26 oktyabrda O'zbekistonga qaytgan arxiv hujjatlari
O'zbek olimasining xalqaro miqyosda qadrlangan hujjatlari Milliy arxivga topshirildi
Dunyoda hech narsa mamlakatni san'atchalik olamga jozibali tanita olmaydi. O'zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini o'rganish, ommalashtirish va dunyoga tarannum qilishda esa, san'atshunos olima Galina Anatolevna Pugachenkovaning hissasi salmoqli.
Bu inson nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda mashhur bo'lgan taniqli akademik. YuNESKO halqaro tashkiloti Galina Pugachenkovani zamonamizning taniqli ayol olimi sifatida tan olgan bo'lsa, Frantsiya huqumati olimaning ikki davlatni jahon san'ati durdonalari bilan tanishtirish hamda fan, ta'lim sohalarini rivojlanishida salmoqli hissa qo'shgani uchun «Akademik Pal'ma» nufuzli ko'krak nishoni bilan taqdirlagan.
2018 yilda Alerte Heritaje nodavlat xalqaro assotsiatsiyasi, Markaziy Osiyo madaniy merosi observatoriyasi, Gollandiya knyaz'-klaus fondi, Amerika Uayting jamg'armasi va Shveytsariyaning O'zbekistondagi elchixonasi ko'magida Galina Pugachenkovaning shaxsiy arxiv hujjatlari uning o'g'lidan sotib olingan va ochiq arxiv veb sayti yaratilgan.
Shu yilning 26 oktyabr kuni olimaning ana o'sha shaxsiy arxiv hujjatlarini O'zbekiston Milliy arxivi saqloviga topshirish tadbiri bo'lib o'tdi. Endi bu hujjatlar mamlakatimiz arxivida saqlanishi tadbir qatnashchilari uchun quvonarli yangilik bo'ldi.
Akademikning shaxsiy arxivi 1986 yildan boshlab shaklllangan, mazkur hujjatlar bir necha yillar davomida olim tarafidan to'ldirib borilgan.
Milliy arxivning axborot xizmati taqdim qilgan ma'lumotlarga ko'ra, mazkur asl hujjatlar olima tomonidan 336 ta yig'ma jildga tizimlashtirilgan, ularning ichida qo'lyozma va mashini asosida yozilgan matnlar, olimaning ilmiy ishlari, arxeologik tadqiqot daftarlari, rasmiy va shaxsiy yozishmalar, annotatsiyalar, biografik qaydlar, foto suratlar, negativlar, chizma, xarita, rasm va moy bo'yoqli suratlar jamlangan.
Milliy arxivda ushbu hujjatlar Markaziy Osiyo tarixini tadqiq etgan taniqli arxeolog, Galina Pugachenkovaning turmush o'rtog'i Mixail Yevgenevich Massonning oilaviy shaxsiy fondi hujjatlari bilan birlashtiriladi.
Maftuna Karimova,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0