Qo'riqlash tizimidagi asosiy vakolatlar IIv ga berildi
7 aprel' kuni bo'lib o'tgan Senat majlisida «Qo'riqlash faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun ma'qullandi.
Ushbu qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks, shuningdek «Ichki ishlar organlari to'g'risida», «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida» hamda «Qo'riqlash faoliyati to'g'risida»gi qonunlarga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritilishi belgilanmoqda.
Yangi tartibga ko'ra, ayrim ma'muriy huquqbuzarlik ishlarini ko'rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo'riqlash departamenti mas'ul xodimlariga beriladi. Jumladan, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish, ov va baliq ovlash qoidalarini buzish, hayvonot dunyosidan foydalanish tartiblariga rioya qilmaslik, shuningdek daraxt va butalarni noqonuniy kesish yoki shikastlantirish kabi holatlar shu toifaga kiradi.
Shu bilan birga, qonunlarga kiritilayotgan o'zgartishlar asosida Milliy gvardiyaning Qo'riqlash bosh boshqarmasi qayta tashkil etilib, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo'riqlash departamentiga aylantirildi. Natijada, qo'riqlash sohasidagi asosiy vazifa va vakolatlar ushbu tuzilmaga o'tkazildi.
Bundan tashqari, litsenziyalashga oid qonun hujjatlarida ham yangiliklar ko'zda tutilgan. Endi alohida muhim va toifalangan ob'ektlarda qo'riqlash texnik vositalarini loyihalashtirish, o'rnatish, ta'mirlash va xizmat ko'rsatishga ruxsat berish vakolati Milliy gvardiyadan Ichki ishlar vazirligiga o'tadi. Shuningdek, mazkur faoliyatni boshlash yoki tugatish haqida Ichki ishlar vazirligini xabardor qilish tartibi joriy etiladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0