Qatl sahnasiga aylangan sud yoki qasoskor ayol qismati
O‘tgan asrning 80-yillarida Evropada qalblarni larzaga solgan bir voqea yuz berdi. 1981 yil 6 mart kuni Germaniyaning Lyubek shahrida erta bahor uchun g‘ayrioddiy iliq havo kuzatilayotgandi. Sud yakunlanayotgan zaldagi muhit deyarli tinch edi - sudlanuvchi allaqachon qotillikni tan olgan va ish tamomlanayotgan edi. Och kulrang palto kiygan ayol cho‘ntagidan kichik to‘pponchani chiqarganini hech kim sezmadi. Sakkizta o‘q ovozi eshitildi va sud zali qatl xonasiga aylandi. Xo‘sh, ayolni bu dahshatli ishni qilishga nima majburladi?
Mushtariylar diqqatiga: har qanday holatda ham qonunga amal qiling, “samosud”ga harakat va targ‘ib qilmang.
Marianna Baxmayerning hayoti bolalikdan og‘riqlarga to‘la edi. U 1950 yilda Sharqiy prussiyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi bir vaqtlar natsistlar Germaniyasi kuchlari tarkibida xizmat qilgan, ichkilikboz bo‘lgan va oilaga jismoniy zo‘ravonlik qilgan. Afsuski, Mariannaning onasi ajrashgandan so‘ng, qizning o‘gay otasi ham xuddi shunday zo‘ravon bo‘lib chiqdi. To‘qqiz yoshida qizcha qo‘shnisi tomonidan zo‘rlangan, ammo ota-onasi voqeani yashirishgan. Ular norasidaning sukunatini sovg‘alar bilan sotib olishgandi. 15 yoshida esa Marianna ko‘chaga haydab chiqarildi.
Uning 16 va 18 yoshlarida turli erkaklardan tug‘ilgan ikki farzandi boshqalarga asrab olish uchun berilgandi. Ikkinchi farzanddan oldin u zo‘rlangan, ammo sud zo‘rlovchining tarafini olgandi.
1972 yil 14 noyabrda tug‘ilgan qizi Anna Mariannaning onalikdagi so‘nggi imkoniyati edi. Qiz g‘ayrioddiy sharoitlarda o‘sgan: onasi tushlikdan yarim tungacha ishlashga majbur edi, shuning uchun bola eʼtiborsiz qolardi. Marianna qizni yolg‘iz o‘zi tarbiyalagan — otasi, sobiq hamkasbi Kristian Bertold homiladorlik haqida bilishi bilanoq qochib ketgandi.
Hammasi 1980 yilning oddiy may tongida boshlandi. Etti yoshli Anna onasi bilan arzimas narsa tufayli janjallashdi — bu oddiy bolalarcha araz edi. Marianna oxir-oqibat Annaning ryukzagini kiydirdi, eshikdan olib chiqdi va maktabga yolg‘iz borishini aytdi. Bu ularning oxirgi janjali edi. Maktabga piyoda borish qisqa va xavfsiz edi. Anna yo‘lni bilardi va u erda ko‘p marta yolg‘iz yurgan edi.
Biroq Anna o‘sha kuni maktabga bormadi. U o‘sha kuni kechqurun uyga ham qaytmadi. Marianna qizining barcha do‘stlarini chaqirib, qo‘shnilariga yugurdi. Ertasi kuni ona allaqachon politsiya bo‘limida edi. Qidiruv tez va fojiali tarzda yakunlandi - Annaning jasadi kanal bo‘yidagi qutida topildi. U zo‘rlangan va bo‘g‘ib o‘ldirilgan edi.
Qotil qo‘shni binoda yashar edi. 35 yoshli Klaus Grabovski mushuk bilan o‘ynash bahonasida bolani uyiga olib kiradi. U keyin nima bo‘lganini xotiniga batafsil aytib berdi, ayol esa darhol politsiyaga murojaat qildi.
