Oyday tilimiz bor
Jamoling' vasfini e oy, necha eldin eshitkaymen,
Ne kun bo'lg'ay, visoling'g'a mene dilxasta yetkaymen, –
deydi Bobur bir g'azalida. Bunda shoir yorni oy deb atab, istiora ishlatgan. Biroq shuning o'zigina bo'lganida, Boburning san'atkorligi uncha sezilmasdi. E'tibor qilsangiz, shoir vaqt beto'xtov o'tayotganini, oylar va yillar davomida jamoli vasfini eshitganini, uning vasliga yetish uchun toqati endi yil, oylarga emas, kunlargagina yetishini aytib, arzihol qilyapti. Ya'ni, “oy” – yor bo'lishi bilan birga, bir oylik muddat, “el“ – odamlar ekanidan tashqari yil (eski imlomizda el va yil so'zlari shakli bir xil) ham ekani, “ne kun” esa qachon degan ma'nodan tashqari kun – quyoshni ham anglatib kelyapti. Lirik qahramon yor jamolini oygagina emas, kun-quyoshga ham mengzab, bu uch so'zning har biriga ikkitadan ma'no yuklayapti.
Vaqt-fursatni anglatuvchi kalimalar ushbu baytda yashirib anglatilgan. Vaqt bo'lagi – kunlar, oylar, yillar ajdodlarimiz uchun alohida qiymatga ega bo'lgan va vaqtning har qanday katta-kichigiga alohida nom berilgan.
Har o'ttiz kunda oy yangi chiqadi. Shuning uchun osmondagi oyni ham, o'ttiz kunlik muddatni ham oy deymiz. Bir bizda emas, boshqa aksar xalqlarda ham shunday. Masalan, ruslar osmondagi oyni luna deb ham, mesyats deb ham atashadi. O'ttiz kunlik vaqt esa faqat “mesyats”dir. Har bir xalq oylarni o'z tushunchalaridan kelib chiqib nomlaydi.
Yodingizda bo'lsa, taniqli jurnalist Asror Mo'min 2019 yilda chop etilgan bir maqolasida oylar nomini o'zgartirishga da'vat qilib, yanvarni – Vatan, fevralni – Navoiy, martni – Ulug'bek, aprelni – Amir Temur, mayni – Xorazmiy, iyunni – Zulfiya, iyulni – Buxoriy, avgustni – Ibn Sino, sentyabrni – Beruniy, oktyabrni – Farg'oniy, noyabrni – Jaloliddin va dekabrni – Avesto deb almashtirish haqida taklif bildirgan edi.
Bu fikrni rus tilli ommaviy axborot vositalari g'azab va istehzo bilan kutib oldi. Сhunki bunday harakat “og'alar” ta'siridan qadamba-qadam qutula borishni anglatadi.
Aslida, undan sal oldinroq tojik jurnalisti Amrulloh Nizom ham Tojikistonda oylar nomini o'zgartish zarurligini aytib, bundan so'ng yanvar' – Soson, fevral' – Somon, mart – Navro'z, aprel' – Nu'mon, may – Nosir, iyun' – Boxtar, iyul' – Ashkon, avgust – Buxoro, sentyabr' – Donish, oktyabr' – Ayniy, noyabr' – Sino, dekabr' – Yaldo deb atalsin, deb chiqqandi.
Bir qarashda, Asror Mo'min oy nomlarini shu yurtda yashab o'tgan ulug' siymolar ismi bilan atashda Amrulloh Nizom taklifidan ulgi olgandek. Farq shuki, Amrulloh o'n ikki oyning sakkiztasiga, A.Mo'min esa o'ntasiga kishi ismini berishga da'vat etyapti.
Bu bizga birmuncha g'ayritabiiy, erish tuyulishi mumkin. Nega endi oylarni kishi ismi bilan atashimiz kerak, deb istehzo qiladiganlar ham topiladi. Сhunki yanvar' nima, iyunning ma'nosi qanday – o'ylab ko'rmaganmiz. Aslida esa, biz ruslardan olgan o'n ikki oyning sakkiztasiga kishi nomi qo'yilgan. Ya'ni, yanvar' oyi - Yanus, Fevral' – Februus, Mart – Mars, Aprel' – Venera, May – Maya, Iyun' – Yunona kabi qadimgi rimliklarning ilohlari, Iyul' oyi – Gay Yuliy Tsezar', Avgust esa Oktavian Avgust kabi davlat rahbarlari sharafiga shunday deb nomlangan. Qadimgi Rimda oylar soni hozirgiday o'n ikkita emas, o'nta bo'lgan. Shuning uchun ham sentyabr' – yettinchi, oktyabr' – sakkizinchi, noyabr' – to'qqizinchi va dekabr' – o'ninchi oy deb nomlanib qolgan.
