Sizga qanday xodim kerak?
Yaqinda nufuzli idorada hisobchi bo'lib ishlovchi xodim attestatsiyadan yiqilganini aytib, uning adolatsiz o'tganidan shikoyat qildi.
– Menga buxgalteriyaga doir juda kam savol berishdi. Faqat siyosiy savollar. Falon qaror qachon qabul qilingan, falon qonun necha bobdan iborat mazmunida. Ularga bilganimcha qisqa javob qaytardim. Men bilan attestatsiyadan o'tgan tahlilchilar ham huddi shu savollarga javob berishdi va yuqori bal olishdi. Ularning faoliyatida bu masalalar muhim, biroq hisobchi uchun unchalik ahamiyatli emas,–deydi u.
Maxsus maktabda musiqa fanidan dars beruvchi o'qituvchi attestatsiyadan o'tayotganida umumta'limga doir savollar ko'proq berilganidan norozilik bildirdi.
– Biz har bir o'quvchi bilan alohida dars o'tamiz, shu bois sinf bilan ishlash borasida tajribaga ega emasman. Musiqa faniga doir bironta savol tushmaganidan yanada ajablandim, – deydi u.
Jarrohlik bo'limida ishlovchi hamshira esa attestatsiyada patronaj hamshiraning faoliyatiga doir savol tushganidan xafa.
Gap gapni ochadi deydilar. O'tgan yili bo'lgan bir holat yodimga tushdi. Yuqori lavozimda ishlaydigan tanishim tashkilotga matbuot kotibi olishda muammoga duch kelayotgani, nomzodlar suhbatdan o'ta olmayotganini aytib, mutaxassis tanlashda yordam berishimni so'radi. Matbuot kotibligiga berilgan savollarning barchasi siyosiy mavzuda edi.
– Matbuot kotibining vazifasi tashkilot haqida axborotlarni xolis va tezkor tarqatish. Uning matn tuzishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanashi muhim,–deya o'z fikrimni bildirdim va tashkilot ishchi guruhi nihoyatda savodsiz deb topgan nomzodga yuqori baho berdim. Yosh jurnalist ishga tez kirishib ketdi va hozirda tashkilot rahbari undan nihoyatda mamnun.
Ushbu voqealar atrofida mulohaza yuritar ekanman, davlat tashkilotlarida hali ham ishga munosabat bozor talablari asosida tashkil qilinmayotganligi haqida o'yladim. Ishga vaqtida kelib ketishga ishni sifatli bajarishdan ko'ra ko'proq e'tibor qaratilishi, xodimning ishga ijodiy yondashuvidan ko'ra qanday kiyinishi muhimligi, ishni mavaffaqiyatli bajarganiga emas, stajiga qarab ustamalar berilishi... bular anchayin eskicha yondashuvlarday tuyuladi. To'g'ri, tartib-intizom muhim, biroq to'qqizdan oltiga qadar ishda bo'ldi degani ishladi deganimas. Ko'plab davlat tashkilotlarida ish hajmi belgilanmagan. Xususiy idoralarda aksincha, xodimning o'z vazifasini talab darajasida bajarishi asosiy kriteriy sanaladi. Mukofot ham, jazo ham moddiy ko'rinishda bo'ladi. Bu esa xodimni har doim o'z ustida ishlashga, lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarishga undaydi.
Davlat idoralariga ishga qabul qilishda, nomzod salohiyatini baholashda yuqoridagi kabi yondashuvlar malakali mutaxassislar qolib, zo'rma zo'raki yod oluvchilarga ustunlik berilishiga olib kelmoqda. Alal oqibat esa yuqori baho bilan ishga qabul qilingan xodimlarning hammasi ham o'z vazifasini lozim darajada bajara olmay, “dardisar”ga aylanadi. Uni ishdan bo'shatish ham oson emas. Idora-tashkilotlarda yigirma-o'ttiz yillardan buyon ishlab kelayotgan, hammadan ko'p oylik oladigan, ammo hech qanday naf keltirmaydigan xodimlar oz deb ko'ring-chi?!
To'g'ri, har bir oliy ma'lumotli mutaxassis, umuman, har bir inson siyosatdan boxabar bo'lishi, ijtimoiy faolligi muhim. Biroq, unga qo'yiladigan asosiy talab lavozim yo'riqnomasidagi vazifalarni qanchalik uddalay olishi. So'raladigan savollar ham shundan kelib chiqishi kerak emasmi? Ishga qabul qilishda yoki attestatsiya savollari orasida o'n foiz siyosatga, o'n foiz ma'naviyatga yoki ekologiyaga doir savollar bo'lishi adolatlidir. Biroq, qolgan savollar bevosita faoliyatga doir bo'lishi kerak emasmi?
