«Usmon mushafi» uchun asrlar osha kurash: O'zbekistonga bu muqaddas kitob qanday kelib qolgan?
Bugun Toshkentda saqlanayotgan, bir necha asrlik tarixga ega muqaddas «Usmon mushafi» qanday manba? U O'zbekistonga qanday kelib qolgan? Mazkur maqolada bir qator manbalarga tayangan holda, ushbu savolga javob topishga harakat qildik.
Qur'on — arabcha qiroat, o'quv degan ma'noni anglatib, unda islom shariatining asosiy manbalari o'z ifodasini topgan. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlik chog'larida uning targ'ibotlari ma'lum tartibda yozib borilmagan, ular omma orasida faqat og'zaki tarqalgan, uning ba'zi targ'ibotlarigina turli ma'lumotlar va ashyolar (tosh, sopol, taxtakach, pergament va boshqalarga)ga yozib kelingan. Muhammad alayhissalomning targ'ibotlarini tartibga solib yozish Muhammad alayhissalom hayotlarining so'nggi davrlarida unga kotiblik qilgan Zayd ibn Zobitga topshiriladi. Xalifa Abu Bakr tomonidan topshirilgan bu vazifadan keyin 632 yilda birinchi marta Qur'onning to'la bo'lmagan xomaki nusxasi paydo bo'ladi. Manbalarda u «Suhuf» deb tilga olinadi. Keyinchalik boshqa nusxalar ham paydo bo'ladi. Xalifa Usmon davriga kelib, Qur'onning hozirgi nusxasini yozib tugallash muammosi hal qilinadi. Xalifa Usmon Qur'on matnlarini yig'gan ba'zi shaxslar bilan mavjud to'plamlarni taqqoslab, yagona matn yaratishni Zayd ibn Zobitga zimmasiga yuklaydi. Matn tayyor bo'lgach, 651 yilda Qur'on kitob shakliga keltiriladi. Bu tarixda «mushaf» ko'pincha, «Usmon mushafi» nomi bilan yuritiladi. Mazkur to'plamni tuzish yakunlangach, Xalifa ushbu to'plamdan farq qiluvchi barcha to'plamlarni yo'qotish haqida buyruq beradi. Mazkur «Usmon mushafi» rasmiy ravishda muqaddas kitob sifatida e'tirof etilgan.
Qur'on va mustaqillik
Asrlar mobaynida Qur'oni Karim kitobi dunyodagi barcha xalqlarning diqqat e'tiborini o'zigaqaratib kelmoqda. Darhaqiqat, U 1698 yilda lotin tiliga, 1770-1828 yillar orasida sakkiz marta frantsuz tiliga, 1734-1826 yillarda o'n marta ingliz tiliga, 1946 yilda nemis tiliga, 1716-1986 yillarda yetti marta rus tiliga tarjima qilingan. O'zbek xalqining qariyb 1300 yilga yaqin tarixi islom dini va madaniyati bilan bevosita bog'liq bo'lsa-da, sobiq sho'ro davrida «Din — xalq uchun afyundir», degan markscha-lenincha g'oya asosida islom dini va muqaddas Qur'oni Karim kitobini ommadan uzoqda sir saqladilar. Faqat mustaqillik sharofati tufayli xalq Qur'onning «Usmon mushafi»ni 1992 yilda o'z ona tilida o'qish imkoniyatiga ega bo'ldi. Qur'onning «Usmon mushafi» bugungi kunda Toshkentda mamlakat musulmonlar idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
Ammo savol tug'iladi: O'zbekistonga bu nusxa qanday kelib qolgan? Bu masaladagi rivoyatlar ham har xil.
Birinchi rivoyat: Misr podshosi Zohir Baybars As-Solihiy saroy xoni Barakotxon bilan do'stlashib qoladi, ular bir-biriga sovg'alar yuborib turadi. Zohir Baybars sovg'alarining birida Сhingizxon avlodidan birinchi bo'lib islomni qabul qilgan do'stiga Usmon mushafini jo'natadi. 1395 yilda sohibqiron Amir Temur To'xtamishxonni tor-mor keltirgach, Saroy Berkadan boshqa o'ljalar qatorida Mushafi Usmon Qur'oni Karimini ham Samarqandga olib keladi.
Ikkinchi rivoyat: Shayx Muhammad Murod ibn Abdulloh Ar-Ramziy Usmon mushafi O'rta Osiyoga qanday kelib qolgani haqida quyidagicha yozadi: «Samarqanddan Peterburgga olib ketilgan va hozirda imperator kutubxonasida saqlanayotgan Mushafi Usmon Qur'oni Amir Temur olib ketgan nusxa shu bo'lishi kerak. Bu haqiqatga yaqin taxmindur. Buni inkor qiluvchilarning hech bir qat'iy dalillari yo'qdur».
Uchinchi rivoyat: Bu rivoyat «Golos» gazetasining 1870 yilgi 243-sonida bosilgan. Unda yozilishicha, salkam 400 yil avval Bahovuddin Naqshbandiy diniy jamoasining piri Xo'ja Ahrorning muridlaridan biri hajdan qaytayotib, Rumda, ya'ni Konstantinopolda to'xtaydi. Bu vaqtda Rum hukmdori og'ir dardga chalingandi. Xo'ja Ahrorning muridi uni og'ir darddan forig' etadi. Hukmdor agar shifo topsam, u nimani talab qilsa, so'zsiz bajaraman, deb ont ichgan ekan. Murid esa Qur'oni Karimni berishni so'rabdi. Noiloj qolgan hukmdor vaziri va boshqa yaqin a'yonlari bilan maslahatlashib, Qur'oni Karimni muridga berishga majbur bo'libdi. Murid noyob kitobni darhol Turkistonda istiqomat qilayotgan piriga yuboribdi. Qur'oni Karim ana shu tariqa Xo'ja Ahror masjididan joy olgan ekan.
