't olib turadi (Kashmir). Ma'lum bir hudud uchun yirik davlatlar o'zaro qirpichoq bo'layotgani holatlari tobora ko'payib bormoqda.
Jo'lon tepaliklari: Suriya-Isroil
Rasman Suriya tasarrufida bo'lgan Jo'lon tepaliklaring muhim qismi yarim asrdan ortiqki amalda Isroil nazoratida turibdi. Tepaliklarning mudofaa tizimidagi strategik ahamiyatidan tashqari katta miqdordagi chuchuk suv manbasi ekanligi cho'lli hududlardagi davlatlar uchun ahamiyati juda oshirib yuboradi.
2024 yil dekabrida Suriyada hokimiyat almashdi. Hozircha yangi Suriya hukumati Jo'lon tepaligi bo'yicha biron keskin harakatni amalga oshirgani yo'q. Qaytanga Isroil tomoni, Bashar Asad hokimiyati ag'darilgach, Suriya ichkarisiga yurish qilishgacha jur'at etdi. Isroil tepaliklarga faol ravishda yahudiy aholini ko'chirmoqda, ma'lumotlarga ko'ra, 2024 yil dekabrida ularning soni 30 ming kishidan oshgan. Suriyaning og'ir ahvoli va Isroilning kuchayib borayotgan agressiyasi fonida Jo'lon tepaliklarining o'z egasiga qaytish ehtimoli hozircha imkonsiz.

Kashmir: Pokiston va Hindiston
Bu muammo har lahzada lov etib yonib, katta urushga aylanib ketishi mumkin. Buni 2025 yil may oyida ko'rdik.
Tog'lardan iborat bu hudud go'zal tabiati bilan birga strategik ahamiyati bilan ham mojarolarga sabab bo'ladi. Kashmir muammosini bemalol bahsli hududlar ichidagi eng ziddiyatlisi, eng og'iri va xavflisi deb atash mumkin. Sababi, shu paytga qadar ham ikki qudratli davlatning to'laqonli urushiga sabab bo'lgan bu hudud atom urushiga turtki bo'lishi mumkinligi istisno etilmaydi. Yanada ayanchlisi, Kashmir mojarosi ortida asrlarga singib ketgan hind-musulmon ziddiyati yotadiki, bunisi endi eng ayanchli natijalarga olib kelishi mumkinligini tarix isbotlab bo'lgan. 1947 yilda boshlanib tinchigan urush 1971, 1975, 1980, 1984, 1989 yillarda ham kuzatildi. 1999 yildagi yirik to'qnashuvda har ikki tomon mingdan ortiq askaridan ayrildi. 2025 yil mayida Kashmirda sayyohlar o'ldirilishi ortidan Hindiston Pokistonga zarba berdi, narigi tomon ham qarab turmadi. Qaqshatqich to'qnashuvlardan so'ng, AQSh ikki tomonni vaqtincha yarashtirib qo'ydi.

Tog'li Qorabog': Armaniston-Ozarbayjon
Bu mojaro deyarli yakunlangan, ammo asoratlari saqlanib qolayotgan muammo desak bo'ladi. SSSR tarqalganidan so'ng juda ko'p bahsli hududlar muammosi ochildi. Lekin ularning birortasidagi ziddiyat Tog'li Qorabog'chalik bo'lgan emas. Sababi, bu mojaroda ikki qo'shni millat, ikki din vakillari, ikki printsipial raqiblar qo'llariga qurol oldilar va ayamay qon to'kdilar. 2020 yilda Ozarbayjon hududning katta qismini ozod qildi, so'ngra o'rtaga Rossiya tushib, mojaro yana muzlatib qo'yildi. 2023 yil sentyabrida Ozarbayjon hujumga o'tib, Qorabog'ning qolgan-qutgan hududlarini to'la-to'kis egalladi. Mojaro de-fakto yakun topdi. Ammo arman jamiyati buni silliq qabul qila olmadi. Amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan uni qabul qilishga va tinchlik o'rnatishga urinmoqda, ammo hanuz yakuniy kelishuv imzolanganicha yo'q.