Attestatsiya xodimning salohiyatini baholash maqsadida o'tkazildi. Salohiyat esa u faoliyat ko'rsatayotgan korxona, tashkilot, tizimning rivojiga xizmat qilishi lozim. Demak, savollar ham shunga yarasha bo'lishi kerak. Xuddi shunday ishga qabul qilishda ham undan kutilayotgan vazifaga mos savollar berish maqsadga muvofiq.
Rivojlangan davlatlarda xodimlarni ishga qabul qilishda nimalarga e'tibor qaratilishi bilan qiziqib ko'rdim.
Qadim Xitoyda mas'ul lavozimga ishga qabul qilishda ikki narsa so'ralgan ekan. Kaliografiya va she'r tuzish. Mantiqan qarasangiz, mana shu ikki talab inson dunyoqarashini, fikrlash doirasini baholashga asos bo'la oladi. Bu haqda tanish rahbarga aytganimda, “Ayni bizning davrga mos talab ekan. Hozirda ko'pchilik yosh rahbarlar, davlat idoralari xodimlari hisobotlarni to'g'ri yuritishni, tahlil qilishni bilmaydilar, sababi kitob o'qimaydilar, ijodiy fikrlamaydilar” dedi.
Yaponiyada xodimlarni ishga qabul qilishda universitetda o'qishdan tashqari nimalar bilan shug'ullangani, ushbu kompaniyaga ishga kirish istagi qanday paydo bo'lgani, kompaniya rivojiga qanday hissa qo'shmoqchiligi, qancha muddat ishlashni rejalashtirayotganligi haqida so'ralarkan. Birinchi navbatda o'zini tutishiga e'tibor qaratilarkan, tashqi qiyofasiga emas. Javoblarning esa samimiyligi emas, to'g'riligi muhim sanalarkan.
Dunyoning ko'plab yirik kompaniyalarida “O'zingizni besh yildan keyin qaerda ko'rasiz?”, “Stressni qanday yengasiz?”, “O'z kasb mahoratingizni qanday oshirasiz?”, “Jamoa bilan qanday ishlaysiz?”, “Kuchli va ojiz tomonlaringiz”, “Muammolarni qanday hal qilasiz?”, “Yangiliklarga qanday transformatsiya qilasiz?” kabi savollar berilarkan.
O'zimizda ham aksariyat xususiy kompaniyalarda xodimlarni ishga qabul qilishda har tomonlama sinovdan o'tkaziladi. Asosiy e'tibor bilim va salohiyatiga, jamoa bilan ishlashiga, tartib-intizomga rioya qilishiga qaratiladi. Ishga haq to'lashda ham bajargan ishining sifatiga va korxonaga keltirgan foydasiga qaraladi. Bir oyda o'n million so'm oylik olgan xodim keyingi oyda besh million so'm olishi mumkin. Uch oy ketma-ket rejani bajarmagan xodimga jazo chorasi qo'llaniladi. Davlat idorasida esa, yaxshi ishlagan ham, yomon ishlagan ham bir xil haq oladi. Bunday yondashuv oqibatida korxona depsinib turaveradi.
Yana bir jihati, davlat idorasida ishlovchi xodim har qancha savodsiz bo'lmasin, oilaviy sharoiti yomon bo'lsa, ishdan bo'shatishmaydi. Bir oilaning iqtisodiy muammosini hal qilish uchun korxona kelajagini xatarga qo'yish qanchalik to'g'ri? Oilasining ijtimoiy holatini oila boshlig'i o'zi his qilishi va shunga yarasha ishlashi kerak emasmi?
Umuman, aksariyat davlat idoralarida ishga munosabatni o'zgartirish payti kelmadimikin? Bu borada xorij va xususiy sektor tajribasini qo'llash orqali har tomonlama unumdorlikka erishilgan bo'lardi. Xodimlar mehnati munosib qadr topardi. Munosib mutaxassislar davlat idoralarida ishlar, o'z ustida izlanar va pirovard natijada jamiyatda yuksalish bo'lardi.
Muhabbat TO'RABOEVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0