Endi yoshlar harbiy xizmat davomida talaba bo'lishlari mumkin
2026-2027 o'quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.
➖ Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga o'qishga kirib, masofaviy ta'lim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abiturientlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yo'lga qo'yiladi.
➖ Shartnoma asosida o'qishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakul'tetlar talabalariga tenglashtirilib, o'qishni tamomlagandan so'ng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.
➖ Namunali xizmat o'tagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi o'rinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz o'qishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.
➖ Askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik o'quv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.
➖ Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo'lgan yoshlarning kasb-hunarga o'qish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi tomonidan qoplab beriladi.
➖ Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o'tkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qo'shib beriladi.
➖ Joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari o'rtasida to'rt bosqichli “Ma'naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi o'tkaziladi. Yakuniy bosqichning 4 nafar g'olibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil' hamda diplom bilan taqdirlanadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0