Go'shtning narxi – QOG'OZDA 65000 SO'M, AMALDA ESA…
Yoxud rasmiy bayonotlar haqiqatni aks ettiryaptimi?
Qishloq xo'jaligi vazirligi yaqinda bergan ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston dunyoning go'sht eng arzon davlatlari qatoriga kiradi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg'izistondan keyin ikkinchi o'rinda turadi.
Go'sht narxi nisbatan barqaror saqlanib, arzonlashtirilgan rastalarda 1 kg. mol va qo'y go'shti o'rtacha 65-75, savdo rastalarida – 90-95 hamda supermarketlarda 95-100 ming so'mdan sotilyapti.
Markaziy bank tahlillariga nazar tashlasangiz, buning aksiga guvoh bo'lasiz. Xususan, inflyatsiya 0,1 foizga oshib, 14,4 foizni tashkil qilgan. Ayniqsa, Toshkent shahrida inflyatsiya yuqori bo'lib, 18,2 foizga yetgan. Yuqori sur'atlarda o'sgan tovar va xizmatlar ro'yxatining boshida esa go'sht mahsulotlari turibdi.
Shuningdek, ro'yxatdagi 19 ta tovar va xizmatdan 13 tasida narxlar keskin ko'tarilgan. Elektr va tabiiy gaz, benzin va yonilg'i, meva-sabzavotlar, o'simlik yog'i va dori-darmonlar shular jumlasidan.
Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan Markaziy bank tahlillari bir-biridan tubdan farq qilyapti. Demak, qaysidir idora yolg'on bayonot beryapti.
Umuman olganda, arzonlashtirilgan yarmarkalardagi go'sht rastalariga 65 ming so'm narx yopishtirilganiga uch-to'rt yildan oshdi. Bu orada hamma narsaning bahosi karrasiga oshib ulgurdi. Shunday ekan, 65 ming so'mga go'sht qoldimi? Bor bo'lsa, u qanday go'sht? Nega buncha arzon?
«Eski juva», «Oloy», «Yunusobod» va boshqa dehqon bozorlaridan mana shu savollarga javob izladik.
Haqiqatan ham, maxsus rastalarda Pokistondan keltirilgan go'shtni 65 ming so'mdan sotishmoqda. Ammo u muzlatilgan, sifati ham shunga yarasha. Masalan, «Oloy» dehqon bozorida bunaqa narxga go'sht yo'q. «Eski juva»da bor. Faqat uni ertalabki soat 5-6 dan 9 gacha topish mumkin. «Yunusobod» dehqon bozorida ham shunday go'sht bor, lekin xaridori kam. Boshqa bozorlarda 65 ming so'mlik go'shtga ko'zimiz tushmadi.
– Og'ayni, bu go'sht 75 ming so'm, – deya e'tiroz bildirdi 65 ming so'm deb yozilgan peshtaxta ortida turgan sotuvchi zarda bilan. – Bu bozorga keladigan maxsus komissiya uchun qo'yilgan narx. Bunaqa narxga go'sht yo'qligini o'zingiz ham bilasiz-ku! Agar sizga 65 ming so'mlik go'sht kerak bo'lsa, bozor boshiga boring. O'sha joydan topishingiz mumkin.
Vazirlik aytayotgan arzonlashtirilgan rastalarning ayrimlarida shunday holatlarga guvoh bo'ldik. Ular Pokistondan keltirilgan go'shtni 70-75 ming so'm atrofida sotishmoqda.
Qisqasi, ayni paytda bozorlarda Pokistonning muzlatilgan go'shti 65-75 ming (hammasida ham emas) so'm, Belarusdan keltirilgani 125 ming so'm, o'zimizda yetishtirilayotgan qoramollar go'shti esa 125 ming so'mdan 150 ming so'mgacha sotilyapti.
– 65 ming so'mlik go'shtni asosan, choyxona, oshxona va turli tamaddixonalar olishmoqda, – deydi sotuvchi ayol biz bilan suhbatda. – Сhunki uning mazasi o'zimizning go'shtdan ancha farq qiladi. Biz ham boshida iste'mol qilib ko'rdik, sifati ancha past. Ko'rib turibsiz, muzlatilgan, uncha-muncha xaridorning e'tiborini tortmaydi. Lekin yo'qdan ko'ra bori yaxshi-da!