Janubiy Tibet: Xitoy-Hindiston
Eng xavfli va yirik to'qnashuvlarga debocha bo'lishi mumkin bo'lgan bahsli hudud. Bu ikki yirik davlatning har biri o'ta qudratli armiyaga ega. Shu bois muzlatilgan bo'lsa-da, bu mojaroning har qanday uchqun natijasida o't olish ehtimoli bor. Angliya koloniyalarining ozod qilinishi ko'pchilik hududlarning kelajagi mavhumligiga olib kelgan. Shular orasida Janubiy Tibet muammosi ham tug'ilgan va Xitoy hamda Hindistonning ham ana shunday hujjatlarni turlicha talqin qilishlariga sabab bo'lgan. Masala faqat muzokaralardagi tortishuvlarda qolib ketmay, 1962 yilda haqiqiy qurolli to'qnashuvlarga aylangan. 322 kishining o'limi, 2140 kishining bedarak yo'qolishi va ko'plab yaradorlarga sabab bo'lgan besamar urushdan keyin Xitoy o't ochishni bir taraflama to'xtatish bo'yicha e'lon qilgan. Bunga SSSRning Xitoyni qo'llamagani, AQSh, Buyuk Britaniya kabi davlatlar Hindistonga qurol yetkazib berishga kirishgani sabab bo'lgan.

Qrim va Ukrainaning to'rt viloyati: Rossiya-Ukraina
Bu hududlar uchun janglar ayni kunlarda ham davom etmoqda. Qrim Rossiya tomonidan to'liq egallangan bo'lsa, to'rt viloyatning katta qismi ruslar tomonidan annektsiya qilingan. Rossiya Qrim yarim oroli va Sevastopolni 2014 yilda o'z tarkibiga qo'shib oldi. Buning uchun aholi o'rtasida o'tkazilgan referendum natijalari asos sifatida ko'rsatildi. Ammo jahon hamjamiyati bu referendum natijalarini tan olmagani holda, Rossiyaning bu harakatlarini anneksiya (boshqa davlat hududini zo'rlik bilan tortib olish), Ukraina tomoni esa okkupatsiya (o'zga suveren davlat hududida qurolli kuchlar ishlatish) deb baholadi. Ko'pchilikning qarshiligiga qaramay Kreml' pozitsiyasini o'zgartirmadi va Qrim qaytarilmadi. Shundan so'ng yetakchi davlatlar navbat bilan Rossiyaga qarshi turli-tuman sanktsiyalar qo'llay boshladilar. 2022 yil fevralida keng ko'lamli bosqin boshlangach, Rossiya Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining ham katta qismini egalladi. 2022 yil 30 sentyabrda bu hududlar annektsiya qilindi. Endilikda Rossiya Ukraina bilan tinchlik shartnomasini imzolash uchun ulardan ushbu to'rt viloyat hududidan to'liq chiqib ketishni talab qilmoqda.

G'azo sektori: Isroil-Falastin
Yana bir qonli urush ketayotgan hudud. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin Isroil HAMAS hujumiga javoban G'azoda keng ko'lamli urush boshladi.
G'azo sektori hududi Misr tarafdan beton to'siqlar bilan, Isroil tarafdan simto'rlar bilan o'ralgani, doimiy blokada va nazoratda turganiga qaramay u yerdagi HAMAS tashkiloti (ko'pchilik davlatlar tomonidan terroristik deb tan olingan) doimiy ravishda qarshilik ko'rsatib keladi. Buning uchun yetarli resurslar bor – uzunligi atigi 40, eni 6-12 kmni tashkil qiluvchi tor hududda taxminan 1,8 mln aholi yashaydi va ularning deyarli har biri Isroilga qarshi kurashni muqaddas burch hisoblaydi.
7 oktyabrdan keyin boshlangan urush G'azo uchun eng halokatlisi bo'ldi. Hozirgacha 51 mingdan oshiq tinch aholi vakillari qurbon bo'ldi, ulardan 20 ming nafari bolalardir. Eng qizig'i, Isroil HAMASni hanuz mag'lub eta olganicha yo'q. Bu yahudiy davlatining hujumlarini kuchaytirishga sabab bo'lmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp g'azoliklarni ko'chirish hududni boshqatdan qurish g'oyasi isroilliklarga yoqib tushdi. Ammo sektorda hamon millionlab oddiy aholi gumanitar inqiroz yoqasida qolmoqda.

Folklend orollari: Buyuk Britaniya va Argentina
Bu orollar amalda Buyuk Britaniya tomonidan boshqariladi va Argentina ham uni o'z hududi deb biladi. 1982 yilda orollar atrofida Angliya-Argentina mojarosi boshlandi. 2 aprel kuni Argentina orollar ustidan nazorat o'rnatib, harbiy operatsiya boshladi. Biroq, Buyuk Britaniya bunga javoban orollarga katta dengiz floti va quruqlikdagi kuchlarini yubordi. May-iyun' oylarida bo'lib o'tgan janglarda Buyuk Britaniya orollar blokadasini o'rnatdi, desant qo'shinlarini joylashtirdi va oroldagi argentinalik qo'shinlarni taslim bo'lishga majburladi.
Ikki tomondan jami mingga yaqin askar halok bo'ldi. Argentina mag'lubiyatga uchradi, ammo orollarning nomi va ularning hududiy mansubligi haqida bahslashuvlar davom etmoqda.