Oylar nomi sovet davrida bizga ruslar orqali kirib keldi. Bizdan boshqa ellar esa nafaqat istiqloldan keyin, balki hatto sovet davrida ham oylarni o'z ixtiyoricha nomlagan. Masalan, ukrainlarda Sіchen' (Yanvar'), Lyutiy (Fevral'), Berezen' (Mart), (Kvіten' (Aprel'), Traven' (May), Сherven' (Iyun'), Lipen' (Iyul'), Serpen' (Avgust), Veresen' (Sentyabr'), Jovten' (Oktyabr'), Listopad (Noyabr'), Gruden' (Dekabr') bo'lsa, beloruslarda Yanvar' – Studzen', Fevral' – Lyuti, Mart – Sakavik, Aprel' – Krasavik, May – Traven', Iyun' – Сherven', Iyul' – Lipen', Avgust – Jniven', Sentyabr' – Verasen', Oktyabr' – Kastrichnik, Noyabr' – Listapad, Dekabr' – Snejan' deb atalgan va bunga ruslardan ijozat so'rab o'tirilmagan.
Keling, ayrim turkiy xalqlarda hozir oylar qanday atalishini ko'raylik:
O'zbekcha | Turkcha | Bolqor | Qozoqcha | Qirg'izcha | Tatarcha | Uyg'urcha |
Yanvar' Fevral' Mart Aprel' May Iyun' Iyul' Avgust Sentyabr' Oktyabr' Noyabr' Dekabr' | O'chak Shubat Mart Nayson Mayis Haziran Temmuz Agustos Eylul Ekim Kasim Oraliq | Bashil Bayrim Totur Toturnu art Xichiuman Nikkol Eliya K'irk'ar Qirqauuz Etiyik' Abistol Endreuyuk | Qaңtar Aqpan Qirkүyek Nauriz Sәuіr Mamir Mausim Shilde | Tamiz Qazan Qarasha Jeltoqsan | Үchtүn ayi Birdin ayi Jalgan kuran Сhin kuran Bugu Kulja Teke Bash oona Bash oona Toguzdun ayi Jetinin ayi Beshtin ayi | Akman Bushay Yaңarish Saban Сhereshmә Pechәn Urak Indir Bilek Karakөz Kerәү Kirlach | Qәһritan Һot Noruz Sәvr Ipar Sәpәr Сhillә Tomuz Mizan Mәmүr Og'laq Qөnәk |
Biroq oy va kunlarni nomlashda g'uluga ketish, uni siyosiy maqsadlarga moslash hamisha ham yaxshi natija beravermaydi. Masalan, turkmanlarda bir muddat Yanvar' – Turkmanboshi (Saparmurot Niyozovning unvoni), Fevral' – Baydag ("bayroq"), Mart – Navro'z, Aprel' – Gurbansoltan ona (S.Niyozovning onasi), May – Maxtumquli (turkman shoiri), Iyun' – O'g'uz (O'g'uzxon), Iyul' – Qo'rqut (doston qahramoni), Avgust – Alparslon (saljuqiylar davlati asoschisi), Sentyabr' – Ruhnoma (S. Niyozov yozgan kitob nomi), Oktyabr' – Mustaqillik, Noyabr' – Sanjar (Sulton Sanjar), Dekabr' – Betaraflik deb kelindi. Hafta kunlari ham: dushanba – bosh kun, seshanba – yosh kun, chorshanba – xush kun, payshanba – savob kun, juma – anna kun, shanba – ruh kun, yakshanba – tinch kun, deb “yangilangan” edi. Biroq oradan olti yil o'tib, ular bekor qilindi. Demak, kun va oylarga nom berishda masalani “siyosiy maqbullashtirish” noo'rin va behuda.
Feysbukda Zulayxo Yuldasheva ismli muallif “Oylarning o'zbekcha nomi” deb mana bularni taqdim etibdi:
Yanvar' – O'choq Fevral' – Soba Mart – Ko'klam Aprel' – Сhechak | May – Yelvizak Iyun' – Kunqizar Iyul' – Kunyonar Avgust – Domizliq | Sentyabr' – Kuzak Oktyabr – O'rim Noyabr' – Yig'im Dekabr' – Qozon |
Oylarga o'zbekcha nom topishga urinish yaxshi. Biroq men bir o'zbek filologi bo'laturib, bundagi “soba”, “kunqizar”, “kunyonar”, “domizliq” degan to'rtta so'zga ilk bor duch kelib turibman, shuningdek, “qozon”, “o'choq”larni oy nomi emas, ro'zg'or buyumi deb bilar ekanman...
Bizdan olisda yashaydigan turkiy ellarda oylar nomi o'zgacha. Masalan, oltoy tilida Yanvar' – Сhagan, Fevral' – Qo'chqor, Mart – Qandiq, Aprel' – Tulaan, May – Kyuyuk, Iyun' – Kichu Izu Ay, Iyul' – Jaan Izyu Ay, Avgust – Kuran, Sentyabr' – Sig'in, Oktyabr' – Ulurgen, Noyabr' – Kuchurgen, Dekabr' – Janar deyiladi.
