Sog'inch
Yoz faslining yana bir go'zal tongi otmoqda edi. Kimdir meni tinmay chaqirar , men esa “labbay” deya uyqu aralash javob qaytarar edim. Bu mayin sas Oyijonimning ovozi ekanligini ilg'adim. Ko'zlarimni ochishga qanchalik urinmayin baribir foydasiz. Keyin o'sha ovoz yanada balandladi: “Maftuna, qizalog'im, tura qol, darsga kech qolasan”. Сho'chib uyg'ondim. O'zimni xuddi o'z uyimdagidek his qilardim. Ko'zlarim tentirab oyimni qidirardi.
Birozdan so'ng hushim joyiga keldi. “E, tentak, sen Toshkentga o'qishga kelgansan. Oying Surxondaryoda bo'lsa”, deb o'zimni koyidim. Kecha rosa charchabman, hattoki budilnikning qulog'im ostida betinim jiringlashi ham uyg'ota olmabdi. Agar Oyijonimning ovozi yangramaganda imtihonga aniq kech qolar va uni qayta topshirgunimcha rosa ovvora bo'lardim.
Maktab chog'larimda har kuni Oyim uyg'otardi. Nonushta dasturxonida, holvaytar, tandirdan endigina uzilgan issiq non, shirinliklar. Men ularni mazza qilib tanovul qilgach, maktab tomon yo'l olardim. Shu vaqtlarni judayam sog'indim, ayniqsa, holvaytarni...
ONA — baribir ona ekan. Olisda bo'lsangiz ham uning mehri, qalbi sizdan uzoqlashmas ekan.
O'zJOKU talabasi
Maftuna Xushboqova
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0