Xullas, bozorlardan 65 ming so'mga lahm, sifatli go'sht izlash befoyda. Shunday ekan, Qishloq xo'jaligi vazirligi kimni aldayapti? Quruq hisobot uchun qilingan tahlillardan nima naf? Narx-navo osmonga qarab o'rmalayotganini, 500-600 ming so'mga bozorxalta to'lmayotganini hamma ko'rib-bilib turibdi-ku! Demak, yolg'on ma'lumotlar bilan ommani chalg'itib, kulgiga qolishda hech qanday mantiq yo'q, nazarimizda.
Vazirlikning iddaolariga ko'ra, bozorlarimizni o'zimizda yetishtirilgan go'sht mahsulotlari bilan ta'minlashda 95-100 foizlik marrani zabt etganmiz. Nega unda uning narxi oshib ketmoqda? Buning o'ziga yarasha sabablari bor, albatta.
– Ko'pchilik go'shtning narxi oshib ketishida bizni ayblashadi, – deydi «Parkent» dehqon bozorida savdo qiluvchi qassob. – Lekin bunga aybdor biz emasmiz. Hozir so'yilayotgan mollarning bir kilogramm go'shti o'zimizga 98-100 ming so'mga tushyapti. Unga qo'shib sotmasak, bozorda o'tirishimizning hojati yo'q.
– Ko'p yildan buyon uyda mol boqaman, – deydi Ahror Abdullaev. – Uning qanchalik mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman. Ayniqsa, hozir bu ish oson emas. Yaylovlar yo'qolib ketdi. Yem-xashak qimmat. Bitta molni semirtirib so'yish uchun kamida 5-6 oy vaqt ketadi. Bir o'ylab ko'ring, bitta molni yetishtirish uchun qancha ozuqa kerak? Masalan, bitta bo'rdoqi mol bir kunda 3 kilogramm kepak, 3 kilogramm kunjara, bir qop silos, bir bog'lam presslangan pichan yeydi, deylik. Hozir kepak 3 ming so'm, kunjara 7 ming so'm, bir qop silos 25 ming so'm, bedapichan esa 20 ming so'm. Bir kunda 70 ming so'm atrofida xarajat ketyapti. Ana endi oylik xarajatni o'zingiz chamalab olavering. Bizda eng katta muammo yem-xashak bilan bog'liq. Yetishmovchilik bor. Masalan, kunjarani chetdan hamma ham import qilolmaydi. Bu imkoniyat ma'lum doiradagi odamlarga berilgan, xolos.
Yana bir qiziq holat: Yurtimizga Qozog'istondan keltiriladigan bug'doy o'zimizda yetishtirilganidan arzon. Lekin uni hamma ham olib kelolmaydi. Nazarimda, yem-xashak monopoliyasiga barham bermasak, narx-navo hali-beri mo''tadillashmaydi.
Demak, fermer yoki qassobga bosim o'tkazilavergani bilan masalaning yechimi topilmaydi. Muammoni yechish uchun yem-ozuqa narxlarini tushirishga, ularni «birinchi qo'l»da sotadigan shoxobchalarni ko'paytirishga asosiy e'tibor qaratish, yaylovlarni kengaytirish lozim.
Mutaxassislar nima deydi?
Qishloq xo'jaligi vazirligi mutaxassislarining fikriga ko'ra, go'sht narxi ikki holatda oshadi: taqchillik yoki go'shtning tannarxi ko'tarilganda.
To'g'ri, bugun bozorlarda taqchillik kuzatilayotgani yo'q. Go'sht ishlab chiqarish hozircha talabni to'liq ta'minlayapti.
Ammo, Xudo ko'rsatmasin, mamlakatda favqulodda vaziyat yuzaga kelsa (masalan, eksport yo'llari yopilsa yoki yem yetishmasligi bo'lsa), Qishloq xo'jaligi vazirligida strategik zaxira, favqulodda harakat rejasi yo'q. Vazirlik doimiy ravishda bozorda monitoring o'tkazish, xususiy sektor bilan hamkorlikda narxni barqarorlashtirish mexanizmlarini joriy etishi lozim. Shaxsan bozorga tushib, rastalarga yopishtirilgan narxlarni emas, amaldagi real savdo holatini o'rganishi kerak.
