Tarmoq kelishuvi sabab xodim ikki yil nafaqa oldi
Odatda «Kasaba uyushmalari bizga nima qilib beradi?» deb norozi bo'ladigan kishiga duch kelsam, «O'zi jamoa shartnomasini o'qib ko'rganmisiz?» deyman.
Keyin ayrim imtiyozlarni sanab beraman. Masalan, sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda sog'liqni saqlash vazirligi o'rtasida tuzilgan tarmoq kelishuvida belgilangan ko'plab imtiyozlar mehnat qonunchiligida yo'qligini aytaman. Xususan, «Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida»gi qonunning 33-moddasida xodimning sog'lig'iga yetkazilgan zarar o'rnini qoplash uchun bir yo'la beriladigan nafaqa to'lovi uning bir yillik ish haqidan kam bo'lmasligi ko'rsatilgan. Tarmoq kelishuvida esa bu miqdor ikki yillik ish haqidan kam bo'lmasligi belgilangan.
Kengashimizga murojaat yo'llagan Qabul Otajonov manfaatlarini himoya qilish jarayonida tarmoq kelishuvida belgilangan imtiyozlarni asos sifatida keltirdik. Gap shundaki, Q.Otajonov 2023 yil iyun' oyidan Respublika tez tibbiy yordam markazining Xorazm viloyati filialida haydovchi bo'lib ishlab kelgan. O'sha yil 17 dekabrda filialning maxsus brigadasi xodimlari I.Abdullaev, B.Saidjanova bilan xizmat vazifasini bajarish uchun ketayotgan vaqtida baxtsiz hodisaga uchragan. Oqibatda haydovchi og'ir tan jarohati olgani tufayli 100 kundan ortiq davolangan. 2024 yil 3 mayda tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan II guruh nogironi (40 foiz mehnatga layoqatsiz) darajasi belgilangan. Ammo...
O'rganishlar davomida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi 80 foizdan to'lab kelingani aniqlandi. Kasaba uyushmasining sa'y-harakati bilan nafaqa 100 foizdan qayta hisoblanib, o'rtadagi farq qoplandi. Sug'urta kompaniyasidan esa jami 43 million 288 ming 851 so'm nafaqa puli undirib berildi.
Bundan tashqari, tarmoq kelishuviga asosan, xodim foydasiga yana bir yil uchun jami 34 million 53 ming 490 so'm tovon puli undirish maqsadida tegishli tartibda sudga da'vo-ariza kiritildi va u qanoatlantirildi.
“Men kasaba uyushmasi shunchalik qudratli, a'zolar manfaatlarini himoya qilish uchun oxirigacha turib beradigan tashkilot ekanligini bilmasdim. Agar asaba uyushma tashkiloti bo'lmasa bu pullar menga berilmagan bo'lardi, umuman, shunday huquqlarim borligini bilmasdim ham”, - deya e'tirof qildi Qabul Otajanov sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisiga yozgan minnatdorchilik xatida.
Halilulla ISAKJANOv,
O'zbekiston Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi
Respublika Kengashining Xorazm viloyati bo'yicha mehnat texnik inspektori



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0