Grabovski uzoq vaqtdan beri jinoiy tarixga ega edi. 1973 yilda u olti yoshli qizni o‘g‘irlashga uringani uchun shartli jazo oldi - bola shunchalik baland ovozda qichqirdiki, jinoyatchi qo‘rqib, uni qo‘yib yuborgandi. 1975 yilda erkak zo‘ravonlikda ayblandi va qamoq jazosiga hukm qilindi. Qamoqda u ixtiyoriy ravishda kimyoviy kastratsiya qilindi. 1976 yildan 1978 yilgacha Klaus davolandi, ammo keyin terapiyani to‘xtatishni so‘rab iltimos qildi. U o‘zini isloh qilganini, rafiqa topganini va normal hayot kechirishni xohlaganini daʼvo qildi. Insonparvar nemis tizimi bunga rozilik bildirgandi. Hibsga olingan erkak Annaning o‘ldirilishini tan oldi, ammo zo‘rlashni qatʼiyan rad etdi.
Marianna Baxmayer har bir sud majlisida qatnashdi. U advokat o‘z mijozining xatti-harakatlarini “gormonal nomutanosiblik” va hissiy buzilish” bilan bog‘laganini tingladi. U hatto etti yoshli qizning “provokatsion xatti-harakati” haqidagi ishoralarga ham toqat qildi. Ammo barcha jarayonlar unga yomon taʼsir qila boshladi. Achchiq xotiralarga to‘la hayot va qizining dog‘i ayolning sabr kosasini to‘ldirib borayotgandi. U dastlab o‘z joniga qasd qilish uchun Beretta to‘pponchasini sotib oldi, lekin keyin fikrini o‘zgartirdi. U yashirincha ishxonasining podvalida o‘q otish mashqlarini o‘tkaza boshladi.
6 mart kuni ertalab sud odatdagidek boshlandi. Marianna jimgina paltosining cho‘ntagidan to‘pponcha chiqarib, qizining qotilini nishonga oldi. Birinchi o‘q tegmadi, ammo qolgan ettitasi nishonga urildi. Sudlanuvchi erga yiqildi va darhol jon taslim qildi. Sud zalida hamma hayrat va qo‘rquv aralash qotib qolgandi. Marianna xotirjamlik bilan qarshilik ko‘rsatmasdan o‘zini hibsga olishlariga ruxsat berdi.
Sud zalidagi qotillik butun Germaniyani larzaga keltirdi. Ommaviy axborot vositalari Baxmayerni “qasoskor ona” deb atashdi va jamoatchilik kutilmaganda uning tomoniga o‘tdi. Odamlar advokatlar uchun pul yig‘a boshlashdi. Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, nemislarning uchdan bir qismi hukmni adolatli deb hisoblagan, to‘rtdan bir qismi esa uni juda yumshoq deb hisoblagan. Fuqarolarning atigi olti foizi onaning qarorini qoralagan. Advokatlar Mariannaning og‘ir depressiyadan aziyat chekkanini va dastlab o‘z joniga qasd qilish uchun qurol sotib olganini, ammo u sud zalida Grabovskini impulsiv ravishda o‘ldirishga qaror qilganini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi. Qasddan qotillik uchun umrbod qamoq jazosi o‘rniga, u ruhiy og‘ir holatida odam o‘ldirgani uchun olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Marianna “Stern” jurnaliga katta intervyu berdi va chorak million marka gonorar oldi - pul sud xarajatlariga sarflandi. Intervyuda u pushaymon bo‘lmaganini va qotillikni puxta rejalashtirganini tan oldi.
Olti yillik qamoq jazosining uch yilini o‘tab bo‘lgach, Baxmayer ozod qilindi. 1985 yilda u maktab o‘qituvchisiga turmushga chiqdi va u bilan birga Ganaga gumanitar missiya uchun bordi. Ajrashganlaridan besh yil o‘tgach esa Sitsiliyaga ko‘chib o‘tdi va ish topdi. Marianna evtanaziya bo‘limida o‘limga mahkum bemorlarga yordam berdi. 1996 yilda Mariannaga oshqozon osti bezi saratoni tashxisi qo‘yildi. U Lyubekka qaytib keldi va o‘z hayoti, jumladan, o‘z o‘limi haqida hujjatli film suratga olishga rozi bo‘ldi.
Baxmayer 1996 yil 17 sentyabrda 46 yoshida vafot etdi. Uning iltimosiga binoan, ayol qizi Anna yoniga ko‘mildi. Mariannaning hikoyasi qonun va adolat o‘rtasidagi abadiy mojaroning ramziga aylandi. Uning qasosi Germaniyani larzaga keltirdi va sud zalidagi xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.
Abror Zohidov


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0