“O'lim ovqatlari” Sog'lig'imizga tug'dirayotgan xavf
Bugungi kunda supermarketlarga kirsangiz, yaltiroq qutilar, yorqin rangli paketlar, turli ko'rinishdagi gazli va sun'iy ichimliklar ko'zga yaqqol tashlanadi. Bir qarashda bu manzara to'kinlik va farovonlik timsoliday tuyulishi mumkin. Ammo chuqurroq mulohaza qilsak, bu “to'kinlik” ortida odamlar salomatligiga bo'layotgan ko'zga ko'rinmas tahlikani anglash qiyin emas. Sababi mahsulotlarning ko'pchiligi aslida asta-sekin o'limga olib boruvchi yeguliklardir.
Ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizdagi yoshi katta insonlarning har beshinchisi ortiqcha vazn bilan kurashayapti. Ro'yxatda turuvchi qandli diabet kasalligi bilan og'riganlar soni 300 ming nafardan oshib ketgan. Yurak-qon tomir xastaliklari, oshqozon, jigar muammolari, hatto asabiylik – bularning bari nafaqat hayot tarzi, balki ovqatlanish madaniyati bilan ham chambarchas bog'liq.
Achinarlisi, bu xatarga bolalar ham yo'liqyapti. Farzandlarimiz do'konlardan chupa-chups, jivachka yoki sun'iy sharbatsiz chiqmaydi. Maktab yonidagi shahobchalardagi chips va gazli ichimliklar o'quvchilar kundalik taomnomasining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Sun'iy ta'm va ranglarga o'rgangan bu avloddan ertangi sog'lom jamiyatni kutish mumkinmi?
Bir qarashda barcha aybni do'konchilar yoki ishlab chiqaruvchilar zimmasiga yuklash oson. Ammo bozor iqtisodiyotida talab bo'lmagan joyda taklif ham bo'lmaydi. Agar odamlar asal, quruq yoki ho'l meva, tabiiy sut-qatiq, o'zimizda yetishtirilgan mahsulotlarga talab qo'ysa, sotuvchi ularni ko'paytirishga majbur bo'ladi. Ammo biz o'zimiz ko'pincha yaltiroq, qutilardagi tezkor gazaklarni tanlaymiz. Natijada magazinlar ham sun'iy narsalar bilan to'lib toshadi.
Yaponiya, Germaniya, Frantsiya singari rivojlangan mamlakatlar supermarketlariga kirsangiz, ko'zga tez tashlanadigan joylarda sabzavot, meva, yangi pishirilgan mahalliy mahsulotlar, go'sht va baliq mahsulotlari turadi. Gazli ichimliklar chekkada va aniq markirovka bilan joylashtiriladi. Har bir mahsulot qadog'ida kaloriya, qo'shimcha moddalar va ularning salomatlikka ta'siri haqida aniq ma'lumotlar bo'ladi.
Bizda esa aksincha. Eng zararli mahsulotlar markazda, shundoqqina ko'z oldimizda bo'ladi, eng foydalilari esa go'yoki keraksizday burchakda jlylashtiriladi. Ko'chalardagi umumiy ovqatlanish shoxobchalariga ham nazar tashlasak, fast fud yeguliklarining muvaffaqiyati bizning ovqatanish madaniyatimiz haqida qayg'uli xulosa chiqarishga majbur qiladi.
Har qadamda gamburger, chizburger, kartoshka fri, xot-dog, pitstsa... va shulardan atigi bir necha metr uzoqlikda dorixona joylashgan. Bu tasodifmi? Albatta yo'q. Sog'lig'imizga e'tiborsizligimiz oqibatida shunday “uyg'unlik” paydo bo'ldi. Biz tez, mazali, lekin zararli ovqatlarni iste'mol qilamiz va natijada faqat tanada emas, ruhiyatda ham og'irlik his etamiz.
Masalan, Buxoroda yuzlab oshxona, kafe, restoranlar bor. Lekin faqatgina sog'lom ovqat tayyorlaydigan, kaloriya va balansli ovqatlanishga e'tibor qaratilgan shoxobchalar soni nihoyatda kam. Bu esa jamiyatning umumiy saviyasini, talab darajasini namoyon etadi.
Ko'pchilik bir shisha gazli ichimlik yoki bir paket chipsni “oddiy narsa” deb biladi. Aslida bu ichimliklarning bir shishasi o'zida 6-7 osh qoshiq shakarni saqlaydi. Bir kecha-kunduzda ikki shishadan ichsangiz, organizmingiz bir haftaga yetarli shakarni qabul qiladi. Natija esa ma'lum: ortiqcha vazn, diabet, yurak-qon tomir kasalliklari… Umuman, bularnig bari ertangi kun uchun ekilgan kasallik urug'idir. Har kuni iste'mol qilayotgan gamburger, chokotella yoki shakarli “energetik”lar sog'lig'imizni sustlashtirib, tanamizni zaiflashtiradi. Ularning ba'zilarida hatto xavfli moddalar ham borligi ilmiy isbotlangan.
Xorijda, ayniqsa AQShda fast fudlar “junk food” – ya'ni “axlat ovqat” deb atalishi bekorga emas. Ayrim tadqiqotchilar esa bu turdagi yeguliklarni “o'lim ovqati” deb atashni ham taklif qilgan. Supermarket yoki do'konda tanlayotgan mahsulot bu – shunchaki yegulik emas. Bu – hayotimizning sifatiga ta'sir qiluvchi muhim omil. Har bir taom yo shifo, yo zaharga aylanishi mumkinligini unutmaylik. Zero, sog'lom hayot – sog'lom ovqatdan boshlanadi.
Dildora IBROHIMOVA,
“ISHONCH”
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0