Iordan daryosining g'arbiy qirg'og'i, Sharqiy Quddus, Isroil-Falastin
Bu mojaro uzluksizligi va amalda yechimi yo'qligi bilan e'tiborga molik. Dunyo yangiliklarining birortasi bu mavzuga oid lavhasiz o'tmaydi, deyilsa mubolag'a bo'lmaydi. Tor hududdagi ikki dushman tomonning ziddiyati shu qadar tarixiyki, insoniyat yaratilgandan boshlab qiyomatga qadar davom etuvchi deya ta'riflanishda asos bordek tuyiladi. G'azo sektoridagi urush sabab bu masala ikkinchi darajaga tushgandek ko'rindi, biroq onda-sonda davom etayotgan to'qnashuvlar natijasida jabrlanganlar va qurbonlar bo'lib turadi.
Falastinning hamon muxtoriyat maqomidan qutilmagani, to'laqonli davlatga aylana olmagani, Isroilning o'z hududini dushmanlari tomon qadamba-qadam kengaytirib borayotgani, yetakchi davlatlar, xususan AQShning Isroilga bevosita yoki bilvosita xayrixohlik bildirayotgani hududdagi yahudiylar davlati pozitsiyasi mustahkamligini ta'minlaydi. Harbiy salohiyat, iqtisodiy qudrat bo'yicha ham Isroil ancha ilgarilab ketgan va yon bergisi kelmaydi. Masalaning yana bir nozik jihati, Quddus shahrining har ikki din vakillari uchun ham nihoyatda muqaddas sanalishida. Falastin bir biridan uzoqda bo'lgan ikki yirik qismga bo'lib tashlangan va ularni bog'lovchi yo'l Isroil hududidan o'tadi. Mazkur jarayon mintaqadagi muammolarni deyarli hal etib bo'lmaydigan holatga keltirdi.

Tayvan: Xitoy-Tayvan
Garchi urush chiqmagan bo'lsada, xavotir va qo'rquvlarga sabab bo'layotgan masalalardan biri aynan Tayvan oroli masalasi sanaladi. Barcha muammo 1949 yilda Xitoyning kommunistlar tomonidan egallanishi va Gomindan hukumatining Tayvan oroliga qochishi bilan boshlangandi. Qiziq tomoni, Tayvanni tan oladigan davlatlar barmoq bilan sanarli. Dunyoning mutlaq katta qismi Tayvanni XXRning bir qismi sifatida biladi (jumladan, O'zbekiston ham). Ular orasida Tayvanni qo'llab keladigan AQSh ham bor. Biroq Tayvan amalda Xitoydan mustaqil ravishda siyosat yuritib kelmoqda va unga bo'ysunmaydi. Rossiyaning Ukrainaga hujumi va dunyodagi taloto'plar Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi bo'yicha xavotirlarni vujudga keltirdi. Xitoy goh-gohida Tayvan atrofida yirik harbiy mashg'ulotlar o'tkazib, raqiblarining ko'ngliga g'ulg'ula solib turadi.

Shimoliy Kipr
Kipr orolidagi yagona davlatning ikkiga ajralib ketishi o'tgan asrning 70-yillariga to'g'ri keladi. Oroldagi bo'linishning asosiy sabablaridan biri unda grek va turk kiprliklarning istiqomat qilishidir. Orolning grek qismida yashovchilar kuch bilan mamlakatni birlashtirishga intiladilar, ammo Turkiyaning harbiy-siyosiy ta'siri bunga yo'l bermaydi. Ayni paytda Shimoliy Kiprni rasmiy Anqaradan boshqa bironta davlat tan olgani yo'q. Orolga BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan. Yaqin istiqbolda davlatning birlashish alomatlari ko'zga tashlanganicha yo'q.
Xulosa qilib aytganda, bahsli hududlar bugun urush olovini yoquvchi asosiy sabab bo'lib qolmoqda. Markaziy Osiyo ham bahsli hududlardan holi emas. Ammo mazkur masalada so'nggi vaqtlarda ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan O'zbekiston va Qirg'iziston va 2025 yilgi Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasidagi kelishuvlar bunga misol bo'la oladi. Tomonlar diplomatiya bilan chegaralardagi bahsli yerlarga o'zaro nuqta qo'ymoqdalar.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0