ShUShADA YANGI TAShKILOTGA ASOS SOLINDI
Ozarbayjonning madaniy poytaxti Shusha shahrida Qozog'iston, Ozarbayjon, Turkiya va O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi o'rtasida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotini tuzish to'g'risida Bitim imzolandi
Turkiy tilli davlatlar o'rtasidagi o'zaro muloqotlar, muammo va rivojlanish istiqbollarini birgalikda belgilash, aloqalarni rivojlantirishga ustuvor masala sifatida qaralayotgani e'tirofga loyiq ish, albatta. Shuni alohida aytish kerakki, tashkil etilgan ilk yillarda, faqat mafkuraviy ruhiyat asosiga qurilgandek taassurot uyg'otgan mazkur tashkilot — Turkiy davlatlar tashkiloti bugunga kelib, chin ma'noda iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy xalqaro institutga aylanib borayotganini ko'rishimiz mumkin. Birlashmaning nufuzi, xarakteri va unga bo'lgan e'tiborning ortishida O'zbekistonning sezilarli ta'siri bor. Ammo hozir gap bu haqda emas.
Gap ayni tashkilot o'z faoliyatini jadal kengaytirayotgani haqidadir. Bir zamonlar qiziqish doirasi mafkuraviy, ochiqroq aytganda, ko'proq etnomadaniy xarakterni aks ettirgan bu tashkilot ayni damda barcha jabhalarda juda faol. Buni tashkilotga a'zo davlatlar kasaba uyushmalari federatsiyalari hamkorligi misolida ham ko'rish mumkin.
Shu yilning 27-30 iyul' kunlari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi ayni nuqtai nazardan tarixiy ahamiyat kasb etdi, deyish mumkin.
Qirg'oqlarini Kaspiy dengizi yuvib turadigan Boku bir qarashda, o'zida ham Sharq, ham G'arb me'moriy an'analarini uyg'unlashtirgan shahar o'laroq taassurot qoldirdi menda. Keyingi yillarda shaharsozlik xiyla rivojlangan. Buni barcha yirik postsovet kentlarida uchratadiganimiz sovet an'anaviy arxitekturasining ko'zdan panaroqqa o'tganida ham anglash mumkin. Keng va ravon ko'chalar, shaharning sokin va ozodaligi, boshkentning o'ta madaniyat va did bilan loyihalashtirilgani Boku o'zining yangi umrini boshlayotganidan darak berib turardi, go'yo.
Harorat Toshkentga nisbatan besh-olti daraja pastroq bo'lsa-da, havo dim. Bu namlikning yuqoriligi hisobiga bo'lishi mumkin.
Delegatsiyamiz poytaxtdagi «Fairmont» mehmonxonasiga joylashdi. Bu yerda bizdan tashqari, turkiyalik, qozog'istonlik hamda qirg'izistonlik mehmonlar, hamkasblarimiz ham qo'nim topishdi. vaqt tig'iz bo'lgani uchun ishga tez kirishildi. Federatsiyalar rahbarlarining muloqotlariga tarmoq kasaba uyushma vakillari ham qo'shilishdi.
28 iyul' kuni tongdan mehmonlarning Ozarbayjonning birinchi prezidenti Haydar Aliev mangu qo'nim topgan Xotira maydoniga tashrifi uyushtirildi. Ushbu maydonning mahobati qardosh elning o'z ulug'lariga bo'lgan cheksiz ehtiromi ramzi o'laroq kishida chuqur taassurot uyg'otishi tabiiy. Mehmonlar maydonda dafn etilgan Haydar Aliev, umuman, Alievlar sulolasi vakillari, ushbu xalq tarixida o'zidan katta iz qoldirgan aziz insonlar xotirasini ham yodga oldilar.
Ushbu manzilga uzoq bo'lmagan yana bir ziyoratgoh — Shahidlar xotirasi maydoni mehmonlarning ikkinchi qadamjosi bo'ldi. Mazkur maydon Ozarbayjonning mustaqilligi va ozodligi uchun jonini qurbon qilgan millat qahramonlari xotirasiga barpo etilgan. Suratlari qatorlashtirilib tizib chiqilgan marhum qahramonlarning yoshlari, ijtimoiy mavqelari turlicha bo'lsa-da, ularni birlashtirib, bir joyga jamlab turadigan bir sana bor: 1990 yil, 20 yanvar'. Ular shu kuni hayotdan ko'z yumganlar...
Albatta, «qayta qurish» oyoqlab sobiq ittifoq «qulayotgan» kezlarda bu o'lkada yuz bergan suronli voqealarni ko'pchiligimiz yaxshi eslaymiz. Ozarbayjon xalqiga mustaqillik, bugungi ozodlik o'z-o'zicha kelmagan. Unga katta yo'qotishlar, sitamli ayriliqlar evaziga erishilgan. Maydondan 1992 yilda Tog'li Qorabog'da bo'lib o'tgan qonli to'qnashuvlar qurbonlariga ham alohida o'rin berilgan.
Ozar do'stlarimiz o'zlariga yaqin deb bilgan biz qardoshlarni shu kuni Ozarbayjon xalqining qalb qo'ri tikilgan Tog'li Qoraboqqa taklif etishdi. Bunda katta ramziy ma'no bor edi, albatta. Ochig'i, poytaxtdan qariyb 400 chaqirim narida joylashgan bu o'lkaga safar vatanni, uning bir qarich yeri, bir siqim tuprog'ini muqaddas biladigan xalqlarimizning yurtga bo'lgan sadoqati, mehrini ifoda etish uchun ham arzirli manzil edi, nazarimda. Manzil bo'ylab o'tgan yigirma sakkiz yillik mojarolarning izlarini o'z ko'zimiz bilan ko'rdik. Ha, bu dahshatli urush va notinchliklar oqibati o'laroq, minglab xonavayron qilingan uy-joylar, butun-butun qishlog'u ovullar, haligacha «yopiq» muhri urilgan minglab gektar minadan tozalanmagan yoki xavfli hisoblangan dalayu qir-adirlarning ko'z oldingizda namoyon bo'lishi odamni ko'p o'y-xayollarga yetaklashi tabiiy edi. Bir paytlar bu manzillarda yettita aholi punkti bo'lgan va ularda qariyb bir million aholi yashagan.