Statistikaga ko'ra, go'sht ishlab chiqarish bo'yicha O'zbekiston Qozog'iston va Qirg'izistondan orqada qolmoqda. Xususan, Jahon bankining 2023 yildagi hisobotida qayd etilishicha, Qozog'istonda kishi boshiga go'sht ishlab chiqarish hajmi yiliga 73 kg. bo'lsa, Qirg'izistonda bu ko'rsatkich 58 kg., O'zbekistonda esa 49 kg.ga to'g'ri kelayotgan ekan. Ushbu raqamlar ortida quyidagi muammolar yotibdi:
Em-xashak bazasining yetishmasligi: qishloq xo'jaligi yerlarining katta qismiga g'alla va paxta ekiladi. Yem-xashak ekiladigan yerlarning qisqarishi chorvachilik rivojiga to'siq bo'lmoqda.
Qayta ishlash infratuzilmasi zaifligi: fermerlar uchun moliyalashtirish va sug'urta mexanizmlari amalda yo'q.
Soha mutaxassislarining fikriga ko'ra, go'shtni arzonlashtirish birinchi navbatda, iqtisodiy-moliyaviy islohotlar samaradorligiga bog'liq. Xususan, go'sht narxining ichki iste'moldagi barqarorligini saqlab qolish uchun xorijiy davlatlarda turli imtiyozlar beriladi. Masalan, Qozog'istonda go'shtning tannarxini pasaytirish maqsadida davlat tomonidan qoramolning 1 kilogramm tirik vazni uchun 5 ming 296 so'm (200 tenge), qayta ishlashga mo'ljallangan 1 kilogramm go'sht uchun 4 ming 615 so'm (175 tenge) subsidiya beriladi. Shuningdek, go'shtga boqiladigan dagi mahalliy 1 bosh nasldor buqa sotib olish uchun davlat tomonidan 4 million so'm (150 ming tenge), MDH davlatlaridan olib kelingan 1 bosh sigirga 6 million so'm (225 ming tenge), Avstraliya, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa davlatlaridan import qilingan 1 bosh naslli sigirga 8 million so'm (300 ming tenge) subsidiya ajratiladi.
Eronda chorvachilik davlat tomonidan taqdim etiladigan beg'araz moliyaviy ko'maklar hisobiga qo'llab-quvvatlanadi. Masalan, 2024 yilda chorvachilik sektorini quvvatlash uchun 20 milliard dollar beg'araz sarmoya ajratilgan. Har yili fermerlarga 10 milliard dollarga yaqin mablag' chorva mollarini yem-xashak bilan ta'minlash uchun taqsimlanadi. Bundan tashqari, chorva kasalliklarining oldini olish va hayvonlar sog'lig'ini ta'minlashga yiliga 500 million dollardan 1 milliard dollargacha mablag' yo'naltiriladi. Davlat tomonidan har yili chorvachilik sohasida zamonaviy texnikalarni xarid qilish uchun 2 milliard dollar ajratiladi. Fermerlarning malakasini oshirish, yangi usul va texnologiyalarni joriy qilish uchun ta'lim va treninglar tashkil qilish maqsadida 100 million dollar sarflanadi.
Frantsiya hukumati chorvachilik sohasini rivojlantirish va fermerlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida bir qator moliyaviy yordam va subsidiyalar dasturlarini amalga oshirmoqda. Xususan, chorvachilik bilan shug'ullanadigan fermerlarni qo'llab-quvvatlash uchun har yili 250 million yevrogacha mablag' ajratiladi.
Bizda esa buning aksi. Masalan, fermerlarning aytishicha, sotilgan go'sht uchun ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan davlat subsidiyalari 2024 yil 1 yanvardan bekor qilingan.
Ikkinchidan, go'shtni (mol va qo'y go'shti) realizatsiya qilish bo'yicha aylanma, shuningdek, importda qo'shilgan qiymat solig'i joriy etilgan.
Uchinchidan, statistik hisobotlarga ko'ra, 2025 yilning mart oyida go'sht ishlab chiqarish bilan bog'liq xarajatlar, jumladan, yem-ozuqa, elektr energiyasi, yoqilg'i-moylash materiallari narxlari keskin oshdi. Masalan, 2024 yilning dekabr' oyidagi qiymatga solishtirganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so'mdan 7 ming so'mga, sheluxa 2 ming 800 so'mdan 4 ming so'mga, omixta yem 2 ming 900 so'mdan 3 ming 700 so'mga, bug'doy 2 ming so'mdan 3 ming so'mga, makka silosi 500 so'mdan 900-1000 so'mga, somon 15 ming so'mdan 25 ming so'mga, bedapichan 25 ming so'mdan 45 ming so'mga ko'tarildi.