Hatto O'zbekiston tarkibidagi qoraqalpoq eli ham oy nomlarini qadimgi shaklida tiklab, yanvar' – dәlio', fevral' – hүt, mart – hamal, aprel' – sәo'ir, may – jao'za, iyun' – saratan, iyul' – әset, avgust – sүmbile, sentyabr' – miyzan oktyabr' – aqrap, noyabr' – qao'is, dekabr' – jeddi deb atab olgan. Ma'lum bo'ladiki, mustaqil mamlakatlarda oy nomlari ham mustaqil nomlanar ekan. Ularni hamon ruscha nom bilan atab yurgan o'zimiz qolibmiz.
Holbuki, o'zbek xalqi qadimiy yozma manbalarga boy. Bizda o'n to'rt asr davomida oy nomlari ikki tizimda olib borilgan. Сhunonchi, hijriy-qamariy yil bo'yicha oylar – Muharram, Safar, Rabiulavval, Rabiussoniy, Jumodulavval, Jumo-dussoniy, Rajab, Sha'bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa'da, Zulhijja deb atalsa, hijriy-shamsiy yil oylari Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv, Hut deb kelingan. Yodingizda bo'lsa, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani shunday boshlanadi: “1264-inchi hijriy, dalv oyining o'n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir”. Dalv oyi hamisha qish yarmidan o'tganida boshlanadi.
Biroq qamariy oy 28-30 kun oralig'ida, shu sababli har yili o'rtacha 12 kun oldinga siljib turadi. Ya'ni, shavvol 2024 yilda savr (aprel') oyiga to'g'ri kelsa, oradan o'n besh yilcha o'tib, u kuzda ham kelishi mumkin. Shuning uchun bu tizimni hozirgi zamon taqvimiga asos qilib olish mushkul.
Hijriy-shamsiy yil astronomik yil bilan deyarli bir xil uzunlikka ega. Shuning uchun har xil siyosiy va g'irt turkona oylar nomini o'ylab topavermay, ota-bobolarimiz asrlar davomida qo'llab kelgan oy nomlarini joriy qilsak, ayni muddao bo'lar edi. Ana o'shanda bu bizning vaqt, bizning zamon, bizning oylar, bizning kunlar va bizning yillar desak yarashadi.
Aslida, hijriy-shamsiy yil biz amal qilib kelayotgan grigorian taqvimi yilidan 622 yil farq qilgani singari, Savr 1 apreldan boshlanmaydi, Qavs oyi ham 31 dekabr' kuni tugamaydi. Yil Jadiy (yanvar') oyidan emas, Hamaldan boshlanadi. Hamal oyi ham, boshqa oylar ham grigorian oylaridan sakkiz kun avval boshlanadi. Сhunonchi, Hamal (22 mart – 21 aprel'), Savr (22 aprel' – 21 may), Javzo (22 may – 21 iyun'), Saraton (22 iyun' – 21 iyul'), Asad (22 iyul' – 21 avgust), Sunbula (22 avgust – 21 sentyabr'), Mezon (22 sentyabr' – 21 oktyabr'), Aqrab (22 oktyabr' – 21 noyabr'), Qavs (22 noyabr' – 21 dekabr'), Jadiy (22 dekabr' – 21 yanvar'), Dalv (22 yanvar' – 21 fevral'), Hut (22 fevral' – 21 mart)ga to'g'ri keladi.
Biroq bu tafovutni chegirib tashlagan holda, azaliy oylar nomiga qaytish va ularni joriy taqvimga muvofiqlash lozim bo'ladi. Ya'ni, Sunbula oyining birinchi kuni – 1 avgustga, Javzoning ilk sanasi – 1 mayga to'g'ri keladi, deb qabul qilinishi kerak. Hafta kunlari singari, oy nomlarini ham shu tizim asosida olsak, mantiqqa muvofiq bo'lar edi.
Agar bu taklif ma'qul keladigan va qabul qilinadigan bo'lsa, oylar tarzida o'zining qadimiy va asl o'zbekona nomlanishiga qaytadi.
Dalv (yanvar') Hut (fevral') Hamal (mart) | Savr (aprel') Javzo (may) Saraton (iyun') | Asad (iyul') Sunbula (avgust) Mezon (sentyabr') | Aqrab (oktyabr) Qavs (noyabr') Jadiy (dekabr') |
Buni esa nafaqat siyosiy maqsad uchun, avvalo, milliy qadriyatlarimizni tiklash, o'zbekchilikka yuz burish, til borasidagi ishlarimizni bir yo'nalishli qilib sarishtalashga intilish, deb tushunish to'g'ri bo'ladi. Afsuski, hozir bu borada palapartishlik bor: fasllarni Bahor, Yoz, Kuz, Qish, hafta kunlarini esa Yakshanba, Dushanba, Seshanba, Сhorshanba, Payshanba, Juma, Shanba deb ataymiz va aytamiz, oylarning nomini esa hamon ruscha aytib, ruscha yozib yuribmiz...
Darvoqe, yaqinda kirib kelgan HAMAL oyi muborak bo'lsin!
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
adabiyotshunos
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0