Biz bilmagan g'aroyib daraxtlar
Daraxtlar hayotimizning bir qismi. Ular biz uchun toza havo, ozuqa, qolaversa boshpana manbai. Yer yuzida 100 mingga yaqin daraxt turlari mavjud. Daraxtlar orasida boshqalarga mutlaqo o'xshamas g'aroyib turlari ham borki, ko'rib hayratga tushasan.
Non daraxti
Bu daraxt eng g'aroyib daraxtlardan biri. U tropik mamlakatlarda o'sadi, biroq uning vatani Yangi Gvineya va Okeaniya hududi sanaladi. U haqida bor-yo'g'i XvIII asrda ingliz dengizchilari sabab bilishgan. Dengizchilar mahalliy aholi g'aroyib daraxt mevasini non o'rnida yeyishini hayrat bilan kuzatishgan.
Non daraxtining poyasi va shoxlari yo'g'on. U juda tez o'sadi va balandligi 25 metrga ham yetishi mumkin. Mevalarining uzunligi 30-35 santimetrga, vazni esa 4-5 kilogrammga teng. Tashqi ko'rinish jihatidan qovunga o'xshab ketadi. Non daraxti bir necha oylar davomida suvsizlikka chidashi mumkin. Qiziqarli jihati, bu g'aroyib daraxt yiliga 9 oy davomida meva beradi. Yuqorida aytib o'tilganidek, non daraxti mevalari kulinariyada ham qo'llaniladi: u qovuriladi, qaynatiladi, un kabi yanchiladi va xomligicha iste'mol qilinadi. Ta'miga ko'ra kartoshkani esga soladi.
Sut daraxti
Bu daraxt — o'ta g'aroyib. Uni «sigir daraxti» deb ham atashadi. Bugun uni Janubiy va Markaziy Amerikada, shuningdek Osiyo mamlakatlarida ham uchratish mumkin. U ko'pincha 30 metrgacha o'sadi. Daraxt nomining o'ziyoq suyuqlik ishlab chiqarishini anglatadi. Aynan shuning uchun ham mazkur daraxt yetishtiriladi. Boshqa o'simliklardan farqli ravishda uning suti zaharli emas, aksincha foydali, ta'mi yoqimli bo'lib,oddiy sutni yodga soladi.
Daraxtning tanasi kesiladi, uning tagiga esa idish qo'yiladi. Bir martada 3-4 litr sut yig'ish mumkin. Mahalliy aholi bunday sharbatni sut ichgandek iste'mol qilishadi.
Sham daraxti
Sham daraxti yoki parmentera yeyish uchun yaroqli. U mevalarining noodatiy shakli sabab shunday ataladi. Tashqi ko'rinish jihatidan shamga o'xshashidan tashqari uning tarkibida yaxshi yonish imkonini beradigan yog' ham bor. Sham daraxti tropik o'lkalarda o'sadi. Odamlar undan tibbiy maqsadlarda foydalanishni o'rganishgan.
Tenere daraxti
Tenere daraxti bu ro'yxatga kiritilishining boisi shundaki u endi umuman yo'q. Afrika qit'asi, Nigeriyada, Saxara sahrosida 300 yildan buyon o'sib kelayotgan yolg'iz daraxt yaqin atrofdagi 400 kilometr radiusidagi yakkayu yagona daraxt bo'lgan. Olimlar uning yonida chuqur kavlab ko'rishganida, uning ildizi 36 metrgacha va undan ham chuqurroq joyga yetib borishidan xabardor bo'lishgan.
1973 yilda shirakayf haydovchi o'zi boshqarib ketayotgan yuk mashinasida bu daraxtni urib yuborgan. Shuning uchun ham bu yerda yolg'iz umr kechirgan Tenere daraxtining xotirasiga metalldan yodgorlik o'rnatilgan.
Vollemiya
O'zining yagonaligi va go'zallgigiga qaramay Vollemiyaning qiziqarli jihatlari uning tashqi ko'rinishi emas tarixida yashiringan. Avstraliyada o'suvchi Vollemiya xaqiqiy dinozavr davrlari o'simligi hisoblanadi. Qazilma ishlarida Vollemiya daraxtining topilgan eng qadimiy qoldiqlari bunday daraxt tahminan 200 million yillar avval mavjud bo'lganidan xabardor qilgan.
