Layk ortidagi illat: Yoshlarni nima kutmoqda?
Texnologiya va internetning shiddat bilan rivojlanishi hayotimizga katta ta'sir ko'rsatdi. Bugungi kunda ularning ishtirokisiz hech bir sohani tasavvur qilib bo'lmaydi. To'g'ri, texnologiyalar hayotimizni yengillashtiradi, vaqt va kuchimizni tejaydi. Ammo salbiy jihatlari ham bor. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan turli xil videolar, xususan, vaynlar odamlar tafakkuriga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Ko'pchilik ushbu postlar zerikarli bo'lmasligi, vaqtni mazmunli o'tkazishga xizmat qilishi haqida o'ylasa-da, ular ataylab saviyasiz tarzda tayyorlanayotganidan xabardor emas. Fikrimni tushunarliroq izohlash uchun bir misol keltiray. Kimdir oliy matematika haqida gap ochsa, ko'pchilik u yerda keltirilgan nazariyalar va masalalarni tushunmasligi mumkin. Lekin mavzu karra jadvali haqida bo'lsa, ko'pchilik uni tushunadi, ammo baribir cheklovlar bo'ladi. Agar mavzu faqat natural sonlar haqida bo'lsa, bunday suhbat hammaga tushunarli bo'ladi.
Xuddi shu printsip ayrim blogerlarning faoliyatida ham kuzatiladi. Ular «ko'rishlar» va «layklar» sonini oshirish, obunachilarni ko'paytirish maqsadida saviyasiz va mazmunsiz mahsulotlarni ataylab tayyorlashadi. Biz esa bunday kontentni zavq bilan «iste'mol qilyapmiz».
Eng achinarlisi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining aksariyati yoshlar ekanligidir. Mafkurasi va dunyoqarashi hali to'liq shakllanmagan bu qatlam saviyasiz kontentdan ta'sirlanmasdan qolmaydi. Bu kelajakda yoshlarning fikrlash tarzi va qarashlariga salbiy ta'sir o'tkazishi mumkin. Shu bois biz o'zimiz ko'rayotgan va iste'mol qilayotgan kontentni tanlashga mas'uliyat bilan yondashishimiz lozim.
Ra'noxon UZOQBOEVA,
Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti
Maqolaga baho bering
0/54
0
0
0
0