Respublikada mavjud qoramollarni to'la qiymatli oziqlantirish uchun 3,2 million gektar sug'oriladigan ekin yeri talab etilsa, barcha toifa xo'jaliklardagi 470 ming gektar ekin yeri talabning atigi 14,7 foizga ta'minlaydi.
Shuningdek, hozir qoramolchilik xo'jaliklariga ozuqabop ekinlar uchun 77 ming gektar sug'oriladigan yer maydoni yetishmaydi va shu sababli to'la qiymatli oziqlantirish imkoniyati cheklangan.
Сhorvachilik tarmoqlariga berilayotgan kreditlar muddati va stavkasi samaradorlikni oshirishga muvofiq emas. Hisob-kitoblarga ko'ra, yirik ming bosh qoramol va 800 ming bosh parranda boqish quvvatidagi sanoat loyihasi uchun o'rtacha 10 million dollar mablag' talab etilib, kreditlarni qaytarishga kamida 12 yil vaqt talab etiladi. Bundan tashqari, parrandachilik xo'jaliklariga kreditlar 2 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 14-18 foiz stavkada berilishi tannarxning oshib ketishiga, aylanma mablag'lar yetishmasligiga va kreditlarni qaytarishda muammolarga sabab bo'lmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan xulosa shuki, qachonki chorvachilik va uning tarmoqlarida yuqoridagi muammolar bartaraf etilsa, go'sht narxining barqarorligi ta'minlanadi. Aks holda, bundan umid qilmasak ham bo'ladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va favqulodda vaziyatga tayyorgarlik bormi?
«Oziq-ovqat xavfsizligi to'g'risida»gi qonunda belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda Qishloq xo'jaligi vazirligining vakolat va vazifalari aniq belgilab qo'yildi. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tegishli dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog'liq faoliyatni qo'llab-quvvatlash bo'yicha takliflar tayyorlash va ularni hukumatga kiritish, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta'sir etuvchi omillarni o'rganish, sohadagi ishlarning holati to'g'risidagi axborotni to'plash va tahlil qilish, bozorni barqarorlashtirishga, narx-navo o'zgaruvchanligi, shuningdek, ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish, kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosiga bo'lgan ehtiyojning prognoz hajmlarini ishlab chiqadi, ularning bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko'rish, davlat zaxirasini hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish, import o'rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish bo'yicha takliflar berish, kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansini ishlab chiqish va hukumatga taqdim etish kabilar shular jumlasidan.
Vazirlik, shuningdek, tabiiy ofatlar, urush, eksport cheklovlari yoki epidemiyalar sharoitida aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash bo'yicha maxsus rezervlar tuzishi, yetkazib berish tizimini ishlab chiqishi kerak.
Mutasaddilar qonun ijrosini ta'minlash uchun zimmasidagi vazifalarga balki allaqachon yeng shimarib kirishgandir. Lekin hozircha bu borada ulardan biron-bir xabar eshitmadik, sa'y-harakat ko'rmadik.
Tahlillarga ko'ra, 2020 yil – COvID pandemiyasida go'sht narxi 30 foizga qimmatlashgan. Rossiya – Ukraina urushi ortidan 2022 yilda oziq-ovqat narxlari yana bir marta keskin oshdi. 2024 yil yozidagi qurg'oqchilik chorvachilik bazasini qattiq zarbaga uchratdi. Ko'rdikki, har uchala holatda ham Qishloq xo'jaligi vazirligi strategik interventsiyaga qodir emas. Qolaversa, o'tgan yili tarvuzning arzon bo'lib ketishi, undan oldin piyoz bilan shu holat ro'y berishi, bu yil esa, kartoshkaning narxi keskin oshib ketishi fonida ko'ryapmizki, oziq-ovqat mahsulotlari borasida vazirlikning aniq xulosalari, reja va tahlillari yo'q.
Xo'sh, oldinda turgan muammolar haqida do'ppini boshdan olib, bosh qotirish fursati kelmadimi? Bozorning bugungi ahvoliga shunchaki tomoshabin bo'lib o'tiradigan paytmi hozir? Vazirlikda bu borada astoydil bosh qotiradigan, mirishkor dehqonlarga qayishadigan mutasaddi bormi? Ayniqsa, so'z borayotgan go'sht bilan bog'liq muammolar jiddiy masala. Shunday ekan, Qishloq xo'jaligi vazirligi qachon harakatga tushadi?
G'ulomjon MIRAHMEDOV
«ISHONCH»
Manba: “ISHONCH” gazetasining 2025 yil 22 maydagi 65-soni.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0