To'y kunidagi ajoyib va g'aroyib odatlar
Har bir mamlakatda to'y marosimi turlicha o'tkaziladi. Boshqa ellarning o'z irim-sirimlari, odatlari mavjud. Bugungi sahifamizda dunyo bo'ylab to'y marosimlariga nazar tashlaymiz.
Ispaniya
To'y marosimi vaqtida yosh kelin kuyov o'zaro 13 ta tanga almashishadi. Bu tangalar arras deb ataladi. Ushbu udum er-xotin kelajakda ham oila sifatida birlikda bo'lishini anglatadi. To'y arafasida norasmiy ravishda Polterabend nomli bazm o'tkaziladi. Unda farfor idishlar sindiriladi. Keyin juftlik shu singan bo'laklarni birgalikda yig'ishtirib chiqishadi.
Slovakiya
To'y tamaddisidan so'ng mehmonlar bokallarni sindirishga tushishadi. Bu yerlik kelin-kuyovlar ham bokal siniqlarini birgalikda yig'ib olishi odat tusiga kirgan. Yana bir irim bor: agar to'y marosimi “r” harfi ishtirok etgan oyda o'tkazilsa (masalan, yanvar', mart, sentyabr'…), u holda turmush omadli o'tishiga ishonishadi.
Italiya
Kelin-kuyov birinchi kechani o'tkazadigan yotoq jildlarini ikkita turmushga chiqqan ayol to'shashi kerak. Kelin o'z nikoh ko'ylagiga igna tekkizmasligi shart. Yo'qsa, qancha chok tikkan bo'lsa, umri davomida shuncha ko'zyosh to'kadi, degan irim mavjud.
Frantsiya
Kelin kuyovning do'st va dugonalari tort bo'lagi, shampan, vino, pishloq va sabzavotlarni yig'ib bitta idishga soladilar. Yosh juftlik esa ushbu aralashmani katta idishdan birgalikda ichishlari kerak.
Shexiya
An'anaviy to'y torti o'rniga bu yerlik kelin-kuyovlar bir birini ugrali sho'rva bilan siylaydilar. Bu taom ularning birgalikda iste'mol qilgan birinchi yeguligi bo'lishi kerak.
Gollandiya
To'y marosimida ochiladigan shampan vinosining qopqog'i o'sha kecha kelin-kuyov uxlaydigan yostiqning tagiga qo'yib qo'yiladi. Bu bilan er-xotin o'zaro muhabbatli hayot kechirishiga ishora qilishadi.
Shvetsiya
Bu yerda ham g'alati bir odat bor. Agar to'yga taklif etilgan biror qiz qachonlardir kuyovni sevgan bo'lsa, u holda to'yda qizil ko'ylak kiyishi ma'n etiladi. Bu bilan endi kuyov bilan o'rtalaridagi munosabat o'tmishda qolganini bildirishadi.
Braziliya
To'ydan so'ng kelinchak an'anaga ko'ra orqadagi qizlarga guldasta otmaydi. Uning o'rniga avliyo Antoniyaning plastik haykalchasini otadi. Uni tutib olgan qiz esa keyingi bo'lib turmushga chiqishiga ishonishadi.
Hindiston
To'y marosimi 3-5 kun davom etadi, ammo bor yo'g'i 2-3 soatdan o'tkaziladi. Shimoliy Hindistonda kuyov o'z do'stlari bilan kelinning uyiga gullar bilan bezatilgan tulporda kirib keladi. Kuyovnavkarlar mushaklar otib, qo'shiqlar kuylashadi.
O'zbekiston
Bizning diyorda ham ajoyib odatlar yo'q emas. Masalan, kelin-kuyov chimildiqqa kirishdan avval “oyoqbosar” odati o'tkaziladi. Unda kim birinchi bo'lib juftining oyog'ini bosishga ulgursa, o'sha oilada yetakchi bo'lishiga ishonishadi. Shuningdek, kuyov kelinga asal, novvotli choy ichiradi. Bu bilan turmushlarining shirin bo'lishiga ishora qilishadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0