Mutasaddilar ishlashi uchun yana qancha bola urib o'ldirilishi kerak?
Bir otani shaxsan taniyman. Otaki – uning sabr-bardoshini, matonatini ta'riflashga til ojiz. Gap shundaki, u qariyb 14 yildan buyon birinchi guruh nogironligi bor, mustaqil ravishda hech bir ish qilolmaydigan qizini hech kimga ishonmay, o'zi parvarishlab kelyapti. Hatto ayoli bir necha marotaba farzandini maxsus joylarga berib yubormoqchi bo'lgan, ammo ota rozi bo'lmagan. Barcha og'irligu mashaqqatni o'z gardaniga olgan.
Andijonda ro'y bergan dahshatli voqeani eshitganimda ana o'sha ota xayolimdan o'tdi... Ochig'i, hodisadan haligacha o'zimga kelolmayapman. Unutishga har qancha harakat qilmay, foydasi bo'lmayapti. Jajji qo'llari bilan otasining zarbalarini qaytarayotgan, og'riqdan chorasiz ingrayotgan bolaning holati ko'z oldimdan sira ketmayapti...
Manzarani bir tasavvur qilib ko'ring, ota o'z qizini daraxtga bog'lab, mashina «remen»i bilan ayovsiz kaltaklagan. Tan jarohatlari tufayli farzand halok bo'lgan. Bunga maktab oshxonasidan so'ramay olingan bir dona bulochka sabab bo'lgan. Bir dona bulochka... Qizning shu zormanda yegulikni so'roqsiz olganidan jahli chiqqan bufetchi sinf rahbariga shikoyat qilgan. O'qituvchi esa qizning otasiga voqeani aytib bergan. Ota vajohat bilan maktabga kelib, qizini olib ketgan va uyda rosa savalagan.
Ish sudda ko'rilib, qotil otaga 9 yil qamoq jazosi berildi. Ammo... Koshki edi, shu bilan qizaloq tirilib kelsa...
Aslida otaga vijdon azobidan og'irroq jazo yo'q. Ya'ni endi u bir umr o'z farzandini urib, o'ldirib qo'ygan ota degan og'ir tamg'a va dashnomni ko'tarib yurishiga to'g'ri keladi. Qattiq zarbalarni nozik qo'lchalari bilan qaytarishga urinayotgan, «remen» zarbidan chinqirayotgan qizi tushlariga kirib chiqadi. Ichki tuyg'ulari unga tinchlik bermaydi. Agar o'sha otada zarracha vijdon qolgan bo'lsa, albatta. Lekin suddagi «Qizimning ko'zlarida qilgan ishidan afsuslanishni ko'rmadim, shundan keyin yana uraverdim», deganidan na rahm-shafqat, «Iltimos, shafqat qilinglar» degan gaplaridan ko'rinib turibdiki, unda na vijdon bor...
Shu jumladan, bufetchi va o'qituvchida zarracha ayollik, onalik hissi bo'lsa, ular ham bir umr vijdon azobida qolishadi. Agar ularni insoniylik qiyofasi tark etmagan bo'lsa, qizchaning o'limida o'zlarini ayblab, qiynalib yashaydi. Inchinun, shu ayollar bittagina bulochka deb ayuhannos solishmaganda edi, balki...
Shu o'rinda «Qizning o'zida ham ayb bor ekan, nega o'g'rilik qiladi? Uni jazolab, tartibga chaqirishga otasining to'la haqqi bor», degan iddaoni ilgari surayotgan ayrimlarga ikki og'iz so'z aytsak.
Birinchidan, u hali yosh bola edi! Oq-qorani yaxshi anglamasdi. Ikkinchidan, qizaloq shunchaki havas yoki ermak uchun bulochka o'g'irlagani yo'q. U och qolgan, to'g'rirog'i, och qoldirilgan. Shu qadar och qoldirilganki, qizcha qornini to'ydirish uchun shu ishga qo'l urgan! Qiz bolani yo'qchilik, o'g'il bolani to'qchilik yo'ldan ozdiradi, degan gap bejiz aytilmagan. Qisqasi, hech qachon va hech qanday vaziyatda sababsiz oqibat bo'lmaydi!
