200 mingdan 700 ming so'mgacha – taksistlar bir kunda qancha pul topmoqda?
Xalqimizda "Ishlasang – tishlaysan", degan ajoyib maqol bor. Halol mehnat qilish ham ma'nan, ham jismonan foydali. Qolaversa, kamabag'allikka qarshi kurashishning yagona yo'li ham harakatdir.
Ishonch.uz O'zbekiston sharoitida mehnat qilib, daromad qilishning turli yo'llari bilan tanishtirib boradi. Ayni maqolada "Yandex Taxi"da pul ishlashning barcha jihatlarini ko'rib chiqamiz.
"Start" tarifi
"Start" tarifi bu Yandex taksida eng hamyonbop tarif hisoblanadi va boshqalariga qaraganda arzonroq. "Start" yo'nalishiga aholining katta qismi buyurtma beradi. Bu tarifda xizmat ko'rsatadigan haydovchining so'zlariga ko'ra, ertalab soat 6 dan to kunduzgi 12 gacha 200 – 300 ming so'm topsa bo'ladi, chunki ertalab narx baland bo'ladi.
«Ertalab 6:00 da chiqsangiz, odamlar ishga, o'qishga boradigan pik payti yaxshi pul topsa bo'ladi, uzoq joyga borsangiz ko'proq masofa bosib o'tasiz. Bunda ham kamchiliklari va qiyinchiliklari bor. Har xil mijoz chiqadi, ularga qo'pol gapirib bo'lmaydi, xo'p-xo'p deb qo'yamiz», — deydi haydovchi.
Mashina va boshqa xarajatlar
Ertalab ishga chiqishdan oldin 50 ming so'mga metan «zapravka» qilinadi. Tushlik uchun 50 ming atrofida sarflanadi. Jarimalar ham bo'lib turadi, asosan yo'l chiziqni bosish ( 85 ming so'm) sababli.
«Masalan, kuniga o'rtacha 300 – 350 ming sof foyda chiqadi. Men asosan ertalab 9 dan yo'lga chiqaman», — deydi boshqa haydovchi.
"Komfort" tarifi
Bu yo'nalishda ishlaydigan haydovchi buyurtmalar, chiqimlar va daromadlar haqida shunday deydi:
"Bu tarifda soat 9 dan 6-7 gacha 500 ming atrofida xarajatlardan tashqari daromad qilsa bo'ladi.
Haydovchining aytishicha, agar bir haftada 100 ta buyurtma berilsa, Yandex kompaniyasi taksichiga 500 ming so'm bonus sifatida beradi. Bunday bonus har bir tarifda mavjud. Kun davomida bir marta avtomobilni metan gaz bilan to'ldiraman, bitta to'ldirish uchun 70 – 80 ming so'm sarflayman. Bitta «zapravka» 220- 250 kmga yetadi. Tushlik qilishim uchun 50 – 60 ming so'm atrofida sarflayman», – deydi "Lasetti" rusumli mashina haydovchisi.
"Biznes" tarifi
Bu yo'nalish qimmatbaho va yuqori toifali avtomobillar bilan ajralib turadi. Suhbat davomida haydovchi bu yo'nalishning salbiy va ijobiy taraflari haqida gapirib berdi. Taksistning aytishicha, bu yo'nalishda o'rtacha 600 – 700 ming so'm ishlasa bo'ladi. Biroq uzoq yo'lga sayohat bo'lsa, 440 ming so'm ishlab topsa bo'ladi xolos.
"Elektromobil" tarifi
"Elektromobil" tarifi yo'lovchilarga atrof-muhitga zararli ta'sirni minimallashtirish bilan birga, ekologik toza transport xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. Ushbu tarif bo'yicha ishlaydigan haydovchi ish jarayoni haqida ma'lumot berdi.
Uning so'zlariga ko'ra, ertalab soat 9:00 dan kechki 6 gacha 600 – 700 ming so'm atrofida sof foyda topsa bo'ladi. Eslatib o'tamiz, yuqorida keltirilgan ma'lumotlar Toshkent shahridagi "Yandex Taxi" xizmatida ishlaydigan haydovchilaridan olingan. Kelgusi maqolada O'zbekistonda kur'erlik xizmati orqali qancha pul topish mumkinligi bilan tanishtirib o'tamiz.
Maftuna
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0