Bu ignabargli daraxtlarning aniq joylashgan yeri tirishqoqlik bilan ommadan yashirib kelingan. Bundan maqsad tabiatda atigi 100 donadan ham kamroq qolgan daraxtlarni himoya qilish bo'lgan. Bu daraxtni tamomila yer yuzidan yo'q bo'lib ketishini oldini olish uchun 2006 yilda keng omma Vollemiyaning ko'chatlarini sotib olib o'stirishni rag'batlantiruvchi maxsus dastur ishlab chiqilgan. Natijada bugungi kunda Vollemiyani dunyoning turli joylaridagi botanik bog'larida ko'rish mumkin.
Hayot daraxti
Bahrayndagi hayot daraxti – bu dunyodagi eng yolg'iz daraxt. Uning ildizlari tuproqning suvli qatlamlarga yetishi uchun bir necha o'nlab kilometrlargacha cho'zilib ketgan deb hisoblanadi. Daraxtning aniq yoshi noma'lum, biroq chamasi 400 yoshda deb tahmin qilib kelinadi. Hayot daraxtining siri uning sezilarli darajadagi yirikligi yoki juda go'zal shaklida emas balki hech o'simlik unmaydigan joyda “yashayotgani”dadir.
«General Sherman» ulkan sekvoya
Kaliforniyadagi Sierra-Nevadada o'sadigan ulkan sekvoyya daraxtlari hajmi jihatidan eng katta daraxtlar hisoblanadi. Ular orasidagi eng kattasi Milliy bog'dagi “General Sherman” daraxtidir. Uning balandigi 83 metrga yetadi, hajmi 1486 kub metr, og'irligi esa 6000 tonna. Taxmin qilinishicha, daraxtning yoshi 2300 dan 2700 gacha va har yili u oddiy 18 metrli daraxt ega bo'lgan hajmga ko'payadi. Uxaqiqiy tabiat durdonasi va Yer yuzidagi eng ulkan tirik organizmdir.
Ajdar daraxti
Kanara orollarining biri – Tenerifeda, Ikod-de-los-Vinosda ajdar daraxti turining mislsiz va o'ziga xos vakili umr kechiradi. U tahminan 650 bilan 1500 ning o'rtasidagi yoshda deb hisoblanadi, ammo mutaxassis ekspertlar aniq xulosa chiqarishga juda qiynaladilar, chunki uning bir dona ham poyasi yo'q. U tepaga o'sishi bilan biri-biriga ulangan kichik o'zakchalardan iborat bo'lsa kerak. U barglardan bo'lgan quyuq soyabonga ega va po'stlog'i yoki bargi kesilganida ajratiladigan yelim tufayli o'z nomini olgan. Aholi buni ajdarning qurib qolgan qoni deb xisoblaydi va qadimiy zamonlardan turli kasalliklarni davolash uchun undan foydalanadi.
Baobab
Baobabning vatani Madagaskar oroli hisoblanadi, ammo u Afrikada va Avtsraliyada ham tarqalgan. Baobab daraxtlari Afrika qit'asidagi hayotning eng qadimiy shakllaridan biridir. Bugungi kunga qadar turgan daraxtlarning ko'pchiligi rim imperiyasi davridan bo'yon o'sib kelayotganiga bemalol kafolat bera olish mumkin. Nimaga deysizmi? Сhunki baobab hayotining davomiyligi – o'rtacha 5000 yil. Ajoyib baobab yoki “maymunlar non daraxti” 30 metr balandlikkacha va 11 metr kenglikkacha o'sishi mumkin.
Baobabning o'ziga xosligi ularning “qorinli” tanasi. Bu tana ularda suv ombori vazifasini bajaradi. Babobab daraxti qurg'oqchilikning o'ta og'ir sharoitlarini kechib o'tishi uchun o'zining ichida 120000 litrgacha suvni sig'dira oladi. Ayrim daraxtlarning tanalari shu darajada kattaki, ularning ichida odamlar ham yashaydilar.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0