Ma'lumotlarga ko'ra, o'sha ota ayoli bilan birga yashamas ekan. Demak, katta ehtimol bilan ular nizoli oilalar ro'yxatida turgan. Oynai jahon orqali berilgan suddagi parchalarda guvohlik bergan boboning aytishicha, o'g'li nabirasiga qator talab va vazifalar qo'ygan. Farzandiga deyarli pul bermagan. Aytganini qilmagan paytlarda och qoldirish bilan jazolagan va bu tez-tez takrorlangan. Buning oqibatida uning ruhiy holati o'zgargan. Haddan ortiq bosimlar tufayli maktabdagi darslarini ham, otasining buyruqlarini ham yolchitib bajara olmagan. U bilan na mahalla faollari, na maktab psixologining ishi bo'lgan. Undan birov hol-ahvol so'ramagan. O'quvchi qiz o'z yog'iga o'zi qovrilib yuravergan.
Mazkur hodisaning yana bir aybdori bu – mahalla! Xo'sh, ular o'sha xonadondagi vaziyatdan xabardormidi? Agar bundan xabari bo'lsa, nima uchun o'z vaqtida o'z vakolati doirasida chora-tadbirlar ko'rmagan? Axir, bu bevosita va bilvosita ularning eng asosiy vazifasi-ku?! Bir oilada ona ketib qolsa, qiz muttasil jazolanib, och qoldirib kelinsa-yu, bundan hech kimning xabari bo'lmasa? Qachon shu darajada loqayd va beg'am avomga aylanib ulgurdik?..
Umuman, oxirgi vaqtlarda odamlarimizning dunyoqarashi o'zgarib ketyapti. Ayniqsa, «Farzand meniki, xohlasam – uraman, xohlasam – och qoldiraman» deya o'ylaydigan ota-onalarning ortib borayotgani katta fojia. Bu alal-oqibat, yaxshilikka olib kelmaydi.
Azaldan «Bolajon xalqmiz» deya ko'krak uramiz, og'iz to'ldirib maqtanamiz. Ammo amalimiz so'zimizning mutlaqo teskarisini ko'rsatib turibdi. Aslida esa bolajon xalq emasmiz. Shunchaki buni sifat bilan emas, son bilan izohlab, o'zimizni-o'zimiz aldab yuramiz, xolos. Bolajon xalq bo'lganimizda edi, hali voyaga yetmagan begunoh go'daklarning qotiliga aylanmas, ularni yoqib yuborish bilan qo'rqitmas, tug'ib, chiqindixonaga uloqtirmas, hilvat joyda bo'g'ib o'ldirmas edik! Internetga «Bolasini o'ldirgan ota yoki ona», deb qidiruv bering, qatorlashib chiqib kelgan xabar va ma'ulumotlardan boshingiz gangib, dilingiz xufton tortadi. Vaholanki, muqaddas kitoblarda farzand ota-ona uchun eng ulug' ne'mat ekani, ayniqsa, qiz bola uyning farishtasi bo'lishi haqida aytiladi. Uni urish u yoqda tursin, hatto ko'ngliga ozor beradigan biron-bir og'ir gap aytishdan ham qaytariladi. Tirnoqqa zor, bola yig'isi, kulgisi yangramagan qanchadan-qancha oilalar bor. Eng aziz ne'matni qadriga yetmaydigan, uni xorlaydiganlar esa buni qaerdan ham bilishardi...
Xo'p, Andijondagi fojiali voqea o'tgan yilning oktyabr' oyida sodir bo'lgan ekan. Nega shu vaqtgacha Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo'yicha vakili – Bolalar ombudsmani, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bu bo'yicha hech qanday izoh yoki munosabat bermadi? Yoki biz ko'rmay qoldikmi? Har holda mazkur hodisaga mana shu tashkilotlar bevosita dahldor-ku! Nega ular bu haqda lom-mim deyishmayapti?
Xo'sh, shundan keyin mas'ullar, mutasaddilar quruq hisobotu balandparvoz gaplardan hech qanday naf yo'qligini, buning o'rniga amaliy ishlarga o'tish lozimligini anglab yetishdimikan? O'zlari uchun to'g'ri xulosa chiqarishdimikan? Xo'jako'rsin vazifalarga chek qo'yish uchun yana qancha bolalar ota-onalarning qo'lida qurbon bo'lishi kerak, axir? Hatto ongsiz hayvon ham qilmaydigan bunday tuban va chirkin holatlar qachondir barham topishi kerak-ku!
G'ulomjon MIRAHMEDOV
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0