Ammo taniqli tarixchi olim Hamid Ziyoev bu ma'lumotni «...afsonaga o'xshaydi, chunki Qur'onning asl nusxasini qandaydir muridga berilishiga ishonish qiyin, uni faqat zo'ravonlik bilangina qo'lga kiritish mumkin edi», deydi. Hamid Ziyoev shu munosabat bilan to'rtinchi rivoyatga qo'shilganligini bildiradi.
To'rtinchi rivoyatga ko'ra, Qur'oni Karimni sohibqiron Amir Temur Turkiya sultoni saroyidan keltirgan. U Sulton Boyazid ustidan g'alaba qozongach, Boyazid kutubxonasida saqlanayotgan Qur'oni Karimni Samarqandga olib kelgan. Bu nusxa temuriylar saltanati ag'darilgandan keyin — Xo'ja Ahror masjidiga berilgan bo'lishi mumkin.
Beshinchi rivoyat: Asli toshkentlik, biroq ko'p vaqtlar Iroqda istiqomat qilgan imom Abu Bakr Qaffol Ash-Shoshiy o'z Vataniga qaytishga qaror qiladi va Bag'dod shahridan Mushafi Usmon Qur'oni Karimni o'zi bilan birga olib keladi.
Xullas, boshqa rivoyatlar ham bo'lishi mumkin. Nima bo'lganda ham, muqaddas Qur'oni Karim kitobi 1869 yilga qadar Samarqanddagi Xo'ja Ahror masjidida saqlangan.
Yaqin tarixdagi kurashlar
Samarqand shahrini egallagan general fon Kaufman buyrug'iga asosan kufa yozuvidagi Qur'oni Karimni qo'lga tushirish harakati boshlanadi. 1869 yil 24 oktyabrda fon Kaufman imzosi bilan bu muqaddas kitob Samarqanddan Peterburgga olib ketiladi. 1917 yil oktyabr' to'ntarishiga qadar Mushafi Usmon Peterburgda saqlangan. Ko'p vaqt o'tmasdan Butun Rossiya musulmonlar jamiyatining raisi Usmon Turkumbaev muqaddas kitobni o'z egalariga qaytarishni so'rab, RSFSR xalq komissarlari sovetiga murojaat qiladi.
RSFSR XKS 1917 yil 9-(22) dekabrda muqaddas «Usmon Qur'onini musulmonlar s'ezdiga qaytarib berish to'g'risida»gi hujjatni tasdiqlaydi. Mushafi Usmon Qur'oni shu yili katta tantana bilan Ufa shahriga keltiriladi. Lekin bu bilan Turkiston musulmonlari tinchimadilar. Toshkent, Ufa va Moskva o'rtasidagi bir qancha o'zaro bordi-keldi va yozishmalardan so'ng markaziy hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qarori bilan Qur'on kitobi o'zining haqiqiy vorislari bo'lgan Turkiston musulmonlariga beriladi. Usmon Qur'onini Ufadan Toshkentga olib kelish uchun Toshkent shahar va Sirdaryo viloyati islom jamiyati tomonidan jamiyat raislari shayx Muhammadxo'ja boshchiligida obro'li hay'at tuziladi. Bu hay'atga Zahirutdin A'lam va O'zbekiston hukumati vakili Qosimxo'jaevlar kiradi. 1924 yil 18 avgust kuni Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan sharafli soqchilar kuzatuvida maxsus po'ezd Mushafi Usmonni Ufadan Toshkentga olib keladi. U bir qancha vaqt Toshkentdagi masjidlardan birida saqlanadi, so'ngra xavfsizlik maqsadlarini ko'zlab O'zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga topshiriladi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo'lib o'tgan umumiy Musulmonlar to'rtinchi qurultoyida O'zbekiston hukumatining qarori bilan Mushafi Usmon musulmonlar ixtiyoriga qaytarib berilganligi e'lon qilindi. Hozirda bu muqaddas Mushafi Usmon Qur'oni Movarounnahr musulmonlari Diniy idorasi qoshidagi «Mo'yi Muborak» kutubxonasida saqlanmoqda.
Muqaddas Qur'oni Karim kitobi 114 suradan iborat: har bir sura oyatlarga bo'lingan. Suralarning har biri nomlangan. Qur'oni Karim o'ttiz juz, ya'ni qismga bo'linadi. Buni odatda o'ttiz pora, deydilar. Qur'oni Karim hidoya kitobi bo'lib, ilm-ma'rifatni ulug'laydi. Darvoqe, unda 750 marta «ilm» so'zi takrorlanadi. Islom olamida barcha fanlarning taraqqiyoti Qur'on bilan bog'lab o'rganiladi. Qur'on nafaqat falsafiy, huquqiy yozma yodgorlik bo'lib qolmay, balki unda axloq-odob, ota-ona va qarindosh-urug'larga hurmat, halollik, poklik, to'g'rilik, yetim-esir, kambag'al, miskinlarga muruvvat, birovning haqini yemaslik, omonatga xiyonat qilmaslik, do'stlik, birodarlik kabi juda ko'p g'oyalar o'zining mujassam ifodasini topgan. O'z vaqtida Qur'on O'rta Osiyoda feodal tarqoqlikka qarshi kurashda, markazlashgan feodal davlatlarning vujudga kelishida so'zsiz ijobiy o'rin tutgan. Bugungi kunda ham xalqimizning o'zini anglashida, milliy o'tmish qadriyatlarimizni tiklanishida va O'zbekistonning davlat mustaqilligini mustahkamlashdaQur'oni Karimningahamiyati nihoyatdakattadir.
Toxirbek Ma'rupov, tarixchi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0