Tog'li Qorabog' deb nomlashga o'rganilgan ushbu hududga kiraverishda har bir kishi jiddiy tekshiruvdan o'tkazilar ekan. Buni tushunish mumkin. Ammo qat'iylashtirilgan tartib-qoidalar o'z yo'liga, bu hududda hayotning qayta izga tushishiga, xususan, bunyodkorlik, qurish-qurilishga ta'sir etayotgani yo'q. Qariyb yuz kilometrdan ko'proq masofada mamlakatning qurilish salohiyati bo'y ko'rsatib turibdi. Eng avvalo, yo'l infratuzilmasi yaxshilanmoqda. Baland tog'li hududlarga yetgach, Ozarbayjon yo'lchilariga ofarin, deyishdan boshqa baho topmadik.
Ochig'i, oz fursatda tog'lararo o'ta sifatli, nishabliklar, past-u balandliklarning barcha injiqliklariga va zamonaviy shartlarga javob bera oladigan yo'l bizni ajib xayollarga chorladi. Balki, mavridi emasdir, ammo birgina shu yo'lning o'ziyoq qardosh do'stlarimizning ushbu tarixiy g'alaba bois mustahkam birdamlikka erishganidan dalolat berib turar edi. Yo'l har qanday davrda ham mamlakatning iqtisodiyotida, rivojlanishida muhim belgi bo'lib xizmat qiladi. Muhim belgiki, unga juda ko'p muammolarning bosh yechimi sifatida ham qaraladi. Shu ma'noda, Ozarbayjon yo'lchilari millat va xalqning ishonchini to'la oqlay olayotgan mard va jasoratli kishilar ekaniga guvoh bo'ldik va ularning mehnatiga tahsinlar aytdik.
Shusha shahri bugun ushbu o'lkaning madaniy markazi hisoblanadi. Ushbu shaharning qiyaliklar va pastu balandliklar ustida qurilayotgan ma'muriy va maishiy-madaniy bino-inshootlari, maktab va bog'chalari, sayyohlik ob'ektlari ham did bilan hamda uzoqni o'ylab, pishiq-puxta va zamonaviy talablar darajasida bunyod etilmoqda. Meni, ayniqsa, shahar ahlining madaniyati xursand qildi. Hali to'la asfal't yotqizilmagan ko'chalarga chang ko'tarilmasligi uchun peshma-pesh suv sepilmoqda. Mehmonxonalardagi sharoitlar esa Yevropa standartlari bilan bemalol bo'ylashadi. Imoratlar yaqin chorak asrda qayta ta'mirga ehtiyoj sezmaydigan darajada ko'rkam, salobatli va eng muhimi, mustahkam qurilmoqda. Bu katta yutuq.
Shusha tumani ma'muriyati binosida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari Federatsiyalari tashkilotiga asos solindi. O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qozog'iston kasaba uyushmalari rahbarlari va vakillari bu xususdagi shartnomani imzoladilar. Qirg'iziston vakillari kuzatuvchi maqomida bo'lishdi.
Ushbu hujjatni mamlakatimiz tomonidan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev imzoladi. U marosimda so'zga chiqib, qardosh hamkasblarga O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov va besh yarim million a'zosi bor tashkilotimiz nomidan qizg'in salom va tabrikni yetkazar ekan, yangi tashkilotning ta'sis yig'ilishini O'zbekistonda o'tkazish taklifini ilgari surdi.
Bu voqelik muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zero, ildizi bir bo'lgan qardosh xalqlar o'rtasidagi yana bir hamkorlikka asos solinmoqda. Bundan buyon ushbu tashkilotning maqomi belgilanib, o'zaro hamjihatlikda nizomi ishlab chiqiladi. Ozarbayjon kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Sattor Muhibaliev o'z so'zida mazkur tarixiy bitimning ahamiyati haqida to'xtalar ekan, bu qadam davlat rahbarlarining yaqinlik va hamjihatlik sari yuz tutayotgan izchil siyosatiga hamohang tarzda amalga oshayotganini qayd etdi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning Turkiy davlatlar tashkilotini yanada rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini e'tirof etar ekan, ushbu shaharda O'zbekiston tomonidan qurilayotgan maktab aynan mana shu yakdillikning o'ziga xos namunasi ekanini ta'kidladi.
Shushadan katta taassurotlar bilan qaytayotganimizda ko'ngilimizdan ajib hissiyotlar kechdi. Xalqimizda purhikmat va asrlar osha o'z isbotini topgan gap bor: «Bir kun janjal bo'lgan uydan qirq kun baraka ketadi». Agar yurtda urush bo'lsa-chi?.. Ozarbayjon qariyb 30 yillik jarohatdan endi tiklanish sari yuz tutayotgan bir oila, xonadon yanglig' namoyon bo'lmoqda edi.
Darhaqiqat, yurt tinchligiga teng keladigan boylik yo'q.
Jarayonlar esa davom etadi. Muhimi, biz o'z do'stlarimizga yanada yaqinlashmoqdamiz.
Xayrli bo'lsin!
Husan ERMATOv
Toshkent — Boku — Toshkent



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0