Qalblarni yayratgan milliy kuy-navo
Hafta davomida qattiq ishlab, juma kuni kechki payt tabiat qo'ynida, milliylikka burkangan muhitda, yana jonli ijroda kuy-qo'shiqlar tinglab, raqslar tomosha qilib hordiq chiqarishga nima yetsin?!
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ishchi-xodimlarga ana shunday imkoniyatni taqdim etdi.
O'tgan hafta kengash tashabbusi bilan Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan haftalik tashkil etilgandi. Mazkur tadbirlar “Qadriyatlar qadr topgan uyushma” badiiy-musiqali kecha bilan yakuniga yetdi. O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi muzeyida bo'lib o'tgan bayramona dastur mehmonlar va ishtirokchilar uchun o'ziga xos tuhfa bo'ldi.
Unda san'atning an'anaviy yo'nalishidan tortib, milliy va zamonaviy raqs, maqom, estrada, xalq cholg'ulari yo'nalishidagi bir-biridan jozibali chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, bahavo tabiat bag'rida, jonli ijroda yangragan kuy-qo'shiqlar barchaga manzur bo'ldi.
Tadbirda kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o'rinbosari Bahtiyor Mahmadaliev boshchiligidagi bir guruh mehmonlar ishtirok etdi. Tadbirga tashrif buyurganlar dastlab uzoq yillik tarixga ega bo'lgan amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi muzeyini tomosha qilishdi. 13 ta ko'rgazmalar zaliga ega ushbu maskanda yurtimiz hududlarida aholi keng shug'ullanib, rivojlantirib, san'at darajasiga yetkazgan hunarmandchilik ishlarining namunalarini ko'rishingiz mumkin. Masalan, Сhust do'ppilari va pichoqlari, Marg'ilon atlaslari, Rishtonning sopol idishlari, zardo'zlik, kashtachilik, gilamchilik namunalari…Ular bilan tanishar ekansiz, xalqimizning boy madaniy merosi va ijodi borligini, ajdodlarimiz azaldan ijodkor xalq bo'lganini tushunib yetasiz.
Muzey binosining sharqona uslubdagi ko'rinishi alohida bir tarix. Bu yerga kelgan turistlar naqshlarni, ulardagi ranglar uyg'unligini soatlab tomosha qilishadi. Buxoro va Xorazm uslubidagi noyob zargarlik ishlari ko'rgazmalar qatoridan joy olgan bo'lishiga qaramasdan, nafis did bilan ishlangani bois jozibasini hali-hamon yo'qotmagan. Muzeyda, shuningdek, o'lkamizning har bir hududiga xos bo'lgan kiyinish madaniyati, an'analarini ham ko'rishingiz mumkin.
– To'g'risini aytsam, bugungi milliy ruhdagi kecha, jonli ijrodagi chiqishlar menga juda yoqdi, maza qilib dam oldim, – deydi Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Tashkiliy ishlar bo'limi mudiri Shohida Begimqulova. – Ijrochilarning ko'pchiligini tanimasak-da, ammo iste'dodli yoshlar ekan. Ularni ko'proq sahnaga olib chiqish kerak, degan fikr o'tdi xayolimdan.
Ha, tashkilotchilar badiiy-musiqali kechani kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag'ishlab, ushbu nodavlat jamoatchilik uyushmasi barcha san'at turlarini qadrlab kelayotgani, yillar davomida madaniyatimiz qanchalik rivoj topganini ko'rsatib berishni maqsad qilgandi. Mehmonlar olqishlari, yuz-ko'zida porlab turgan quvonch va hayajonlaridan ana shu maqsadga erishilganini sezdik. Zero, o'zligimiz, milliyligimiz bizning bir qismimiz, hamrohimiz. Biz usiz, u bizsiz mukammal bo'lolmaydi. Tadbir ishtirokchilarining har bir chiqishdan dildan yayrab o'tirganlarini ko'rib buni yana bir bor his qildik.
Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0