Turkiyadan qaytgan vatandosh: “Ko'z tegmasin, odamlarda besh yil oldingi tushkunlik yo'qolgandek”
Uzoq yillardan buyon Turkiyada yashayotgan samarqandlik jurnalist Sitora Alixonzoda yaqinda O'zbekistonga keldi va o'z kechinmalari bilan bo'lishdi. Maddohlikka ehtiyoji yo'q, xolislikka hamisha yondoshgan qalamkashning so'zlarida har birimiz o'ylab ko'rsak arziydigan jihatlar bor.
“Hoy Vatandosh! O'zbekistonda qanday ne'matlaru fayz-barakot ichida yashayotganingizdan xabaringiz bormi? Bilmasangiz, mana men aytayapman: O'zbekistondaqa makon, bundayin yurt boshqa joyda yo'q!
Ehtimol, tashrifimiz yoz fasliga to'g'ri kelgani uchundir, bilmadim, o'zimizda hayot ancha to'kin-sochindek tuyulyapti. Dasturxonlarimiz fayzli, pulimiz barakali.
Qish faslida gaz, svet muammosi bo'lmasa, sog'liq va ta'lim tizimida sifat yaxshilansa hamda korruptsiya (poraxo'rlik, tanish-bilishchilik) tugatilsa, O'zbekiston haqiqatan jannatmakon degan sifatga munosib davlat bo'ladi.
Yana kuzatib shu xulosaga keldimki, bizning insonlar ancha mehnatkash, toparmon-tutarmon! Samarqand shahri va tumanlarini aylanib, oxirgi ikki yilda juda katta o'zgarishlar bo'lganiga, bo'layotganiga guvoh bo'ldim. Eng muhimi, aholining turmush darajasi o'sgan.
Buni o'zimcha ikki holat bilan izohlayapman:
- Odamlarimiz chetga ko'p chiqishi (ish, sayohat, ziyorat va hokazo) o'zining ijobiy ta'sirini ko'rsatgan;
- Yoshlar, ya'ni hozirgi avlodning zamon bilan hamnafasligi, oldingilarga nisbatan ko'proq yaxshi, chiroyli va yengil hayotga intilishi, yangilikka o'chligi sabab ...
Bizda o'sish va ilgarilash kuchli. Turkiyada biz yashaydigan bir tuman yoki shahar bilan qiyoslaydigan bo'lsam, besh yil ichida bu yerda (o'zimizdagi) o'zgarish, rivojlanish ancha baland, sezilarli darajada ekanini yaqqol farqlash mumkin.
Agar shu suratda ketadigan bo'lsa, kelajakda yanayam zo'r, maksimal darajadagi yangilanishlar bo'lsa ajabmas. Odamlarning kayfiyati ham yaxshi tomonga o'zgargan.
(Bilmadim, buni nima bilan bog'lasa bo'ladi). Besh yil oldin odamlarda tushkunlik, agressivlik elementlari ustunlik qilardi. Hozir esa aksincha(dek).
Meni eng hayron qoldirayotgan oziq-ovqat, hatto kiyim-kechaklarda narx-navoning stabil turishi bo'ldi. Besh yil oldingi narxlar bilan deyarli farq sezilmaydi.
O'sha paytlar ham bitta oddiy ro'molni 35-40 ming so'mga olardim, kecha bozordan uchta ro'mol(sharf)ni kelishtirib 120 mingga oldim (9 $). Turkiyada esa bittasini 5- 8$ atrofida olasiz.
O'g'lim mevali yogurt ichadi. Kunida 3-4 butilkadan. Turkiyada eng arzonini 25 TL (76 tsent)dan olardik. Bu yerda esa 6 mingdan boshlanar ekan (48 tsent).
Kilogramga o'lchab kiyim sotadigan libos do'konlari bor ekan. 250 mingga, bir kilo - bir dunyo xitoy, o'zbek kiyimlaridan oldim. Sifati ham yomonga o'xshamaydi. Dizayni bo'lsa turk liboslariga qaraganda ancha chiroyli, bejirim.
Xullas, nimaniki solishtirmay o'zimizda narxlar ancha ma'qul bo'lib chiqyapti.
Turmush o'rtog'im 800-1000 dollar atrofida maosh oladi. Lekin o'sha maosh bilan ro'zg'or va boshqa xarajatlarni oyiga uchma-uch yetqazamiz. Bu pul bilan esa O'zbekistonda bir oyda shohona yashash mumkin. Shunga xo'jayinga yozib yubordim: Endi
Turkiyaga bormayman. Siz keling deb). Qaytib borsam ham endi ko'zim orqada qolsa kerak. Ehhh…
O'zi Turkiyaga, turklarga, turkcha madaniyat va odatlarga, ayniqsa, ovqatlariga zo'rg'a ko'nikkan edim-a! Endi yana boshidan boshlashga to'g'ri keladi” – deya o'z postini yakunlagan vatandoshimiz.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0